Prezidentimizning 18 mart kuni tibbiyot xodimlari bilan bo‘lib o‘tgan ochiq muloqotida Farg‘ona viloyati studiyasida ishtirok etib, shu kasbni tanlaganimdan, odamlarning sog‘ligini mustahkamlash uchun hissa qo‘shayotganimdan rosti, yanada faxrlandim.
Shifokorlar oilasi bo‘lganimiz uchun ham juda quvondik. Uchrashuvda tizimdagi har bir masalaga, muammoga e’tibor qaratilib, uning yechimi bo‘yicha aniq vazifalar belgilab berildi. Kamchiliklarni qanday qilib bartaraf qilish yo‘llari alohida ko‘rsatib o‘tilganligi e’tiborga loyiqdir.
Ayniqsa, 7 ta muhim yo‘nalish, ya’ni, birlamchi tibbiy xizmatlarni aholiga yaqinlashtirish, tez tibbiy yordamni rivojlantirish, tibbiyot muassasalarining sharoitini yaxshilash, soha xodimlarini moddiy rag‘batlantirish, shifoxonalarni malakali kadrlar bilan ta’minlash, jamiyatda sog‘lom turmush madaniyatini oshirish, kasalliklarning oldini olish tibbiyot sohasini butunlay yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.
Salomatlik – insonning eng katta boyligi. Bemor bo‘lgan kishining yuragiga hech narsa sig‘maydi. Inson qadrini ulug‘lashda uning sog‘ligi va salomatligi juda katta ahamiyatga ega. Shu bois ham so‘nggi yillarda tibbiyot sohasida jiddiy islohotlarga kirishildi. Aholining barcha qatlamlarini tibbiy xizmatdan foydalanish uchun sharoitlar yaratishga alohida e’tibor qaratilib, bu borada kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Shoshilinch tez tibbiy yordam tizimi yanada takomillashtirilgani ham yaxshi samara bermoqda.
Jumladan, filialimizda yangi, zamonaviy va jahon andozasiga mos tekshiruv va davolash apparaturalari sotib olinib, aholi salomatligini tiklash yo‘lida yuqori texnologiyali jarrohlik amaliyotlarini bajarish imkoniyati kengaymoqda. Viloyat hokimligi tomonidan ikkita laparaskopik operativ jamlanmasi va bir dona AIK (sun’iy qon aylantirish apparati) olib berildi va joriy yilning mart oyi oxirlariga yurakni ochiq usulda operatsiya qilish, ya’ni, aorta-koronar shuntlash jarrohlik amaliyotini amalga oshirish rejalashtirilgan. May oyining o‘rtalarida ilk bor buyrak transplantatsiya operatsiyasi bajariladi. Bir paytlarda murakkab jarrohlik amaliyotlari faqatgina markazda yoki xorijda qilinardi, endilikda esa bu viloyatlarda yo‘lga qo‘yilmoqda. Filialimizda hozirga qadar ikki mingdan ortiq ana shunday amaliyotlar amalga oshirilgani ham buni yaqqol ko‘rsatib turibdi.
Viloyatimizda uchta tumanlararo qo‘shma shikastlanishlar va o‘tkir qon-tomir kasalliklari markazi tashkil etilib, zamonaviy apparaturalar bilan jihozlandi. Qo‘qon shahar va Bog‘dod tumanida binolar kapital rekonstruksiya qilinib, MSKT va raqamli rentgen apparatlari o‘rnatildi. Yozyovon tumanida 7,5 milliard so‘m mablag‘ evaziga yangi bino qurilib, tibbiy jihozlar bilan ta’minlandi va foydalanishga topshirish arafasida.
Tez tibbiy yordam xizmatida “Call-markazi” tashkillanib, viloyat bo‘yicha chaqiruvlar yagona markazda qabul qilinishi yo‘lga qo‘yildi. Yagona avtomatlashtirilgan raqamli boshqaruv tizimini joriy qilish bo‘yicha baza yaratildi. Dispetcher va vrachlar avtomatlashtirilgan boshqaruv tizimida ishlash bo‘yicha o‘qitish tashkil etilgan. Prezidentimiz ma’ruzasida ta’kidlaganidek, barcha “A” klassdagi “Damas” avtomashinalarini 2025 yilgacha zamonaviy “V” klassdagi sanitar avtomashinalariga almashtirilishi aholiga sifatli tez tibbiy yordam ko‘rsatishga ko‘proq imkoniyat yaratadi. Viloyatimizda mavjud bo‘lgan 262 ta “Damas” sanitar avtomashinalari zamonaviylariga almashtiriladi. Tez tibbiy xizmatida hudud bo‘yicha xizmat ko‘rsatishga barham berish, tez tibbiy yordam xizmatida kechikishlar kamayishiga olib keladi. Dori-darmon ta’minoti oxirgi besh yil davomida yildan yilga yaxshilanib bormoqda. 2017 yilga qadar bitta chaqiruvga sarflangan mablag‘ 500-700 so‘mga to‘g‘ri kelgan bo‘lsa, 2022 yilga kelib har bir chaqiruvga ajratilayotgan mablag‘ miqdori 7400 so‘mgacha ko‘tarildi. Bu esa bugungi kunga kelib bitta chaqiruvga bo‘lgan xarajat 7-10 baravarga oshganligini ko‘rsatadi.
Prezidentimiz tashabbuslari bilan tibbiyot xodimlarini oylik maoshlari 10 foizga, toifasiga qarab qo‘shimcha 15 foizgacha oshirilishi, yuqori texnologiya tadbiq etib bajarilgan operativ muolajalarga 25 foiz ustama haqqi va yangi ish boshlagan shifokorlarga 1 milliongacha qo‘shimcha to‘lab berilishi, shifokorlarni ishlashga shijoatini oshiradi.
Davlatimiz rahbarining ochiq muloqotda bildirgan tashabbuslari soha xodimlariga katta kuch va g‘ayrat bag‘ishladi. Bunday e’tibor va yaratib berilayotgan imkoniyatlarga javoban xalqimiz sog‘ligini asrashdek mas’uliyatli, sharafli ishda fidokorona mehnat qilamiz hamda ishonchni oqlaymiz.
Abduqayum To‘xtaqulov,
Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi
Farg‘ona filiali direktori, tibbiyot fanlari nomzodi
O‘zA