Bugun Fransiya poytaxti Parij shahrida shaxmat bo‘yicha o‘tkazilayotgan “Freestyle Chess Grand Slam Paris” turnirining 1-4, 5-8 hamda 9-10-o‘rinlari uchun dastlabki kungi musobaqalar bo‘lib o‘tadi.
Kecha poyoniga yetgan 1/4 finali ikkinchi kungi musobaqalarida keyingi bosqichga yo‘l oladigan, ya’ni 1-4, 5-8, 9-10-o‘rinlar uchun kurashadigan shaxmatchilar nomi aniqlandi.
Kecha nufuzli turnirning to‘rtinchi kungi bahslari 2-tur o‘yinida oq donalarda harakatlangan Nodirbek Abdusattorov Magnus Karlsen bilan kuch sinashdi.

Aytish lozim, g‘alabaga yaqin kelgan hamyurtimiz oxirgi yurishlar holatida murosaga rozi bo‘ldi. Bu esa o‘z navbatida, Karlsenga g‘oliblik yo‘lidagi kurashni davom ettirishini, Abdusattorovga 5-8-o‘rinlar uchun da’vogarlikni taqdim etdi.
1/4 finalning Vinsent Keymer – Yan Nepomnyashiy, Arjun Erigaisi – Xikaru Nakamura, Maksim Vashe-Lagrav – Fabiano Karuana qarama-qarshiligidagi bahslar natijasida Keymer, Nakamura va Karuana yarim finalga yo‘l oldi.

Bugun o‘tkaziladigan yarim finalda Magnus Karlsen Fabiano Karuana bilan, Vinsent Keymer Xikaru Nakamura bilan finalchilarni aniqlab beradigan dastlabki o‘yinda ro‘baro‘ kelsa, 5-8-o‘rinlar uchun kechadigan ilk bahslarda Abdusattorov – Maksim Vashe-Lagrav va Yan Nepomnyashiy – Arjun Erigaisi qarama-qarshiligidagi o‘yinlar bo‘lib o‘tadi.

Shuningdek, 9-10-o‘rinlarga da’vogarlik uchun kurashda Ramishbabu Praggnanadxa Vidit Gudjaratini, Richard Rapport Gukesh Dommaradjuni mag‘lubiyatga uchratdi.
Umumiy mukofot jamg‘armasi 680 ming AQSH dollaridan iborat turnir 14 aprelga qadar davom etadi.
Eslatib o‘tamiz, xalqaro turnirda g‘oliblikka erishgan shaxmatchi 200, 2-o‘rin sohibi 140, 3-o‘rin 100, 4-o‘rin 60, 5-o‘rin 50, 6-o‘rin 40, 7-o‘rin 30, 8-o‘rin 20, 9-o‘rin 15, 10-o‘rin 10, 11 va 12-o‘rindan joy olganlar 7500 AQSH dollariga ega chiqadi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA