Bugun O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining katta majlislar zalida atoqli tarjimon va olim, O‘zbekiston xalq shoiri Abdulla Sher tavalludining 80 yilligiga bag‘ishlangan “Jonim kabi sevdim Vatanni!” nomli ma’naviy-ma’rifiy kecha o‘tkazildi.
Tadbirni O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi Sirojiddin Sayyid kirish so‘zi bilan ochib, shoirning mashaqqatli ijod yo‘li va bugungi zalvorli yutuqlari xususida nutq so‘zladi.
Yig‘ilishda shuningdek, O‘zbekiston xalq shoiri Mahmud Toir, O‘zbekiston xalq yozuvchisi O‘rozboy Abdurahmonov, filologiya fanlari doktori, professor Suvon Meli, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Toshpo‘lat Matkarimov va boshqalar so‘zga chiqib, shoir she’riyatining sehri va salmoqdor tarjimalari xususida fikr bildirdilar.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/E2YqEX06G-0" title="Abdulla Sher: Men lolalar undirdim so‘zdan" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" allowfullscreen></iframe>Darhaqiqat, taniqli shoir Abdulla Sher betakror she’rlari bilan zamonaviy o‘zbek she’riyati taraqqiyotida muhim ijodkorlardan biri hisoblanadi. Qariyb yarim asrlik ijodiy faoliyati davomida uning “Ko‘klam tabassumi”, “Nuqtadan so‘ng”, “Sevgi olmoshi”, “Asrlarning asraganlari”, “Chayqalgan qayiqlarda” kabi yigirmaga yaqin kitoblarini adabiyot ixlosmandlariga taqdim etgan.
Ko‘ngilning jonli suratlari, o‘tgan va o‘tayotgan yillarning, tabiatning lirik-falsafiy tasvirlari, yorga, Vatanga, haqiqatga bo‘lgan betakror she’riy izhorlar va qalbga yaqinlik Abdulla Sher she’riyatining tayanch nuqtalaridir.
Ma’naviy-ma’rifiy kecha yakunida Abdulla Sher qalamiga mansub she’rlarga bastalangan kuy-qo‘shiqlar san’atkorlar tomonidan ijro etildi.
O‘.Alimov, F.Jo‘rayev (video), O‘zA