Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Abdusaid Ko‘chimovga yuksak faxriy unvon topshirildi
14:38 / 2021-05-15

O‘zbekiston Milliy axborot agentligi – O‘zA bosh direktori Abdusaid Ko‘chimov bugun qutlug‘ 70 yoshni qarshiladi.

Shu munosabat bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning farmoni bilan A.Ko‘chimov “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi” faxriy unvoni bilan taqdirlandi.

Yubiley munosabati bilan O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi anjumanlar zalida tantanali marosim tashkil etildi. Unda davlat va jamoat tashkilotlari rahbarlari, ommaviy axborot vositalari bosh muharrirlari, yubilyarning shogirdlari ishtirok etdi.

Marosimda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining yoshlar, fan, ta’lim, sog‘liqni saqlash, madaniyat va sport masalalari bo‘yicha maslahatchisi Abdujabbor Abduvohidov, Prezident Administratsiyasi rahbarining o‘rinbosari - O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Matbuot kotibi Sherzod Asadov, Prezident maslahatchisining o‘rinbosari Abdurashid Jo‘raboyev ishtirok etib, Abdusaid Ko‘chimovning milliy matbuotimiz rivojiga qo‘shgan ulkan hissasi, sohaning zamon talablari darajasida faoliyat yuritishi yo‘lida samarali mehnat qilayotgan juda ko‘plab jurnalistlarga ustozlik qilganini alohida e’tirof etishdi.

[gallery-2413]

Shu ma’noda A.Ko‘chimovga Prezidentimiz farmoni bilan berilgan faxriy unvonda katta ramziy ma’no bor.

Prezident maslahatchisi A.Abduvohidov yubilyarga Davlatimiz rahbarining tabrigini yetkazish bilan birga “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi” faxriy unvonini tantanali ravishda topshirdi.

Tadbirda ishtirok etgan O‘zbekiton Milliy teleradiokompaniyasi raisi Alisher Xo‘jayev, O‘zbekiston axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori Asad Xo‘jayev, “Xalq so‘zi” gazetasi bosh muharriri O‘tkir Rahmat, “Yangi O‘zbekiston” gazetasi bosh muharriri Salim Doniyorov, “Ishonch” gazetasi bosh muharriri Husan Ermatov, “Guliston” jurnali bosh muharriri Mamatqul Hazratqulov va boshqalar yubilyarning inson sifatida, ijodkor sifatida, rahbar sifatidagi fazilatlari, kamtarligi va samimiyligi haqida so‘zlab, uni qutlug‘ yoshi bilan muborakbod etishdi.

O‘zA jamoasi ustozni yana bir bor tavallud ayyomlari bilan qutlaydi! Yuksak mukofot muborak bo‘lsin!

Norgul Abduraimova, O‘zA