“Manchester Siti” tarkibida “Arsenal”ga qarshi o‘tkazilgan bahsda O‘zbekiston milliy terma jamoasi himoyachisi Abduqodir Husanov jarohat olgan edi.
Natijada 21 yoshli futbolchimiz terma jamoa hamda klub tarkibidagi bir qator uchrashuvlarni o‘tkazib yubordi. Quvonarlisi, shu kunlarda Abduqodir Husanov jarohatdan to‘liq tiklanib, jamoaviy mashg‘ulotlarni boshlagani ma’lum qilinmoqda.
Bu yangilik, avvalo, “Manchester Siti” bosh murabbiyi Pep Gvardiolani xursand qildi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Chunki noyabr oyidagi xalqaro tanaffus oldidan ichki va xalqaro musobaqalarda muhim bahslar kutilmoqda. Himoya chizig‘ida Husanovning qaytishi jamoaga katta kuch bag‘ishlaydi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, “Manchester Siti” 29 oktyabr kuni Angliya Liga kubogi 4-raundida “Suonsi Siti”ga qarshi bahs o‘tkazadi. Mazkur uchrashuvda Abduqodir Husanovning maydonga tushishi kutilmoqda. Agar futbolchimiz ushbu bahsda sport formasini tiklab olsa, katta ehtimol bilan “shaharliklar” safida noyabr oyida Premer-liga doirasida “Bornmut” (2 noyabr) va Chempionlar ligasi umumiy bosqichining 4-turida “Borussiya Dortmund” (5 noyabr)ga qarshi “Etixad” arenada bo‘ladigan muhim o‘yinlarda asosiy tarkibdan o‘rin olishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, joriy mavsumda Abduqodir Husanov Angliya Premer-ligasida 4 ta, Yevropa Chempionlar ligasida esa 1 ta uchrashuvda ishtirok etgan va barcha bahslarni asosiy tarkibda boshlagan.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA