2025 yil yakunlanishi bilan futbol olamidagi natijalar va individual ko‘rsatkichlar xalqaro tashkilotlar hamda tahlil markazlari tomonidan chuqur o‘rganilmoqda.
Jumladan, nufuzli “Manila Standard” nashri yil sarhisobi asosida Osiyo qit’asining eng kuchli besh nafar futbolchisidan iborat reytingni e’lon qildi.
Ushbu ro‘yxatdan O‘zbekiston milliy terma jamoasi va Angliyaning “Manchester Siti” klubi himoyachisi Abduqodir Husanov ham o‘rin oldi. Manba uning universallik, jismoniy tayyorgarlik va o‘yinni o‘qish borasidagi yuqori salohiyatini alohida qayd etgan.
Shuningdek, reytingga Angliyaning “Brayton” safida to‘p tepayotgan yaponiyalik vinger Kaoru Mitoma, Fransiyaning “PSJ” klubi yarim himoyachisi Li Kan In, Saudiya Arabistonining “Al-Hilol” jamoasi yetakchisi Salim Ad-Davsari hamda faoliyatini AQSHning “Los-Anjeles” klubida davom ettirayotgan janubiy koreyalik yulduz Son Xyon Min kiritildi.
Nashrga ko‘ra, ushbu futbolchilar 2025 yil davomida klub va milliy jamoalar miqyosida barqaror o‘yin namoyish etib, qit’a futbolida yetakchi shaxslar sifatida ajralib turdi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA