Futbol bo‘yicha Angliya Liga Kubogi doirasidan o‘rin olgan ikkinchi yarim final uchrashuvida “Manchester Siti” o‘z uyida “Nyukasl” bilan kuch sinashdi.
Mazkur o‘yinda “MS” raqiblarini 3:1 hisobida mag‘lub etdi. Dastlab, uchrashuvning 7 va 29-daqiqalarida Omar Marmush gol urgan bo‘lsa, 32-daqiqada Tijani Reynders mezbonlarning uchinchi goliga mualliflik qildi. Mexmonlarning yagona golini Antoni Elanga bahsning 63-daqiqasida kiritdi.
Shu tariqa, Pep Gvardiola shogirdlari ikki o‘yin natijasiga ko‘ra umumiy 5:1 hisobida g‘alaba qozonib, final yo‘llanmasiga ega chiqdi.

Biz uchun ahamiyatlisi, mazkur o‘yinda hamyurtimiz Abduqodir Husanov asosiy tarkibda maydonga tushib, uchrashuvni to‘liq davom ettirdi. Iste’dodli himoyachimiz bahs mobaynida 94 foiz aniq to‘p uzatgan bo‘lsa, to‘pga jami 58 marotaba tegindi va uchinchi hududga 2 marta pas berdi.

Nufuzli manba – cityxtra.co.uk sayti ekspertlari Abduqodir Husanov harakatlarini 6, Sofascore portali mutaxassislari esa 6,3 ballga loyiq ko‘rdi.
Eslatib o‘tamiz, Angliya Liga Kubogi final uchrashuvi 22 mart kuni “Manchester Siti” hamda “Arsenal” jamoalari o‘rtasida bo‘lib o‘tadi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA