Abdulla Qahhor nomini eshitganda qisqa va lo‘nda jumlalar bilan dunyolarcha ma’noni izohlovchi adib ko‘z oldimizga keladi. Bugun, 17 sentyabr Abdulla Qahhor tavallud topgan kun. Yozuvchi vafotiga yarim asrdan ziyod vaqt o‘tgan bo‘lsa ham asarlari biz bilan yashayapti. Asarlarida o‘zbeklarning mardligi, xalqimizning mehnatdagi jonbozligi, yuksak vatanparvarligi ifodalangan Abdulla Qahhor adabiyot olamiga hikoya janrining tengsiz ustasi bo‘lib kirdi. Yozuvchini hatto o‘zbek Chexovi deb ham atashgan. Uning ilk kitobi - “Qishloq hukm ostida” nomli kichik qissa 1932 yilda nashrdan chiqqan. Shundan so‘ng yozuvchining “Olam yasharadi” va “Tangrining kulgisi” degan to‘plamlari bosildi. Adibning “Boshsiz odam” hikoyasi ayol qadr-qimmati, ozodligini kuylovchi asar hisoblanadi.
Yozuvchining ilk romani hisoblangan “Sarob” yaqqol ko‘zga tashlanadi. Ushbu roman keng mavzuli bo‘lib, o‘sha davrdagi hayot manzaralari real tasvirlangan, voqealar tasvirida haqiqatni saqlab qolgan.

Abdulla Qahhor ijodiy faoliyati mobaynida 40 dan ortiq asar yozgan. Bu kitoblar orasida 30 ga yaqini hikoyalar bo‘lib, ular o‘zbek adabiyotida hikoya janrining badiiy ufqlarini kengaytirgani bilan ahamiyatlidir. “Asror bobo”, “Kampirlar sim qoqdi”, “Xotinlar” hikoyalari va “Oltin yulduz” kabi qissalarida o‘zbek jangchilarining mardligi, halqimizning mehnatdagi jonbozligi, yuksak vatanparvarligi ifodalangan. Yozuvchining urushdan keyingi yillarda yaratgan “Qo‘shchinor chiroqlari” romani va “Sinchalak”, “Muhabbat”, “O‘tmishdan ertaklar” qissalari, “Boshsiz odam”, “Anor”, “Bemor”, “Dahshat”, “O‘g‘ri”, “Millatchilar”, “San’atkor”, “Adabiyot muallimi”, “O‘jar” kabi hikoyalari o‘zbek nasrining taraqqiyotiga muhim hissa bo‘lib qo‘shildi.
O‘zbek kitobxonlari Abdulla Qahhor tarjimasida M.Gorkiyning “Mening dorilfununlarim”, I.V.Gogolning “Revizor”, L.N.Tolstoyning “Urush va tinchlik” romani va boshqa bir qator asarlarni o‘zbek tilida o‘qishga muvaffaq bo‘lishgan. Ayni paytda Abdulla Qahhor asarlari rus, ukrain, belarus qozoq, qirg‘iz, tojik, qoraqalpoq kabi tillarga tarjima qilingan. Uning ayrim hikoyalari esa ingliz, nemis, fransuz, chex, polyak, bolgar, rumin, arab, hind tillarida chop etilgan.
Abdulla Qahhorga “O‘zbekiston xalq yozuvchisi” unvoni berilgan. U 1968 yil 25 may kuni Moskvada 61 yoshida vafot etgan. Yozuvchi vafotidan so‘ng “Buyuk xizmatlari uchun” ordeni bilan taqdirlangan.
Abdulla Qahhor nomi Toshkent va Qo‘qondagi bir necha ko‘cha va maktab, shuningdek, madaniyat uylariga berilgan. Poytaxtda Abdulla Qahhor uy-muzeyi ochilgan va haykali o‘rnatilgan. Yozuvchi o‘z asarlari bilan o‘zbek adabiyoti xazinasini boyitdi. Uning hikoyalarini yosh-u qari birdek sevib o‘qiydi. Bir so‘z bilan aytganda, Abdulla Qahhor o‘z ijodini kitobxonlar qalbiga muhrlab qo‘ya olgan takrorlanmas ijodkor bo‘la oldi.
Dildora DO‘SMATOVA
O‘zA