Futbol bo‘yicha Fransiya chempionatida muvaffaqiyatli o‘yin ko‘rsatayotgan o‘zbek o‘g‘loni – Abduqodir Husanov haqidagi quvonchli xabarlar deyarli har kuni yangramoqda.
Yana bir xabarda qayd etilishicha, yosh futbolchimiz "Lans" klubida o‘tgan yilning eng yaxshi futbolchisi, deya e’tirof etildi.
Aniqroq aytadigan bo‘lsak, Fransiya chempionatini yoritib kelayotgan nufuzli manba "le11hdf.fr" portali "Lans" klubining 2024 yildagi eng yaxshi futbolchisi nomini e’lon qildi.
Mazkur so‘rovnomada portal har oy ovoz berish yo‘li bilan aniqlanadigan eng yaxshi futbolchilar va oy laureatlarining umumiy ko‘rsatkichlarini jamlab, tahlil qilgan holda yil futbolchisi so‘rovnomasiga Abduqodir Husanov, Kevin Danso va darvozabon Bris Samba nomzodini qo‘ydi.
Quvonarlisi, muxlislarning ovoz berish yo‘li bilan o‘tgan ushbu so‘rovnoma yakuniga ko‘ra Abduqodir Husanov 77 foiz ovoz to‘plagan holda “Lans” klubining 2024 yildagi eng yaxshi futbolchisiga aylandi.
Shuningdek, Bris Samba 15 foiz ovoz bilan ikkinchi, Kevin Danso 9 foiz ovoz jamg‘arib, uchinchi o‘rindan joy oldi.
Darvoqe, kuni kecha futbolchimiz aynan shu klubning dekabr oyidagi eng yaxshi futbolchisi bo‘lgan edi.
Ma’lumot o‘rnida: Abduqodir Husanov aslida Toshkentning “Bunyodkor” jamoasi tarbiyalanuvchisi hisoblanadi. U futboldagi faoliyatini Belarus oliy ligasida “Energetik-BGU” klubida boshlagan va 2023 yilda Fransiyaning o‘sha paytdagi vitse-chempioni “Lans” jamoasiga 100 ming yevro evaziga transfer qilingan.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA