English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Abduhoshim Ismoilov ijodiy asarlari” xalqaro ko‘rik-tanlovi g‘oliblari taqdirlandi
18:19 / 2025-01-31

Farg‘ona shahrida O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston xalq artisti Abduhoshim Ismoilov ijodiy merosiga bag‘ishlangan “Abduhoshim Ismoilov ijodiy asarlari” xalqaro ko‘rik-tanlovi g‘oliblarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.

Madaniyat vazirligi, Farg‘ona viloyati hokimligi, O‘zbek milliy maqom san’ati markazi va “Creative Reactive” MCHJ tashabbusi bilan tashkil etilgan mazkur tanlovda mahalliy va xorijiy davlatlardan taniqli san’atkorlar, yosh iste’dodlar hamda musiqiy ijro ustalari ishtirok etdi.

Uch kun davomida 155 nafar ishtirokchi cholg‘u ijrochilik ansambli, cholg‘u ijrochilik (yakka ijro), an’anaviy xonandalik ansambli, ayollar ovozi (yakka ijro) va erkaklar ovozi (yakka ijro) yo‘nalishlarida o‘z mahoratini namoyish etdi.

[gallery-21540]

Tanlovning taqdirlash marosimida O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vazirining birinchi o‘rinbosari Bahodir Ahmedov, viloyat hokimi o‘rinbosari Xurshid Ahmedov, O‘zbek milliy maqom san’ati markazi direktori Avazbek Shomurodov, O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston xalq artisti Abduhoshim Ismoilov hamda san’at va madaniyat sohasi vakillari, keng jamoatchilik ishtirok etdi. 

Qator nominatsiyalar bo‘yicha g‘olib bo‘lgan ishtirokchilarga diplom, pul mukofoti hamda esdalik sovg‘alari tantanali ravishda topshirildi. 

Yunus Rajabiy nomidagi “Maqom” ansambli va teatr aktyorlari Alisher Navoiyning “Xamsa”sidan parchalar ijro etdi. Shuningdek, tanlov g‘oliblari tomonidan yangragan kuy-qo‘shiqlar barchaga birdek manzur bo‘ldi.

Muqimjon QODIROV (surat), O‘zA