Abdulla Qodiriy nomidagi Jizzax davlat pedagogika universitetining 50 yilligi tantanalari doirasida ulug‘ adib Abdulla Qodiriy hayoti va ijodi to‘g‘risida ma’naviy-marifiy tadbir tashkil etildi.
O‘zbek romanchiligining asoschisi, o‘zbek adabiyoti va madaniyati rivojiga ulkan hissa qo‘shgan atoqli adib Abdulla Qodiriy tavalludining 130 yilligi, Jizzax davlat pedagogika universiteti tashkil topganligining 50 yilligi munosabati bilan tashkil etilgan qiziqarli va ko‘tarinki ruhda o‘tgan ushbu tadbirda universitet jamoasi va talaba-yoshlardan tashqari, mahalliy shoir, yozuvchi, jurnalistlar, madaniyat, san’at hamda adabiyot ixlosmandlari ishtirok etdi.
Tadbir qatnashchilari Toshkent shahridagi Abdulla Qodiriy uy muzeyi direktori, adibning nabirasi Xondamir Qodiriyning bobosi va Qodiriyning oila a’zolari bilan bog‘liq eng go‘zal va achchiq xotiralari to‘g‘risidagi hayotiy hikoyalarini hayajon bilan tinglab, gulduros qarsaklar bilan olqishladi.
O‘zbekiston xalq artisti Gulchehra Jamilovaning “O‘tgan kunlar” badiiy filmining yaratilish tarixi, o‘sha davrdagi duch kelingan muammolar, sobiq ittifoq badiiy kengashi tomonidan kesib tashlangan bir qator syujetlar haqidagi hikoyalarini yig‘ilganlar jon qulog‘i bilan tinglganlarini ham ta’kidlab o‘tish lozim.
[gallery-19418]
Ushbu tadbirga taklif etilgan mahalliy yozuvchi, shoir va adabiyotshunos olimlar yig‘ilganlarga adib hayoti va faoliyatiga hamda asarlariga oid qiziqarli tarixiy voqealar va ma’lumotlar haqida atroflicha so‘zlab berdi.
– Bundan 86 yil muqaddam millatimizning bir qator fidoyi, ma’rifatparvar, ulkan iste’dod sohiblari, Vatan, el-yurt ravnaqi, ozodligi tarafdorlari, qalbi va ongi uyg‘oq, tafakkur taraqqiyotiga chanqoq jadidlar shafqatsizlarcha qatl etilganini tarixdan yaxshi bilamiz, – deydi universitetning yoshlar masalalari, ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektori Sarvar Nazarqosimov. – 1938 yil 4 oktyabr kuni Abdulla Qodiriy ko‘plab yurt ziyolilari qatorida yo‘q aybi uchun millatparastlikda ayblanib, otuvga hukm qilingan. Bugungi o‘tkazilgan tadbirda o‘zbek adabiyotining yirik namoyondalaridan biri Abdulla Qodiriyning hayoti va ijodi alohida yodga olindi. Adib o‘zining o‘lmas asarlarida yaratgan obrazlar millatning timsoliga aylanganini hech kim inkor eta olmaydi. Ishonchim komilki, universitetimiz talaba-yoshlari orasidan ham ko‘plab Otabek va Kumushlar, Anvar va Ra’nolar yetishib chiqadi va ular ertangi kun yaratuvchilari, fidoyilari, bunyodkor qahramonlariga aylanadi.
Universitetning 50 yillik tantanalari doirasida o‘tkazilgan ma’naviy-ma’rifiy xotira tadbirida yozuvchining durdona asarlaridan parchalar, shu asarlar asosida yaratilgan filmlarda asosiy rollarni ijro etgan aktyorlar tomonidan monologlar o‘qib berildi.
Tantanali tadbirga universitet talabalar teatr studiyasi jamoasining adibning asarlari asosida tayyorlagan sahna ko‘rinishlari hamda oliy o‘quv yurti qoshidagi Eson Lutfullayev nomidagi maqomchi talabalar ansamblining musiqiy chiqishlari yakun yasadi.
Kunning ikkinchi yarmida universitet qoshidagi “Qatag‘on qurbonlari”, Jizzax shahridagi Sharof Rashidov hamda Hamid Olimjon va Zulfiyaxonim muzeylariga sayohat uyushtirildi.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA muxbirlari