Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Abdulla Qodiriy tavalludining 125 yilligiga
12:59 / 2019-12-27

«SIZ O‘ShAMI?..»

«SIZ O‘ShAMI?..»
Bir jumladagi mahorat
XX asrda mumtoz adabiyotning nazariy an’analari asosida yaratilgan buyuk asar Abdulla Qodiriyning «O‘tkan kunlar» romani hisoblanadi. Roman so‘zboshisida muallif romanning yozilishi xususida to‘xtalib, uni: «yangi zamon ro‘monchilig‘i bilan tanishish yo‘lida kichkina bir tajriba, yana to‘g‘risi bir havasdir», degan bo‘lsa ham, o‘tgan bir asr davomida o‘zbek adabiyotida yaratilgan biron roman «O‘tkan kunlar» darajasiga chiqa olmagani ta’kidlanadi. Bu esa asarning zuvalasi haqiqatda o‘ta pishiq, ma’no qatlamlariga boy, muallifning ijodiy konsepsiyasi mukammal asoslarga qurilganidan dalolat beradi.
Bu o‘rinda asar muvaffaqiyatining ustuni bo‘lgan birgina jihat xususida qisqacha so‘z yuritmoqchimiz.
Asardagi so‘z, ibora va jumlalar shu qadar pishiq, tabiiy, ma’nodor va xalqona tarzda yaratilganki, ular xalqning tilidan mustahkam o‘rin olgan, ayrimlari zarbulmasalga aylangan. So‘zning ma’no ko‘lami va sig‘imliligi, bir tomondan, aqlni hayron qoldiradigan darajada keng bo‘lsa, ikkinchi tomondan, zehnni o‘ziga to‘la jalb qiladigan hamda bir marta o‘qigandayoq esda qoladigan darajada mahorat bilan ifoda etilgan. Bu fikrni nafaqat so‘z, balki asarni tashkil etuvchi har bir nuktaga nisbatan qo‘llash mumkin.
Masalan, asarning «Kutilmagan baxt» qismida Otabek va Kumushning ilk muloqoti qalamga olingan. Birinchi suhbatda Kumushning ilk savoli asar voqeligidagi juda ko‘p ma’nolarni o‘zida aks ettirgani bilan e’tiborlidir. Bu holat asarda shunday ifodalanadi:
«...Kumushbibi shu choqg‘acha qaramag‘an va qarashni ham tilamagan edi. Majburiyat ostida, yov qarashi bilan sekingina dushmaniga qaradi... Shu qarashda birmuncha vaqt qotib qoldi. Shundan keyin bir necha qadam bosib Otabekning pinjiga yaqin keldi va esankiragan, hayajonlang‘an bir tovush bilan so‘radi:
– Siz o‘shami?»
Ikkitagina so‘zdan iborat ushbu jumla savol beruvchi nazarda tutgan barcha maqsadlarni to‘liq ifoda etayotgani bilan e’tiborlidir. Asar qonuniyatlarini o‘rganishda mumtoz adabiyotimizda o‘ziga xos o‘rin egallagan, badiiy asar nazariy asoslarini belgilab bergan balog‘at ilmi Abdulla Qodiriy yashagan davr uchun yetakchi xususiyat sanalgan. Bu ilm sohasida yaratilgan asarlar o‘sha paytdagi an’anaviy ta’lim tizimida darslik sifatida o‘qitib kelingan. VIII asrdan boshlab turli ilmlar doirasida chuqur o‘rganila boshlagan hamda XII asrga kelib mustaqil fan sifatida e’tirof etilgan balog‘at ilmi maqsadni o‘z o‘rni va holatiga eng muvofiq tarzda eng go‘zal so‘zlar bilan yetkazib berishga asoslanadi. Unga ko‘ra, kam so‘zlar vositasida ko‘p ma’nolarni ifoda etish usuli balog‘at ilmining uchta tarkibiy qismlaridan biri – ilmi maoniyning «iyjoz» bo‘limida o‘rganiladi. «Iyjoz» maqsadni imkon qadar eng kam so‘zlar bilan anglatish barobarida nutqning ta’sirchanligini oshirish, ortiqcha bayondan chekinish, so‘zlovchining o‘ziga xos mahoratini namoyish etish kabi vazifalarni bajaradi. Shuningdek, maqsadning ayrim jihatlarini so‘z bilan to‘la-to‘kis ifodalamasdan, zarur o‘rinlarda uni yashirin tutish, lekin turli dalillar orqali ishora qilib o‘tish yo‘lidan boradi. Bu esa muallifning matndagi maqsadini anglab olishda o‘quvchi e’tiborini yanada kuchaytiradi. Matnga o‘tkir zehn va o‘ziga xos farosat bilan yondashishni talab qiladi. Bir so‘z bilan aytganda, o‘quvchining badiiy did va saviyasini, badiiy tafakkurini o‘stirishga xizmat qiladi. Shu va shu kabi o‘nlab jihatlarni nazarda tutib, balog‘at ilmining peshqadam olimlari «balog‘at bu iyjozdir», degan konseptual xulosaga kelishgan. 
Yuqoridagi misolda savol jumlasi ikkitagina so‘zdan tashkil topgan bo‘lsa-da, o‘z maqsadini to‘la ifoda etuvchi mukammal bir gap tusini olgan. Balog‘at ilmi qoidalariga ko‘ra, maqsadni anglatish uchun bayon qilinayotgan ifoda tugal shaklga ega bo‘lishi, ya’ni gap bo‘lishi zarur. Har qanday gap matnda taqdiran yoki haqiqatan mavjud bo‘lgan ega va kesimdan tashkil topadi. Ba’zan esa, ularga ikkinchi darajali bo‘laklar va boshqa omillar ham qo‘shilishi mumkin. Yuqoridagi gap savol beruvchining maqsadini savol beriluvchiga eng qisqa, eng ravon va eng tushunarli tarzda ifoda etgan. Shu bilan birga, asarda oldin tilga olinmagan, muallif o‘quvchidan mahorat bilan yashirib kelayotgan katta bir ma’no – Otabek va Kumushning «ilk uchrashuv»iga zimdan dalolat qilyapti. Muallif Otabekning Marg‘ilon borganidan so‘ng ancha o‘zgarib qolgani, bu haqda so‘ralganda sababni «Marg‘ilon havosi yoqmagan»likka olgani, lekin bundan ketishga ham chog‘lanmagani, o‘y og‘ushida tilidan chiqqan ba’zi so‘zlarining asl sababchisini ayni mana shu savol berish asnosida o‘quvchiga ayon qiladi. Asarning shu joyigacha muallif Otabek va Kumush o‘rtasidagi «ilk uchrashuv» bilan bog‘liq asosiy voqeani mahorat bilan yashirib kelgani o‘quvchida o‘zgacha bir qiziqish uyg‘otadi. Bunday tasvir usuli muallif mahoratining yana bir jihati sifatida namoyon bo‘ladi.
Shuningdek, savol jumlasining ayni paytdagi holat taqozosi (muqtazoi hol)ga to‘la muvofiqligi shunda ko‘rinadiki, savol beriluvchi (Otabek)da ushbu qisqa va bir qarashda anglashilmasday taassurot uyg‘otadigan savol jumlasi hech bir anglashilmovchilik, ortiqcha so‘roq va taajjubga o‘rin qoldirmaydi. Savol beriluvchi xuddi shunday so‘roqqa tutilishini kutgan kishi sifatida savolga xuddi savol beruvchi kabi qisqa va ixcham jumla bilan javob qaytaradi:
«– Men o‘sha, – dedi bek. Ikkisi ham bir-birisiga beixtiyor termulishib qoldilar...»
Muallif bu o‘rinda qahramonining yuksak darajadagi balog‘at bilan berilgan savoliga huddi o‘ziday mohirona javobni muqobil keltirgan. Savolda bo‘lgani kabi javobda ham ikkita so‘z ishlatilgan bo‘lsa-da, tinglovchi (Kumush)ning idrok etishida hech qanday muammo yoki nuqson tug‘dirmaydi. Demak, «javob jumla» «savol jumla» bilan balog‘at ilmi talabiga ko‘ra, teng kuchga ega. 
Bir qarashda matndagi ma’nolarning zich yoki ixchamlashuvi, so‘z, ibora, birikma, jumlalarning qisqartirilishi maqsadni anglashda noqulaylik keltirib chiqarishi mumkin. Lekin balog‘at ilmidagi «iyjoz» usulining mohiyati shundan iboratki, ma’noning zichligi, so‘z va ifodaning qamrovliligi, ixchamlashtirilgani yoki zarur holatda qisqartirilgani maqsadni anglashda noqislik kelib chiqishiga emas, aksincha, maqsad ifodasida muallifning yetuk mahorat egasi ekaniga, kam so‘zlar bilan ko‘p ma’nolar ifodalay olishiga dalolat qiladi.
Yuqorida keltirilgan savol-javobdagi «o‘sha» hodisasining batafsil bayoni – balog‘at istilohi bilan aytganda «itnob»i – asarda bir oz keyinroq keltirilgan. Bu bayon qariyb bir sahifadan iborat. 
Adibning mahorati batafsil ifoda etilganda bir sahifaga jo bo‘ladigan katta ma’noni o‘rni kelganda bor-yo‘g‘i birgina so‘z (o‘sha) bilan ifoda eta olganidadir. Bunga qadar Abdulla Qodiriy sabab-voqea tafsilotini atayin yashirganki, natijada ushbu «iyjoz jumla» romandagi bir butun ishq konsepsiyasi markazini egallagan. 
Muallif badiiy mahoratining yaqqol ko‘rinishi bo‘lgan bunday holatlarga asarda juda ko‘p duch kelamiz. Ularning ba’zilarida keltirilgan «iyjoz»ning batafsil bayoni («itnob»i)ni muallifning o‘zi to‘liq keltirib o‘tsa, yana ba’zilarida «iyjoz»ning batafsil ma’no ko‘lamini ochish va idrok etishni o‘quvchining topqirligi, badiiy farosati va zehniga havola qiladi. Ayrim holatlarda esa batafsil ma’noga faqatgina ishora qilish bilan cheklanadi. Asarning turli o‘rinlarida Otabek tilidan aytilgan «mozoristonda «hayya alalfalah» xitobini kim ham eshitar edi», «...keliningiz qarshisida meni bir jonsiz haykal o‘rnida tasavvur qilingiz»; Yusufbek hoji nutqidagi «Bizning kattadan-kichigimizning topqan-tutqanimiz faqat bosh olish» yoki Fuzuliy devoni haqida so‘z ochgan Kumushning dabdurustdan «Men rozi, men ko‘ndim» deyishi, keyinroq «meni unutmaysizmi?» deya bergan savoli; usta Alimning Shokirbekdan «Xotiningizga muhabbatingiz bormi?» savoliga «yo‘q» javobini olgach, kutilmaganda «yaxshi ekan» deyishi, yana shu qahramonning Saodat bilan fotiha qilingach, «Saodat, eshitdingmi, maylimi?» so‘rog‘i va unga javob tarzida aytilgan «Osh yemay ketasizmi?» javobi, majnuna Zaynabning o‘zini «Men Kumush!..» deb tanitishi, unga javoban berilgan so‘nggi hukm («Ket mundan!») jumlalari qatlarida ham muallif maqsadni ifoda etishda «iyjoz» usulidan mahorat bilan foydalanganini ko‘rsatadi.
Shuningdek, asarning ko‘pchilik kutgan nurli tong bilan emas, aynan g‘ira-shira shom tasviri bilan boshlanishi, atrofdan yangrayotgan azon detali, asar so‘ngidagi Otabek va usta Alim shahidligi xabaridan so‘ng Yusufbek hoji va O‘zbek oyimning holatlari asarning nafaqat diologlarida, hatto voqea, tavsif va holatlarni ifodalashda ham o‘ziga xos bir ixchamlik, so‘z «iyjoz»i, balog‘ati va qamrovdorlikka asoslanganini ko‘rsatadi. Asarning bir asrdan beri takror-takror bahs-munozalarlarga bois bo‘lib kelayotgani ham ayni shu kabi jihatlari bilan bog‘liqdir.
G‘ulom BOBOJONOV,
Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti tayanch doktoranti

(«Oila davrasida» gazetasi, 2019 yil 26 dekabr, 52-son)