Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Abduhoshim Ismoilov: “E’tibordan boshim ko‘kka yetdi”
16:38 / 2025-08-19

Tadbirkorlari ko‘p yurtning taraqqiyoti, aholisining turmush farovonligi yuksak bo‘ladi. Shu bois ham mamlakatimizda keyingi yillarda Prezidentimiz tashabbusi bilan kichik va xususiy biznesni rivojlantirish, tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, tadbirkorlik sub’ektlarining barqaror ishlashi uchun keng imkoniyatlar yaratib berilmoqda.

Natijada yurt ravnaqiga munosib hissa qo‘shayotgan tadbirkorlar safi yildan-yilga ortib bormoqda, ularning samarali faoliyati xalqimiz turmush farovonligini yuksaltirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Tadbirkorlik borasida samarali faoliyati, erishgan yutuqlari bilan el-yurt, keng jamoatchilik o‘rtasida hurmat-e’tibor topgan, mehnatlari esa munosib e’tirof etilayotgn tadbirkorlardan biri, Andijon tumanidagi «Ravon taraqqiyot orzusi» mas’uliyati cheklangan jamiyati ta’sischisi Abdulhoshim Ismoilovdir.  

Uning rahbarligida 2019 yilda ish boshlagan korxonada bugungi kunda 100 dan ortiq turdagi yilning turli mavsumlariga mo‘ljallangan sifatli, xaridorgir erkaklar, ayollar hamda bolalar rezina poyabzallari, shuningdek, keta va krasovkalar ishlab chiqarilmoqda.  

Turkiya, Xitoy va boshqa qator rivojlangan davlatlarda ishlab chiqarilgan zamonaviy dastgohlar bilan jihozlangan korxonada tayyorlanayotgan poyabzallar o‘zining sifati, bejirimligi bilan xaridorlarga manzur bo‘lmoqda. Qolaversa, korxona mutaxassislari tomonidan doimiy ravishda marketing tadqiqotlari o‘tkazilib, bozor, iste’molchilarning talab va takliflarini o‘rganish yo‘lga qo‘yilgan. Ana shularga asoslangan holda mahsulotlarning yangi-yangi turlarini tayyorlash, qulayligi, sifati va  ko‘rinishini yaxshilash borasida doimiy izlanishlar olib borilmoqda. Shu bois ham, nafaqat ichki bozorda, balki xorijda ham  korxona mahsulotlariga talab yuqori bo‘lmoqda.

Bugungi kunda korxonaning mahsulotlarining aksariyati qismi  Qirg‘iziston, Qozog‘iston, Tojikiston, Rossiya, Belarus, Moldova, Afg‘oniston singari 20 ga yaqin davlatga eksport qilinmoqda.  

Korxonada olib borilayotgan izlanishlar, ishlab chiqarish quvvatlaridan unumli foydalanish borasidagi ishlar samarasida yutuqlar salmog‘i yildan-yilga ortib bormoqda. Bunda korxona rahbari Abdulhoshim Ismoilovning xizmatlari nihoyatda katta.  

Asli mutaxassisligi muhandis bo‘lgan A. Ismoilov korxonada ilg‘or, yangicha  ish uslublarini joriy etishga alohida e’tibor qaratadi. Umuman, erishilayotgan muvaffaqiyatlarda mehnatni tashkil etishda ilg‘or ish uslublarini qo‘llash, ichki imkoniyatlardan samarali foydalanish, zamonaviy texnologiyalarni ishlab chiqarishga joriy etish muhim omil bo‘lmoqda.  

Abdulhoshim Ismoilov tadbirkor sifatida mashaqqatli yo‘lni bosib o‘tdi, juda ko‘p ibratli ishlarni amalga oshirdi, ko‘plab yutuqlarga erishdi. Ushbu yutuqlar ortida esa minglab yangi ish o‘rinlari, minglab odamlarning tirikchilik va daromad manbai yotadi.

–Prezidentimiz tashabbusi bilan mamlakatimizda tadbirkorlar uchun keng imkoniyat va imtiyozlar yaratib berilayotganligi men kabi tadbirkorlarni yanada samarali ishlashga ilhomlantiradi, – deydi Abdulhoshim Ismoilov. – Bugun emin-erkin ishlashimiz uchun barcha sharoit yaratilgan. Qolaversa, tadbirkorlarga alohida maqom berilib, yurtimizda 20 avgust  Tadbirkorlar kuni sifatida nishonlanayotganligi ham bizga shijoat, kuch-g‘ayrat beradi.  

Darhqiqat,  bir necha yildan buyon yurtimizda nishonlanib kelayotgan ana shu sana – Tadbirkorlar kuni arafasida Abdulhoshim Ismoilovning ham ko‘p yillik samarali mehnatlari e’tirofini topdi. Mamlakatimizda tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, ishbilarmonlik muhitini yaxshilash borasida yaratilgan imkoniyatlardan unumli foydalanib, yurtimizning iqtisodiy qudrati va eksport salohiyatini yuksaltirishda salmoqli natijalarga erishayotgani, tashabbuskorligi, zamonaviy bilim va tajribasini namoyon etib, investitsiyalarni jalb qilish, import o‘rnini bosadigan mahsulotlar ishlab chiqarish, xizmatlar ko‘rsatishni yanada kengaytirish, aholi bandligi va farovonligini ta’minlash yo‘lida alohida jonbozlik ko‘rsatayotgan bir guruh biznes-sohasi vakillari, tadbirkorlar qatorida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli farmoniga asosan, Abdulhoshim Ismoilov «O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan tadbirkor» faxriy unvoni bilan taqdirlandi.  

–Mehnatlarim e’tirofi, yurtimizning yuksak unvonlaridan biri bilan taqdirlanganligimdan behad xursandman, e’tibordan boshim ko‘kka yetdi. Tadbirkor bo‘lib kam bo‘lmadim, el-yurt orasida hurmat-e’tibor topdim. Eng asosiysi, odamlarga, yurtimga foydam tegyapti.  

Berilgan mukofot menga kuch, shijoat beradi. Bundan keyingi faoliyatimda ko‘rsatilgan e’tibor, Prezidentimiz ishonchiga munosib javob qaytarishga, yurtimiz ravnaqi, obodligi, xalqimiz turmush farovonligini yuksaltirish yo‘lida yanada faol ishlashga harakat qilaman.  

      Faxriddin Ubaydullayev,

Zuhriddin Umrzoqov (surat), O‘zA muxbirlari