O‘zbekiston xalq shoiri Abdulla Oripov tavalludining 82 yilligi munosabati bilan Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi Qashqadaryo viloyati bo‘limi tomonidan “Abdulla Oripov ijodi bilimdonlari” tanlovi o‘tkazildi.
Qarshi shahridagi Ma’naviyat maskanida o‘tgan tanlovda tuman, shahar bosqichlarida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan ijodiy-madaniy masalalar bo‘yicha targ‘ibotchilar ishtirok etdi.

“Milliy tiklanishdan – milliy yuksalish sari” degan bosh tamoyil asosida yangi Uyg‘onish davri – Uchinchi Renessans poydevori yaratilayotgan bugungi kunda O‘zbekiston xalq shoiri Abdulla Oripov adabiy merosi misolida o‘zbek adabiyoti va madaniyatini chuqur o‘rganish va ommalashtirish, shu orqali ko‘plab iqtidor egalarini kashf etish, ularni rag‘batlantirish maqsadida tashkil etilgan tanlovda ishtirokchilar “She’riy parcha”, “Suratni she’r bilan bog‘lash” hamda “Savol-javob” shartlari orqali bilim va iqtidorini namoyon etdi.

Dastlab Abdulla Oripov ijodiga oid to‘rt misra she’r havola qilinib, unda tushirib qoldirilgan ikkita so‘zni topish so‘raldi. So‘ng ushbu parchani sharhlab berish, bunda she’r mazmun-mohiyati nechog‘lik ochib berilishiga alohida e’tibor qaratildi.

So‘ng ishtirokchilarga bilet tanlash orqali havola qilingan surat bilan bog‘liq she’rni aytish va sharhlash vazifasi berildi. Suratlar Abdulla Oripovning temir odam, dorboz, ummon va aysberg, Boborahim Mashrab, Furqat, Usmon Azimga oid she’rlari bilan bog‘liqligi qatnashchilar qiziqishini oshirdi.

— Odatda biror ijodkor tavallud sanasiga bag‘ishlangan tadbirlar she’riy aytishuv yoki insho shaklida o‘tadi, – deydi Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi viloyat bo‘limi rahbari Lola Saodatova. – “Abdulla Oripov ijodi bilimdonlari” tanlovida noodatiy va qiziqarli shartlar asosida bilim va iqtidor egalarini aniqlashga harakat qildik. Tanlov ijodiy-madaniy masalalar bo‘yicha targ‘ibotchilar o‘rtasida o‘tkazilgani ham bejiz emas. Ular bu yerda o‘rganganlarini o‘z tuman, shaharlarida, maktablarida joriy qilishadi.

Abdulla Oripov uni “G‘arbning xo‘jasi” deb ta’riflarkan, u kabi sevishni orzu qilishini, ismlari biroz o‘xshash ekani, biroq qalblari o‘xshamasligini aytadi. Kim nazarda tutilgan?
Tanlovning uchinchi shartida mazkur savol dehqonobodlik ishtirokchini ancha o‘ylantirib qo‘ydi. To‘g‘ri javob “Otello” edi. So‘nggi shartda har bir ishtirokchi 2 tadan savolga javob qaytarib, yuqori natija uchun harakat qildi.

Yakuniy natijalarga ko‘ra, Kasbi tumanidagi 53-maktabning ijodiy-madaniy masalalar bo‘yicha targ‘ibotchisi Jumaqul Rajabov 1-o‘rinni egalladi. Qarshi tumanidagi 23-maktab targ‘ibotchisi Nuriddin Egamov 2- va Ko‘kdala tumanidagi 7-maktab targ‘ibotchisi Yusuf Ziyodov 3-o‘rinni qo‘lga kiritdi.
G‘olib va ishtirokchilarga diplom, kitoblar, esdalik sovg‘alari topshirildi.
O‘lmas Barotov, O‘zA.