French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Abduqodir, Abbos va Eldor “JCH-2026”ning eng qimmat futbolchilari ro‘yxatidan o‘rin oldi
08:53 / 2025-12-07

So‘nggi ikki kun davomida 2026 yilgi Jahon chempionatiga qur’a tashlanganidan keyin transferlarga ixtisoslashgan nufuzli “TransferRoom” markazi mazkur mundialda debyut qiladigan terma jamoalarning eng qimmat o‘yinchilari reytingini tuzib chiqdi.

Aniqroq aytadigan bo‘lsak, ayni damga kelib, 2026 yilgi jahon chempionatida O‘zbekiston, Iordaniya, Kabo-Verde va Kyurasao terma jamoalari o‘z tarixidi ilk bor Jahon chempionatida ishtirok etishi oydinlashdi.

“TransferRoom” markazi ushbu jamoalar o‘yinchilarining transfer qiymatlaridan kelib chiqib, “Manchester Siti” klubi va O‘zbekiston milliy terma jamoasi himoyachisi Abduqodir Husanov 2026 yilgi jahon chempionati debyutantlari orasida eng yuqori baholangan futbolchi sifatida e’tirof etdi. 21 yoshli o‘zbek futbolchisi reytingda 47,8 million yevro qiymat bilan eng yuqori pog‘onada qayd etilgan.

Ro‘yxatning ikkinchi qatorida Ispaniyaning “Vilyarreal” klubida o‘ynab kelayotgan Kabo Verde terma jamoasi markaziy himoyachisi Logan Koshtaning transfer narxi 21,7 million yevroga tenglashtirilgan holda o‘rin oldi. Keyingi ikki o‘rinni esa O‘zbekiston milliy terma jamoasining Turkiya chempionatida “Istanbul Bashakshehir” klubi sharafini himoya qilayotgan hujumkor futbolchilari – Abbosbek Fayzullayev va Eldor Shomurodov egalladi. Ularni “TransferRoom” 10 million hamda 9,3 million yevroga baholagan. 

Kuchli beshlikni jahon chempionatida ilk marotaba ishtirok etadigan Osiyo qit’asining yana bir vakili Iordaniya terma jamoasi hujumkor futbolchisi Musa Tamari yakunlab berdi. Fransiyaning “Renn” klubida o‘ynab kelayotgan charm to‘p ustasi 8,9 million yevroga narxlangan. 

Ma’lumot o‘rnida: qit’alarlaro pley-off natijalariga ko‘ra, mundialda ilk bor ishtirok etadigan terma jamoalar ham qo‘shilishi mumkin. Ammo, ularning tarkibida transfer narxi bo‘yicha Abduqodir Husanovga yetadigani yo‘qligi ma’lum. 

Javohir Toshxoʻjayev,O‘zA