Yaqin vaqtlar ichida o‘zbekistonlik futbolchilar jahon arenalarida qayd etayotgan natijalar haqida batafsil gaplashamiz:
APL 25-turi doirasida "Manchester Siti" "Liverpul" maydoniga safar qildi. Ushbu bellashuvda "shaharliklar" 2:1 hisobida zafar quchdi. Ahamiyatli tomoni, mazkur bellashuvni Abduqodir Husanov asosiy tarkibda boshladi. O‘yinning 58-daqiqasida hamyurtimiz mersisaydliklar hujumchisi Kodi Gakponing zarbasi yo‘liga to‘g‘onoq bo‘ldi. Ushbu epizod davomida Husanov darvozabon Donnarumma bilan to‘qnashib ketib, jarohat oldi. "Shaharliklar" ustozi Pep Gvardiola shundan so‘ng uni zaxiraga olishga qaror qildi. O‘yindan so‘ng ispaniyalik mutaxassis bahs davomida jonbozlik ko‘rsatgan shogirdini maqtab o‘tdi.
Bu o‘yin Abduqodir uchun asosiy tarkibda maydonga tushgan ketma-ket 10-uchrashuvi bo‘ldi. Biroq "Siti"ning asosiy tarkib himoyachisi Ruben Diash allaqachon safga qaytgan va "Liverpul"ga qarshi bellashuvda zaxiradan maydonga tushdi. Shunday ekan, buyog‘iga Abduqodirni yana zaxirada ko‘rish ehtimolimiz yo‘q emas. Biroq futbolchimiz tajribali sheriklariga yetarlicha raqobat tug‘dira olyapti va ekstremal holatlar bo‘lmagan taqdirda ham asosiy tarkibda o‘ynashga loyiq ekanini isbotlab kelyapti.
Turkiyaning "Istanbul" Bashakshehir" klubida Abbosbek Fayzullayev va Eldor Shomurodov to‘p tepayotganidan yaxshi xabardorsiz. Ushbu futbolchilarimiz ham o‘z klublari safida borgan sari muhim figuralarga aylanib bormoqda. Turkiya Superligasi doirasida kecha "Eyupspor"ga qarshi maydonga tushgan vatandoshlarimiz jamoasining g‘alabasiga katta hissa qo‘shdi. Bellashuvning 14-daqiqasida "Bashakshehir"ning boshqa bir legioneri Devi Zelke hisobni ochdi. Ahamiyatlisi, uning goliga Abbosbek Fayzullayev assist vazifasini bajardi. Ikkinchi bo‘limning 53-daqiqasida esa Eldor Shomurodov oradagi farqni ikkitaga yetkazib qo‘ydi. Faqatgina o‘yin yakunlanishi arafasida "Eyupspor" hisobni qisqartirishga muvaffaq bo‘ldi. Bellashuvdan so‘ng "FotMob" statistik portali Abbosbek Fayzullayevni ushbu o‘yinning eng yaxshisi deb topdi. Bundan tashqari, Eldor Shomurodov Turkiya Superligasi to‘purarlar jadvalida ham kurashni davom ettiryapti. Ayni vaqtda u va "Trabzonspor" hujumchisi Onuachuda gollar soni bir xil 15 tani tashkil etadi.
Iroqning "Arbil" klubida to‘p tepayotgan Sherzod Temirov ushbu mamlakat chempionatining Hollandiga aylanib ulgurdi. Futbolchimiz 5 fevral kuni bo‘lib o‘tgan "Al-Naft"ga qarshi bellashuvda navbatdagi golini urdi. Ayni vaqtda Sherzod Iroq yulduzlar ligasida 13 ta gol bilan to‘purarlar poygasida yetakchilik qilyapti. U to‘p tepayotgan “Arbil” klubi ham ayni vaqtda Iroq chempionatida peshqadam bo‘lib turibdi.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/hGN_HnaeWug" title="Legionerlarimizda nima gaplar?" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Karim Xudoyqulov, Doniyor Yakubov, Ulug‘bek To‘xtayev, O‘zA