O‘zbekiston milliy terma jamoasi himoyachisi Abduqodir Husanov Angliya futbolida yana bir bor yuksak e’tirofga sazovor bo‘ldi.
“Manchester Siti” safida to‘p surayotgan futbolchimiz yanvar oyi davomida Angliya Premer-ligasi, mamlakat kubogi va Yevropa Chempionlar ligasi doirasidagi uchrashuvlarda barqaror hamda ishonchli o‘yin namoyish etdi. Uning yuqori saviyadagi harakatlari klub tomonidan oyning eng yaxshi futbolchisi nominatsiyasiga ilgari surilishiga asos bo‘ldi.
Klub rasmiy saytida o‘tkazilgan ovoz berish natijalariga ko‘ra, Abduqodir Husanov jamoa darvozaboni Djanluidji Donnarumma va yarim himoyachi Bernardu Silvani ortda qoldirib, yanvar oyining eng yaxshi o‘yinchisi deb topildi.
Qayd etish joiz, Husanov o‘tgan yilning fevral oyida ham “Manchester Siti” tarkibida oyning eng yaxshi futbolchisi sifatida e’tirof etilgan edi. Shu tariqa, u o‘zbek futbol tarixida “Manchester Siti” safida ikki marta oyning eng yaxshi o‘yinchisi deb topilgan ilk futbolchiga aylandi.
Mutaxassislar fikricha, Abduqodir Husanovning bu kabi yutuqlari nafaqat uning shaxsiy mahorati, balki o‘zbek futboli nufuzining xalqaro maydonda yuksalayotganidan ham dalolat beradi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA