Qarshi shahridagi Prezident ta’lim muassasalari Agentligi tasarrufidagi Abdulla Oripov nomidagi ijod maktabida kirish imtihonlarining birinchi bosqich (yozma) imtihonlari bo‘lib o‘tdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, mazkur ijod maktabiga respublika bo‘yicha o‘qish istagini bildirgan 677 nafar o‘quvchilardan ariza.piima.uz saytiga onlayn arizalar kelib tushgan. Xususan, 7-sinfga 588 nafar, 10-sinfga 89 nafar o‘quvchi hujjat topshirgan. Shundan 7-sinf 20 nafardan 40 nafar, 10-sinfga 5 nafardan o‘quvchi qabul qilinadi. Shunda 7-sinfga qabul qilish uchun 1 nafar o‘quvchi o‘rniga 14,7 nafar, 10-sinfga 1 nafar o‘quvchi o‘rniga 17,8 nafar o‘quvchi to‘g‘ri kelmoqda. Albatta bu ko‘rsatkichlar o‘quvchi yoshlarning ijod maktablarida ta’lim olishga bo‘lgan qiziqishining yuqoriligidan dalolat beradi.
[gallery-7710]
– bugungi ijodiy imtihonlarning shaffof va adolatli o‘tishi uchun imtihon olinadigan sinflar va foyeda barcha sharoitlar yaratildi, – deydi Prezident ta’lim muassasalari agentligi Qashqadaryo viloyati hududiy bo‘limi rahbari Ubaydulla Oripov. – Xususan, harorat yuqori bo‘lganligi uchun xonalarga sovutgichlar qo‘shildi, kameral nazorat o‘rnatildi, suv va boshqa kerakli narsalar bilan ta’minlandi. Zoom platformasi orqali imtihon jarayonlari onlayn uzatib turildi. Shu bois imtihon topshiruvchilarning yaqinlari ham imtihonni jonli kuzatish imkoniga ega bo‘ldi. Shuningdek, tibbiy va xavfsizlik bo‘yicha ham chora-tadbirlar ko‘rildi. Imtihon natijalarini aniqlash uchun O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi va Prezident ta’lim muassasalari agentligi mas’ul xodimlari hamda Qarshi davlat universiteti professor o‘qituvchilari imtihon komissiya a’zolari sifatida jalb qilingan. Maqsad bilimli o‘quvchilarni adolatli saralab olish.
Ma’lumot o‘rnida joriy yilning 25-26 iyun kunlari 2-bosqich (og‘zaki suhbat) imtihoni o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat) O‘zA.