English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Abdurahmon ibn Yaqub: Termiziylar asarlarini, Imom Termiziy to‘plagan hadislarni o‘qib voyaga yetganmiz
09:46 / 2025-02-03

Joriy yilning 31 yanvaridan 7 fevraligacha mamlakatimizning Surxondaryo, Qashqadaryo, Samarqand, Buxoro viloyatlari va Toshkent shahridagi Naqshbandiya tariqatining Oltin silsila pirlari ziyoratgohlari bo‘ylab “Naqshbandiya festivali” ziyorat tadbirlari bo‘lib o‘tmoqda.

Prezidentimiz tashabbusi bilan mamlakatimizda yashab o‘tgan buyuk mutafakkir zotlarning hayoti va boy ilmiy merosini o‘rganish, chuqur tadqiqotlar olib borib, jahonga tarannum etishga qaratilayotgan yuksak e’tibor dunyo sayyohlarining yurtimizga qiziqish hamda intilishini oshirishga, ziyorat turizmini yanada rivojlantirishga xizmat qilmoqda. Jumladan, o‘tgan yilning dekabr oyida “Grand Atlas Discovery” turistik kompaniyasi O‘zbekistonning Malayziya va Indoneziyadagi elchixonalari hamkorligida mamlakatimizning ziyorat turizmini keng targ‘ib qilgach, Indoneziya, Malayziya, Hindiston, Marokash, Buyuk Britaniya, Turkiya, Kanada, Bruney va Singapur davlatlaridan 150 dan ortiq tariqat bilimdonlari, olim va shayxlar, talabalar mazkur ziyorat tadbirida ishtirok etish istagini bildirdi.  

Shu maqsadda mamlakatimizga kelgan mehmonlar Surxondaryo viloyatiga safarini benazir alloma Hakim Termiziy hoki qo‘yilgan muqaddas majmuani ziyorat qilishdan boshladi.  

O‘tmishdan ilmu ma’rifat markazi, madaniyat o‘chog‘i sifatida tanilgan O‘zbekistonning janubidagi voha ko‘plab ulug‘ mufassir, muhaddis, mutakallim, mutasavvif va faqihlarga beshik bo‘lgan. Tabarruk bu zaminda yetishib chiqqan ulug‘ olim va mutafakkirlar dunyo ilm-fani hamda islom olami rivojiga katta hissa qo‘shgan. Hakim Termiziy islomiy hikmat va tasavvuf maktabi nazariyasini, Imom Termiziy hadis ilmini rivojlantirgan. So‘fi Olloyor kalom ilmi bilan Xoja Alouddin Attor, Muhammad Zohid, Darvesh Muhammad Imkanagiy, Shayx Abdulhay Chag‘oniyoniy kabi ulug‘ zotlar Naqshbandiya tariqati silsilasining yetuk namoyandalari sifatida tanilgan. Bu tariqat bizning zamonamizda ham jahonning ko‘plab hududlarida keng tarqalgan.  

Dunyoning o‘nga yaqin davlatidan kelgan Naqshbandiy tariqatining izdoshlari Oltinsoy tumanining tog‘li Qo‘sharcha mahallasidagi Xo‘ja Muhammad Mavlono Zohid maqbarasini ham ziyorat qildi.  

Xo‘ja Ahrori Valiyning shogirdi bo‘lgan hazrat Naqshbandiya tariqatining Oltin silsilasida yigirmanchi pir sifatida tilga olinadi. Manbalarda ozg‘in vujudli, rangi oq, soqoli siyrak, taqvo, ilmda zamonasining yagonasi, deya ta’riflangan Xoja Mavlono Muhammad Zohiddan qator asarlar meros qolgan. Ayniqsa, “Tajvidi turki” (“Turkiy qiroat qoidalari”) kitobi muborak Kalom – Qur’oni karimni qiroat qilish, talaffuzi va imlo qoidalari batafsil yoritilgani bilan ilmu toliblarning sevimli asarlaridan biriga aylangan.  

Mo‘’tadilligi, osonligi va sunnatga ergashishdan iborat bo‘lgani uchun Naqshband rahmatullohi alayhining tariqatlari islom olamida keng tarqalgan. U sunnatga ergashishga alohida e’tibor qaratadi.    

Mehmonlar ziyorat amallarini ado etgach, Naqshbandiya tariqati, Naqshbandiy so‘fiylikning mazmun-mohiyati, Mavlono Zohidning ezgu amallari va xislatlari haqida atroflicha fikr almashdi. Mahalla ahli bilan dildan suhbat qurdi. Tog‘li qishloq hunarmandlari mehmonlarga esdalik sovg‘alar ulashdi.  

Denov tumanidagi Namozgoh mahallasida Xoja Alouddin Attor ziyoratgohi joylashgan. Ul zoti ikrom Bahouddin Naqshbandning sevimli shogirdi va kuyovi, ikki buyuk xalifasidan biri va mutasavvif olimdir. Tadbir qatnashchilari muqaddas qadamjoda bo‘lib, ziyorat amallarini bajardi. Sherobod tumanidagi Imom Termiziy majmuasida ulug‘ allomani ziyorat qildi. Shu yerda buyuk ajdodimizning hayoti va hadisshunoslik maktabi to‘g‘risida atroflicha ma’lumot berildi.  

– Muqaddas Islom olamiga benazir olim va fuzalolarni ulg‘aytirib bergan yurtingizga ziyoratga kelganimdan juda xursandman, – deydi malayziyalik Abdurahmon ibn Yaqub. – 72 yoshdaman, Termiziylar asarlarini, Imom Termiziy to‘plagan hadislarni o‘qib voyaga yetganmiz. Bu voha odamlarining madaniyati, mehmondo‘stligi, milliy qadriyatlarini saqlab qolgani juda yoqdi. Orzuim ushalib, shunday aziz insonlar yashagan osuda va obod yurt nafasini olgach, vujudim yengil bo‘lib qolganidan quvonchim cheksiz.  

Shu kuni mehmonlar Qashqadaryo viloyatiga jo‘nab ketdi.  

Xolmo‘min Mamatrayimov,  

O‘zA muxbiri