Buyuk mutafakkir Abdulla Qodiriyning “Moziyg‘a qaytib ish ko‘rmoq xayrlidir” degan fikri zamirida olam-olam ma’no mujassam. Bu xayrlilik va ezgulik nimada ko‘rinadi? Avvalo, ajdodlar ruhiga hurmat, azaliy qadriyatlarga sadoqatda, xayrli an’analarni davom ettirishda emasmikin?
Keksalar o‘gitiga quloq tutish, yaxshisini olib, yomonini tashlashda, milliy qadriyatlarni boyitib borishdadir balki?! Farg‘ona viloyati Qo‘shtepa tumani "G‘ishtmon" mahalla fuqarolar yig‘inida istiqomat qiluvchi mehnat faxriysi Abdujalol Abdujalilov bilan suhbatlashgan kishi beixtiyor o‘z xatti-harakatlariga bir qur nazar tashlashi, o‘zi va atrofidagilar axloqi, yashash turzini “taroziga solib”, tegishli xulosa olishi tabiiy.
– Hozir odamlarimiz orasidan mehr-oqibat ko‘tarilganday, nazarimda. Bolaligimda uyimizda biror ovqat qilsak, qo‘ni-qo‘shni, qarindosh-urug‘ bilan baham ko‘rardik, – deydi 76 yoshli otaxon. – Imoratlarimiz hashamdor bo‘lmasa ham, ko‘nglimiz keng edi, yaltir-yultir kiyim kiymasak-da, bir-birimizga oqibatli edik. Yolg‘ondan yiroq bo‘lib, mehnatdan qochmasdik. Hashar degan udumimiz yo‘qolib ketyapti. Axir, bu hamjihatlik, birdamlik, mehr-oqibat timsoli-ku. Qishlog‘imizda hashar bo‘lsa, hamma ishini tashlab, ko‘makka shoshilardi.
Otaxon nolishni, birovdan ta’ma qilishni bilmaydi. Zero, ota-bobolar shunga o‘rgatgan. Umri davomida ne-ne qiyinchiliklarni, mashaqqatlarni ko‘rmadi, lekin nolimadi. Barchasini sabru bardosh, chidam bilan yengib o‘tdi. O‘n olti yoshligidan jamoa xo‘jaligida ishladi, armiya xizmatida bo‘ldi, 23 yil traktorchilik qildi. Halol peshona teri bilan to‘ylar qildi, farzandlarni uylab-joyladi.
– Shukurki, bugun yurtimizda tinchlik-xotirjamlik hukmron. To‘g‘ri, ba’zi muammolar bor, lekin hayotda muammo-yu kamchiliklar qachon tugagan? Bir muammo bartaraf etilsa, yangi tashvishlar paydo bo‘laveradi. Bir muddat elektr, gazda uzilishlar paydo bo‘lsa, ayyuhannos solish, so‘kinib-qarg‘anish shart emas. Yurtboshimiz – xalqparvar, rahbarlarimiz harakatda. Sabr qilsak, tilimizdan shukronalik tushmasa, yaxshi kunlar hali oldinda,– deydi u. – Insonni umid olg‘a boshlaydi, shukronalik, sabru bardosh esa hayotiga mazmun baxsh etadi. Bir qarashda uning gaplari mutelik va loqaydlikdan darak berayotganday tuyuladi. Biroq bir haqiqat borki, u aytganiday, hayotdagi neki muammo bo‘lsa, yechim – ayyuhannos solish emas. Bu astoydil qilingan mehnatda, xalq koriga yarash va mehr-oqibatda!
Kun-u tun duoda, qalbi ezgulikka limmo-lim otaxonning xonadonida o‘zgacha fayz hukmron. Garchi chekka bir qishloqda, ko‘rimsiz xonadonda yashasa-da, uning yuragidagi mehr taftidan olam charog‘on bo‘layotganday go‘yo. Tilidan shukronalik tushmaydigan, farzandlari, nevaralariga sabrli bo‘lishni, xalq bilan birga nafas olishni nasihat qilishdan tolmaydigan Abdujalol ota singari nuroniylarimiz bor ekan, qadam-baqadam olg‘a intilaveramiz, to‘siqlarni birma-bir yengib, yorug‘ kunlarga intilaveramiz.
M. Sulaymonov, O‘zA