Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Abduqodir Toshkulov: Yaxshi sharoit, yuqori haq, jamoatchilik nazorati — ijodiy imtihonlardagi adolat garovidir!
09:54 / 2022-07-29

Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri Abduqodir Toshqulov rahbarligida ijodiy, kasbiy imtihonlarni puxta tayyorgarlik asosida shaffof o‘tkazish masalasiga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda vazirlik markaziy apparati mas’ullari, oliy ta’lim muassasalari rahbarlari, prorektorlar va ijodiy imtihonlar komissiya a’zolari ishtirok etdi.

Yig‘ilish kun tartibidagi dolzarb masala – ayni kunda boshlangan ijodiy, kasbiy imtihonlarni shaffof va xolis o‘tkazish bo‘ldi. 

– Bugun oliy ta’lim korrupsiyadan xoli sohaga aylanmoqda, – dedi vazir. – Buni so‘nggi vaqtda tizimdagi islohotlar, jumladan, o‘qishni ko‘chirishni tartibga solingani, magistraturaga qabulni sertifikat orqali amalga oshirilayotgani, tizimning to‘liq raqamlashganida ko‘rishimiz mumkin. Galdagi muhim masala – oliy ta’lim muassasalarida o‘tkaziladigan ijodiy, kasbiy imtihonlarni adolatli va shaffof o‘tkazishdir. 

So‘zida davom etar ekan, A.Toshqulov mas’ullarga imtihonlarni nazorat qilishga jalb etilgan professor-o‘qituvchilar, mutaxassislar uchun yetarli sharoitlar yaratish, jumladan jarayonlarni adolatli o‘tkazishda halollik ko‘rsatgan mutaxassislarni katta miqdordagi qo‘shimcha pul mukofotlari bilan rag‘batlantirish zarurligini ta’kidladi.  

Qayd etish kerakki, imtihonlarni adolatli va xolis o‘tkazish maqsadida vazirning tegishli buyrug‘i bilan vazirlik tasarrufidagi oliy ta’lim muassasalarida o‘tkaziladigan ijodiy imtihonlar komissiyasi raislari va a’zolari tajribali, halol, pok, mas’uliyatli professor-o‘qituvchi va xodimlardan tasdiqlangan. Ular o‘zlari faoliyat yuritmaydigan boshqa oliy ta’lim muassasalariga biriktirilgan holda shakllantirilgan.

Kasbiy imtihon o‘tkaziladigan ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha jami qabul parametrlari 2 ming 515 tani tashkil etadi. Ma’lumotlarga ko‘ra, ro‘yxatdan o‘tgan va ta’lim yo‘nalishlarini tanlagan abituriyentlar soni 1 million 200 ming nafardan oshgan. Ulardan alohida iqtidor talab etiladigan ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tgan abituriyentlar soni 60 ming 177 nafar, test bilan birgalikda kasbiy (ijodiy) imtihon o‘tkaziladigan ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tgan abituriyentlar soni esa 66 ming 371 nafarni tashkil etmoqda. 

Shuningdek, abituriyentlar ota-onalari va kuzatuvchilar uchun muassasa hududida imtihonni sanitariya-gigiyena qoidalariga amal qilgan holda o‘tkazish, jarayonlarni videotranslyatsiya qilish, har bir hududni navbatchi tez tibbiy yordam mashinasi bilan ta’minlash, jarayon haqida tezkor axborot berib borish, apellyatsiya komissiyasi faoliyatini tashkil etish, imtihon jarayonlariga ommaviy axborot vositalari, jamoatchilik vakillari, blogerlarni taklif etish bo‘yicha ham mas’ullarga topshiriqlar berildi.  

Yig‘ilishda O‘zbekiston davlat konservatoriyasi, O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti, Samarqand davlat arxitektura-qurilish instituti rektorlari imtihonlarni o‘tkazishdagi tajriba va fikrlari bilan o‘rtoqlashdi. 

Vazir  yig‘ilish yakunida magistraturaga hujjat qabul qilishga ham to‘xtalib, topshirilayotgan sertifikatlarning 70 foizi soxtalashtirilayotganini qattiq tanqid qildi. Mas’ullarga ushbu holatni qat’iy nazoratga olishlari, qabul yakunlangach sertifikatlarni ekspertlar ishtirokida yana bir bor tekshirishlari, soxta sertifikat topshirganlarni o‘qishdan chetlatish bo‘yicha zarur ko‘rsatma berdi.  


N.Usmonova, O‘zA