Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Abdulla Qodiriy kartoshka ekkanmi yoxud tomorqa xazina manbai ekani haqida
12:17 / 2020-04-19

Azal-azaldan xalqimiz yer bilan tillashib, unga mehr berib yashagan.


Azal-azaldan xalqimiz yer bilan tillashib, unga mehr berib yashagan. Uni muqaddas bilib, rizq-roʻz manbai, deb eʼzozlagan. Xalqimizning buyuk adibi Abdulla Qodiriy bobomiz ham ijod qilish bilan birga, usta bogʻbon, mirishkor dehqon boʻlgan.

U kishi kartoshka ekish uchun birinchi yili yerning bir tomonida odam boʻyi keladigan qilib uzun chuqur qazir ekan. Soʻng yerni chopganda tuproqni hovuz tomonga surib, yerning ikkinchi tomonida chuqur paydo qilarkan. Keyin katta joʻyak olib kartoshka ekar ekan, kartoshka unib chiqqach oʻsgani sayin uni koʻmib, tepaga chiqaraverarkan. Kartoshkalarni koʻmish shu darajaga yetar ekanki, qazilgan chuqurda bemalol bekinmachoq oʻynasa boʻlarkan. Yigʻim-terim mahalida har bir tupdan chelak-chelak hosil olgan ekan adib bobomiz.

Ikkinchi jahon urushining qaqshatqich yillarida bobodehqonlarimizning fidokorona mehnati gʻalabani yaqinlashtirishga, dasturxonlardan non arimasligiga xizmat qilgan.

Qissadan hissa shuki, yurtimiz azal-azaldan dehqonchilik madaniyatini yaratgan, yerga jonini toʻshab, yurak qoʻrini berib mehnat qiluvchi haqiqiy dehqonlar Vatanidir. Hozirgi kunda 4,5 million gektar yerga dehqon xoʻjaligi, 435 ming gektar yer tomorqa egalari zimmasida. Yerdan unumli foydalanib, dasturxonlarimizni fayzli, bozorlarimizni toʻkin qilish vazifasi turibdi.

Prezidentimiz karantin cheklovlarining har bir inson, har bir oila hayotiga, roʻzgʻoriga salbiy taʼsir koʻrsatishga yoʻl qoʻymaslik maqsadida davlatning butun kuch va imkoniyatlarini safarbar qilib, bu borada shaxsiy tomorqa egalari masʼuliyatini oshirish masalasiga alohida eʼtibor qaratmoqda.

Albatta, aksariyat yurtdoshlarimiz tomorqani qarovsiz qoldirayotgani yoʻq, har doimgidek sidqidildan mehnat qilyapti. Shuning samarasi oʻlaroq, bozorlar yangi kartoshka, karam, piyoz va boshqa mahsulotlar bilan toʻlmoqda. Dehqonning choʻntagiga pul kira boshladi, narx-navo arzonlashdi. Elning dasturxoniga fayz kirdi. Birgina Surxondaryo viloyati dehqonlari poytaxtga joʻnatayotgan qishloq xoʻjalik mahsulotlari bozorlardagi narx-navo moʻtadilligini taʼminlab turibdi.

Bugun uyda oʻtirib, tomorqamizga qarab koʻnglimiz yayraydi. Kaftdekkina joyga qadalgan qulupnay, limonlarimiz gul koʻrsatmokda. Sherobod va Boysunlik saylovchilarim qadagan urugʻlari boʻy koʻrsatganini xursand boʻlib aytib berdi. Men ham quvondim albatta... Mehnatning samarasini koʻrish ham kishiga koʻtarinki kayfiyat bagʻishlaydi.

– 4 sotix tomorqamiz bor, eʼtibor bermagan ekanman, xazinaning koni ekan, farzandlarimga joʻyak qildirib, oshqovoq, bulgʻor qalampiri, mosh, tarvuz-qovun ekdik. Ularga ishlov berib ham uydagi kunlarimiz mazmunli oʻtmoqda, ham ertangi hosilni oʻylab kayfiyatimiz chogʻ. Kundan-kun oʻsayotgan koʻchatlarga qarab, osuda kunlarga boʻlgan umidimiz ham boʻylamoqda, – deydi Boysun tumani Shirinobod mahallasida istiqomat qiluvchi Rahmatilla Shohimardonov.

Afsuski, oramizda 10-15 sotixlab tomorqasi boʻla turib, taʼbir joiz boʻlsa, xazinaning ustida oʻtirib, roʻzgʻorimda u yoʻq, bu yoʻq, deb shikoyat qilib, kunini behuda oʻtkazayotganlar ham yoʻq emas. Aslida bir parcha yeri bor odam, avvalo, oʻzi uchun oʻzi intilib yashashi, mehnat qilishi kerak, buning uchun yurtimizda yetarlicha sharoitlar yaratilgan.

Albatta, bu tanganing bir tomoni. Uning ikkinchi tomoni ham bor. Tomorqa yer egalarining bozorbop, hosildor urugʻlar ekishi, bu ekinlarga oʻz vaqtida suv va ozuqa berishi uchun davlatimiz tomonidan yaratilayotgan sharoit va imkoniyatlar ularga yetib boryaptimi?

Mahalliy hokimliklar, mutasaddilar bu masalaga yetarlicha eʼtibor qaratyaptimi? Mana bugungi kunda karam, kartoshka, piyoz yetilib, bozorga chiqadigan payt. Dehqon oʻz mehnatining huzurini koʻrishi, hosildan daromad olishi uchun uni sal foyda koʻradigan, mehnatiga kuymaydigan narxda sotish imkoniyatiga ega boʻlishi kerak. Dehqonchilik mahsulotlari oʻz vaqtida sotilmasa, sifati buziladi, narxga taʼsir qiladi va oqibat dehqonning ham koʻnglini, ham qoʻlini sovutadi.

Qars ikki qoʻldan chiqadi, deyishadi. Bugungi kunda yerdan, tomorqadan unumli foydalanish dolzarb boʻlib turibdi. Bu borada Prezidentimiz tomonidan qoʻyilgan ustuvor vazifalarga mahalliy rahbarlar ham, tomorqa yer egalari ham, barchamiz masʼuliyat bilan qarashimiz shart.

Binobarin, odamlar kam boʻlmasligi, bugungi pandemiya tufayli yuzaga kelgan tashvishli vaziyatda xalqimizga ortiqcha ogʻirlik kelmasligi uchun har birimiz qoʻlimizdan kelganicha hissa qoʻshishimiz ham qarz, ham farz, deb bilaman. Yer – xazina, uning kaliti esa oʻzimizda ekanini unutmaylik.

Hazratqul Xoʻjamqulov,
Oʻzbeyeiston Respublikasi Oliy Majlisi
Qonunchilik palatasi deputati.