Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Abduqodir Toshqulov: “Yo‘q narsadan hech narsa yaratib bo‘lmaydi”
14:59 / 2022-02-28

Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri, Kuzatuv kengashi raisi A.Toshqulov akademik va tashkiliy-boshqaruv mustaqilligi berilgan Termiz davlat universiteti Kuzatuv kengashining dastlabki yig‘ilishini o‘tkazdi.

Prezidentimizning 2021 yil 24 dekabrdagi “Davlat oliy ta’lim muassasalarining akademik va tashkiliy-boshqaruv mustaqilligini ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” gi qarori bilan moliyaviy mustaqillik berilgan davlat oliy ta’lim muassasalarining qo‘shimcha vakolatlari belgilandi. Shu kuni qabul qilingan “Davlat oliy ta’lim muassasalariga moliyaviy mustaqillik berish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi qarorga muvofiq mamlakatimizda 35 ta oliy ta’lim muassasasiga moliyaviy mustaqillik berildi. 

Yig‘ilishda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri, kuzatuv kengashi raisi A.Toshqulov mazkur qarorlarning mazmun-mohiyati haqida atroflicha fikr yuritib, moliyaviy, akademik va tashkiliy-boshqaruv mustaqilligi berilgan oliy ta’lim muassasalarining Kuzatuv kengashi faoliyati va vazifalari haqida ma’lumot berdi. Joriy yil boshidan moliyaviy mustaqillik berilgan Termiz davlat universitetining vasiylik kengashi tugatilib, o‘rnida davlat idoralari, jamoatchilik vakillari va homiylardan iborat bo‘lgan yuridik shaxs maqomisiz Kuzatuv kengashi tashkil etilib, tasdiqlandi. 

–Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan oliy ta’limda amalga oshirilayotgan islohotlar sohada hayolimizga kelmagan o‘zgarish va yangilanishlarni yuzaga keltirmoqda, – dedi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri A.Toshqulov. – Bularning barchasi yuqori malakali kadrlar tayyorlashga xizmat qilayotgani bilan ahamiyatlidir. Keyingi yillarda mamlakatimizda 77 ta yangi oliy ta’lim muassasasi ochildi. Agar 2016 yil oliy ta’limda 264 ming talaba ta’lim olgan bo‘lsa, joriy o‘quv yilida ularning soni 815 mingtaga yetdi. Shuningdek, 2016 yil oliy ta’lim muassasalarida 24 ming, ayni paytda esa 34 ming o‘qituvchi va professor fan sirlarini o‘rgatmoqda. Vazirlar mahkamasi ayrim vakolatlarini Oliy ta’lim vazirligiga, vazirlik esa ba’zi vakolatlarini moliyaviy mustaqil bo‘lgan oliy ta’lim muassasalariga bermoqda.  

Yig‘ilishda Termiz davlat universiteti kuzatuv kengashi nizomi, yillik ish rejasi, uzoq va o‘rta muddatli strategik rivojlanish dasturi, xalqaro e’tirof etilgan tashkilotlar reytingining yuqori o‘rinlaridan joy olish bo‘yicha maqsadli chora-tadbirlari, biznes rejasi, daromadlar va xarajatlar parametrlarini shakllantirish va ulardan foydalanish tartibi to‘g‘risidagi Nizomlar, rahbar xodimlari hamda professor-o‘qituvchilari faoliyatining samaradorligini baholash mezonlari (KPI) tasdiqlandi.  

Universitet va uning huzuridagi tashkilotlar rahbar-xodimlari, professor-o‘qituvchilari, xorijiy mutaxassislar uchun mehnatga haq to‘lash miqdori va samaradorlik mezonlariga asoslangan rag‘batlantirish tartiblari belgilandi. Shuningdek, talabalarning yillik kontrakt-to‘lovlarini, xalq xo‘jaligida talab yuqori bo‘lmagan kasb yo‘nalishlarini maqbullashtirish kabi moliyaviy mustaqil bo‘lgan oliy ta’lim muassasasi faoliyatiga oid boshqa masalalar ham ko‘rib chiqilib, tegishli qarorlar qabul qilindi. Shu kuni Oliy ta’lim vaziri viloyatdagi oliy ta’lim muassasalarning o‘tgan yili ilmiy ishlarini himoya qilgan va joriy yilda himoya qilishga tayyorgarlik ko‘rayotgan fan fidoyilari bilan uchrashdi.  
Ta’kidlandiki, davlatimiz tomonidan ta’limga qaratilayotgan yuksak e’tibor chuqur bilim va ma’naviyatli yoshlarni ulg‘aytirib, yuqori salohiyatli kadrlar tayyorlashda muhim omil bo‘lmoqda. Buning uchun ta’lim muassasalarining moddiy-texnik bazasi mustahkamlanib, ta’lim sifati oshirilmoqda. Rahbar xodimlar hamda professor-o‘qituvchilar faoliyatining samaradorligini baholash (KPI) joriy etilayotir. Professor-o‘qituvchilarni ijtimoiy himoya qilish, ilmiy daraja olib, yangilik yaratayotgan o‘qituvchilarni rag‘batlantirish yo‘lga qo‘yilmoqda. 

–Bilasizlar, men ham rektor bo‘lganman, – dedi A.Toshqulov.–Afsuski, bitta chiqindi idishi olishga pul yo‘q edi. Endi mana, mablag‘ bor. Faqat uni maqsadli ishlatish kerak. Poytaxtda 16 qavatli aspirantlar uyi qurishni rejalashtirganmiz. Bu yerda bo‘lajak olimlar uchun barcha zamonaviy sharoitni yaratmoqchimiz. Yo‘q narsadan hech narsa yaratib bo‘lmaydi. Sezyapsizlarmi, endilikda ana shu yo‘q narsalarni topishning halol yo‘llari ega-kesimi bilan belgilab berilmoqda. Pedagog kadrlar tayyorlanadigan oliy ta’lim muassasalarida o‘rta maktablarning darsligi, ilmiy qo‘llanmalari yo‘q. Buning sababini izlasak, maktab darsliklari sotilmas emish. Endi o‘zingiz o‘ylang: Oliy ta’lim muassasasida maktabda o‘tiladigan darslikdan bexabar talaba qanday qilib, ertaga o‘quvchilarga saboq beradi? Aslida ta’lim sifatini shu yerdan boshlashimiz kerak emasmi? Uchrashuvdan foydalanib, yana bir yangilikni yetkazmoqchiman. Yangi o‘quv yilidan boshlab saflaringizda xorijlik eng malakali professor-o‘qituvchilar ham talabalarga dars bera boshlaydi. Ta’limda halol raqobat bo‘ladi. Shuningdek, fanlarni maqbullashtiramiz. Ta’lim sifatiga e’tiborni kuchaytiramiz. 

 Universitet rektori A.Maraximovning aytishicha, ta’lim dargohida 791 professor-o‘qituvchi talabalarga saboq bermoqda. Ularning 34 nafari fan doktori-professor, 137 nafari fan nomzodi va falsafa doktoridir. 2009-2017 yillarda mazkur oliy ta’lim muassasasida bironta ham ilmiy ish yoqlanmagan. O‘tgan yili himoyalar soni 61 tani tashkil etdi. Joriy yilda yana 104 nafar bo‘lg‘usi olimlar o‘z izlanishlarini yakunlab, ilmiy ishlarini himoya qilishga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Universitetda ilmiy ish himoya qilgan o‘qituvchilarni moddiy rag‘batlantirishning yo‘lga qo‘yilgani ham bo‘lajak olimlarning intilish va qiziqishini yanada oshirmoqda.  

Uchrashuvda professor-o‘qituvchilar va yosh olimlarning taklif, tavsiyalari tinglandi. Ilmiy ishini muvaffaqiyatli yoqlagan bir guruh yosh olimlarga guvohnoma topshirildi. Iqtidorli talaba-yoshlar ishtirokida o‘tkazilgan uchrashuv ham ularni yanada ko‘proq o‘qib, izlanishga ruhlantirdi. Ta’lim sifati va samaradorligini oshirish bo‘yicha ko‘plab takliflar bildirildi. A.Toshqulov universitetning davlat va nomdor stipendiantlarini yutuqlari bilan samimiy tabriklab, ularga stipendiant guvohnomasini tantanali topshirdi. 

Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri A.Toshqulov Termiz davlat universitetida amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari bilan ham yaqindan tanishdi.  



Xolmo‘min MAMATRAYIMOV, O‘zA