Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Abdulaziz G‘ULOMOV: “Transport sohasida salohiyatli kadrlarni tayyorlashda xalqaro hamkorlik va ilg‘or tajribaning o‘rni beqiyos” (+video)
15:47 / 2025-04-02

Transport sohasida oliy ta’lim va xalqaro hamkorlik mutaxassislar tayyorlash, innovatsiyalarni joriy etish hamda sohaning jahon standartlariga mos ravishda rivojlanishi uchun muhim omil hisoblanadi. Oliy ta’lim muassasalarida xalqaro hamkorlik doirasida joriy etilgan dasturlar talabalarga ilg‘or tajribalarni o‘zlashtirish, zamonaviy texnologiyalar bilan tanishish va global bozor talablariga mos mutaxassis bo‘lish imkonini yaratadi.

Shu bilan birga, davlatlar o‘rtasidagi hamkorlik transport infratuzilmasini rivojlantirish, ekologik barqarorlikni ta’minlash va yangi loyihalarni amalga oshirishda katta ahamiyat kasb etadi.

Toshkent davlat transport universitetining akademik faoliyat bo‘yicha prorektori Abdulaziz G‘ULOMOV bilan “Toshkent davlat transport universiteti: xalqaro hamkorlik, ilg‘or tajriba va qo‘shma ta’lim dasturlari” mavzusida o‘tkazgan suhbatimizda xalqaro hamkorlikning oliy ta’limdagi ahamiyati va uning mutaxassislar tayyorlashdagi roliga alohida e’tibor qaratildi.

– O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Fransiyaga davlat tashrifi doirasida Parij shahrida “Ilm-fan va ta’lim: O‘zbekiston –Fransiya ko‘prigi” mavzusida qo‘shma konferensiya bo‘lib o‘tdi. Siz ham mazkur tadbirda qatnashdingiz va soha bo‘yicha oltita muhim kelishuvga erishildi. Dastlab shu haqida to‘xtalib o‘tsangiz?

– Joriy yilning mart oyida Prezidentimizning Fransiyaga davlat tashrifi doirasida o‘tkazilgan “Ilm-fan va ta’lim: O‘zbekiston – Fransiya ko‘prigi” mavzusidagi qo‘shma konferensiyada ishtirok etdik. Ushbu tadbirda ikki davlatning bir qator oliy ta’lim muassasalari rektorlari va prorektorlari qatnashdi.

Konferensiyada Fransiyaning oliy ta’lim muassasalari bilan O‘zbekiston universitetlari o‘rtasida qo‘shma ta’lim dasturlarini tashkil qilish, ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirish va stajirovka dasturlarini amalga oshirish kabi muhim masalalar muhokama qilindi. Anjumanda oliygohimiz ikki nufuzli ta’lim muassasasi – Puate universiteti va Sorbonna universiteti bilan hamkorlik to‘g‘risida memorandumlar imzoladi. Ushbu kelishuvlar doirasida avvalambor, professor-o‘qituvchilarning malakalarini oshirish ko‘zda tutilgan.

Shuningdek, Fransiyaning oliy ta’lim muassasalari dunyoning TOP-1000, hatto TOP-300 reytingiga kiradi. Ayniqsa, muhandislik sohasida ularda zamonaviy va ilg‘or texnologiyalar hamda innovatsion tashabbuslar juda ko‘p. O‘ylaymanki, ushbu hamkorlik doirasida transport sohasi va iqtisodiyotimiz uchun zarur bo‘lgan innovatsion yechimlarni joriy etishga erishamiz. Shuningdek, “2+2” va “1+1” formulalari asosida qo‘shma ta’lim tizimini amalga oshirish rejalashtirilgan. Bu talabalarga ikki yil O‘zbekistonda, ikki yil esa Fransiyada tahsil olish va bakalavriat hamda magistratura darajasini qo‘lga kiritish imkonini beradi.

Bundan tashqari, konferensiya doirasida biz ikki yirik kompaniya bilan hamkorlik to‘g‘risida shartnoma imzoladik. Birinchisi “Dassault Systèmes” kompaniyasi bo‘lib, u muhandislik sohalarida raqamlashtirish bo‘yicha eng zamonaviy yechimlarni taklif etadi. Masalan, SolidWorks dasturi muhandislik sohasida yuqori darajada modellashtirish imkoniyatini yaratadi. Hozirgi vaqtda universitetimizda bu dasturdan foydalanilsa-da, “Dassault Systèmes” o‘z mutaxassislarini universitetimizga yuborishiga erishdik.

Shu bilan bir qatorda, “Airbus” kompaniyasi bilan ham hamkorlik to‘g‘risida memorandum imzoladik. Bu hamkorlik doirasida B1 va B2 toifadagi mutaxassislarni tayyorlash imkoniyati yaratildi. B2 darajasiga ega mutaxassislar samolyotlarni uchirish va texnik xizmat ko‘rsatish bo‘yicha yuqori malakaga ega bo‘ladi. Shu bois, “Airbus” kompaniyasi bilan kelishib oldikki, ularning dasturlari bizning bakalavriat ta’lim dasturlariga moslashtiriladi. Bu esa bitiruvchilarga nafaqat diplom, balki xalqaro aviatsiya kompaniyalarida zarur bo‘lgan mutaxassislik ko‘nikmalarini ham egallash imkonini beradi.

– Universitetning xalqaro hamkorlik strategiyasi qanday ustuvor yo‘nalishlarga asoslangan va bunday aloqalar mamlakatimiz transport sohasining rivojiga qanday ta’sir ko‘rsatadi?

– Universitetimizda xalqaro hamkorlik yo‘nalishidagi konsepsiya transport sohasi uchun zarur mutaxassislarni tayyorlashda kerakli kompetensiyalarni shakllantirish va ularni eng yuqori sifatda transfer qilish imkoniyatlarini yaratishga yo‘naltirilgan.

2016 yilda birinchi bor reyting e’lon qilingan edi. 2017-2018 yillarda xalqaro yo‘nalishdagi TOP o‘rinlarni egallagan oliy ta’lim muassasalaridan biri bo‘ldik. 2020 yilda Transport universiteti tashkil etilgandan keyin ushbu mavqeni saqlab qolishga intilyapmiz. Hozirgi kunda universitetimiz 70 dan ortiq hamkorlik shartnomaga ega bo‘lib, 7 ta davlat bilan 50 ga yaqin qo‘shma ta’lim dasturini amalga oshirmoqda.

2020 yildan boshlab, TOP-300 talik oliy ta’lim muassasalarining ta’lim yo‘nalishlarini chuqur o‘rgandik. Mazkur soha rivojlangan davlatlarda qaysi universitetlar bilan hamkorlik qilish, qaysi mutaxassislar yordamida yuqori natijalarga erishilganini tahlil qildik.

Temiryo‘l, avtomobil va aviatsiya sohalarini o‘rganish jarayonida ma’lum bo‘ldiki, har bir universitetning o‘ziga xos kuchli jihatlari bor. Hech bir oliygoh barcha yo‘nalishlar bo‘yicha yetakchi emas. Masalan, yo‘l muhandisligi bo‘yicha asosan Germaniyaning Axen, Drezden va Myunxen universitetlari bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yildi. Temiryo‘l yo‘nalishi bo‘yicha Xitoy, Rossiya, Koreya Respublikasi, Yaponiya va Germaniya universitetlarining tajribasi o‘rganildi. Ulardagi dasturlar, fanlar, laboratoriyalardan foydalanish tartibi, darsliklar va mutaxassislarini raqobatbardosh qilib tayyorlash mexanizmi tahlil qilindi. Aniqlanishicha, asosiy omillar o‘quv rejasi, laboratoriya va fanlar tarkibiga bog‘liq ekan. Shu sababli, bugungi kunda oliygohimizda ta’lim dasturlari deyarli to‘liq yangilanib, eng samarali usullar joriy etildi.

Albatta, o‘quv rejalarini yuz foiz o‘zgartirish mumkin emas, chunki ayrim bazaviy fanlarni saqlab qolish talab etiladi. Masalan, qurilish yo‘nalishi uchun maxsus fizika va kimyo fanlari ajratildi. Bu tajriba chet el universitetlaridan o‘rganilgan. Shu tarzda, har bir sohada eng kuchli jihatlarni tanlab, ta’lim tizimimizga joriy qildik. Oxirgi to‘rt yil davomida laboratoriyalarning 70 foizi yangilandi, barcha o‘quv dasturlari qayta ko‘rib chiqildi va ta’lim tizimi to‘liq modernizatsiya qilindi.

– Xalqaro universitetlar va kompaniyalar bilan hamkorlik doirasida amalga oshirilayotgan loyihalar talabalar va professor-o‘qituvchilar uchun qanday imkoniyatlar yaratmoqda?

– Albatta, bu hamkorliklar professor-o‘qituvchilar va talabalar uchun katta imkoniyatlar yaratadi. Tahlillar natijasida ko‘plab o‘zgari shlar amalga oshirildi. Yangiliklarni talabalarga yetkazib beradigan asosiy shaxs – o‘qituvchi. Agar o‘qituvchiga sarmoya kiritilmasa, hech qanday o‘zgarishga erishib bo‘lmaydi. Qog‘ozda rejalarni belgilash mumkin, ammo ularni amalga oshirish aniq o‘qituvchilar zimmasiga tushadi.

O‘qituvchilarimiz malaka oshirish, stajirovkalar o‘tash va yangi ko‘nikmalarni egallash imkoniyatiga ega. Agar o‘qituvchi o‘zi yangi bilimlarga ega bo‘lmasa, talabalarga ham yuqori darajada ta’lim bera olmaydi. Shu sababli, pedagoglar uchun innovatsion usullar bilan tanishish sharoiti yaratildi.

Bugungi kunda o‘qituvchilar talabalarga startap loyihalar va keyslar taqdim etmoqda. Germaniyadan o‘rganilgan tizim asosida ikkinchi kursdan so‘ng talabalarga katta loyiha topshiriladi. Bu loyiha turli bosqichlardan iborat bo‘lib, har bir bosqichda muayyan kompetensiya talab etiladi. To‘rtinchi kursga kelib, talabalar tayyor loyihaga ega bo‘ladi. Bu metod talabalar uchun ham qiziqarli bo‘lib, ularni amaliy bilimlar bilan ta’minlashga xizmat qiladi.

Shu tariqa, chet el tajribasidan foydalanib, transport texnologiyalari sohasidagi pedagoglar ilg‘or ta’lim metodlarini o‘rganish va ularni tatbiq etish imkoniyatiga ega bo‘lmoqda.

– Toshkent davlat transport universiteti xalqaro akademik hamkorlik doirasida ilg‘or tajriba almashish va qo‘shma ta’lim dasturlarini amalga oshirishda qanday tashabbuslarni ilgari suryapti?

– Biz barcha sohalar bo‘yicha qo‘shma ta’lim dasturlariga egamiz va rivojlangan davlatlarning TOP universitetlari bilan hamkorlik qilamiz. Bu dasturlardan asosiy maqsad talabalarga ikki mamlakatning ta’lim tizimini o‘zlashtirish imkonini yaratishdir. Bugungi kunda bu imkoniyatdan foydalanayotgan talabalar bundan juda mamnun. Birinchi bitiruvchilar dasturni muvaffaqiyatli yakunladi, bu yil ham yangi bitiruvchilar o‘zlari uchun katta qadam tashlaydi.

Rossiya va Xitoy bilan temir yo‘l sohasida hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan. Xitoyning Szyaotun universitetlari bilan “2+2” va “1+1” asosida qo‘shma ta’lim dasturlarini ishga tushirish rejalashtirilgan. Shuningdek, mazkur universitetlar ham bizga katta qiziqish bildirmoqda. Bu yil Osiyo davlatlari ichida TOP universitetlar qatorida 750-o‘ringa ega bo‘ldik. Hozirda Xitoy bilan kelishuvni imzolashga tayyorgarlik ko‘rilyapti. Unga ko‘ra, universitetimizning Xitoyda filialini ochish mo‘ljallangan. Shu bilan birga, Xitoy texnologiyalarini universitetimizga joriy etish ham nazarda tutilgan.

Birinchi navbatda, yuqori tezlikdagi poyezdlar harakati va temir yo‘l sohasidagi mikroprotsessorli boshqaruv tizimlari uchun yirik laboratoriya tashkil etish rejalashtirilgan. Bu yo‘nalishda Xitoyda yetakchi hisoblangan “HollySys” kompaniyasi bilan hamkorlikda universitetimizda laboratoriya barpo qilishga kelishib olindi. Ushbu ikki loyiha doirasida 2,3 million dollar investitsiya jalb etish ko‘zlangan.

Avtomobil sohasida esa Pekinga tashrif davomida “BeFan” kompaniyasi vakillari bilan uchrashuv o‘tkazildi. Ushbu kompaniya laboratoriya jihozlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan. Yil oxiriga qadar 1,5 million dollarlik laboratoriya jihozlari universitetimizga taqdim etilishi bo‘yicha kelishuvga erishildi.

– Universitetda ta’lim sifati va zamonaviy talablarga moslashish maqsadida qanday islohotlar amalga oshirilmoqda? Mutaxassislar tayyorlash jarayonida innovatsion yondashuvlar va raqamli texnologiyalardan foydalanish  qanday natijalar berayapti?

– Universitetimizda ta’lim sohasida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirildi. Yuqorida bu haqda ham to‘xtalib o‘tdim. Ayniqsa, raqamlashtirish bo‘yicha katta ishlar qilindi. Shuningdek, ishlab chiqarish bilan o‘zaro integratsiya mustahkamlandi. Hozirda 100 dan ortiq korxona bilan hamkorlik shartnomalar mavjud. 3 mingga yaqin talaba turli korxonalarda amaliyot o‘tamoqda. Har yili professor-o‘qituvchilar stajirovkadan o‘tadi.

Joriy o‘quv yilidan boshlab dual ta’lim tizimi joriy qilindi. Endi talabalar bir vaqtning o‘zida ham o‘qish, ham ishlash imkoniyatiga ega. Ta’lim sifatiga e’tibor qaratilib, xorijiy professor-o‘qituvchilar jalb etilmoqda. Hozirgi kunda oliygohimizda 31 nafar xorijlik professor-o‘qituvchi faoliyat olib boryapti. Ularni mahalliy pedagoglarga biriktirib, metodik tajriba almashinuviga erishilmoqda.

Bizning o‘qituvchilar ham xorijiy universitetlarda o‘rindoshlik asosida pedagogik faoliyat bilan shug‘ullanib kelmoqda. Ilmiy salohiyat deyarli ikki baravar oshdi. Bugungi kunda 10 ta ilmiy kengash faoliyat yuritmoqda. Ilgari yil davomida 20-25 ta ilmiy ish himoya qilingan bo‘lsa, o‘tgan o‘quv yilida bu ko‘rsatkich 60 dan oshdi. Joriy yilda 70 ta ilmiy ishni himoya qilish rejalashtirilgan. Ilmiy salohiyatimiz 30 foizdan 60 foizga oshgan.

– Suhbatimiz so‘nggida xalqaro hamkorlik doirasida kelgusi rejalarga ham to‘xtalib o‘tsangiz.

– Bu borada rejalarimiz juda katta. Birinchi navbatda, TOP-300 talik universitetlarning qo‘shma ta’lim dasturlarini yo‘lga qo‘yish, ilmiy salohiyati yuqori bo‘lgan professor-o‘qituvchilarni jalb qilish, zarurat tug‘ilsa, ularning laboratoriyalaridan foydalanish masalalarini ilgari surmoqdamiz. Hozirda shunga erishdikki, TOP-10 talikka kiradigan Berklidagi Kaliforniya universitetining seysmologiya bo‘yicha malakali professorlaridan birini keyingi o‘quv yilida jalb qilamiz.

Xorijiy olimlarni jalb qilish, talabalarni xorijiy oliygohlarda ta’lim olishiga yo‘naltirishga e’tibor qaratmoqdamiz. Dunyo universitetlari reytingiga kirishni ham maqsad qilganmiz. Shuningdek, ilg‘or universitetlarning grantlarini yutish va eng zamonaviy laboratoriyalarni universitetimizda joriy etish niyatimiz bor.

Koreya bilan ham hamkorlikni kuchaytirmoqdamiz. O‘zbekiston tarixida birinchi marta uchuvchilarni tayyorlashni yo‘lga qo‘ydik va buni yanada kengaytirish niyatimiz bor. Oliy ta’lim tizimida bu kabi yo‘nalishlar mavjud emas edi. Koreya aerokosmik universiteti (KAU)ning katta bazasi mavjud. Mazkur oliygohning aerodromi va 100 dan ortiq samolyoti bor. Xuddi shunday bazani ular bilan hamkorlikda universitetimizda tashkil etishni rejalashtirmoqdamiz.

<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/SPU1-b_Mopc" title="Abdulaziz GʻULOMOV: “Transport sohasida salohiyatli kadrlarni tayyorlashda xalqaro hamkorlik" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>

Nasiba Ziyodullayeva, Doniyor Yoqubov (video), Anvarxo‘ja Ahmedov (montaj), O‘zA