Poytaxtimizdagi "O‘zekspomarkaz"da Respublika tarmoqlararo sanoat yarmarkasining uchinchi kunida rejalashtirilgan taqdimot va tadbirlar yakunlandi.
O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Toshkent shahar hokimligi hamda Elektron kooperatsiya portali markazi hamkorligida tashkil etilgan yarmarkada 3 ming 185 ta mahalliy ishlab chiqaruvchi korxona 5 ming 169 turdagi mahsulotlarini namoyish etmoqda.
Sanoat yarmarkasida “O‘zkimyosanoat” AJning tarmoq korxonalari ham faol ishtirok etmoqda.
“O‘zkimyosanoat” AJ bo‘lim boshlig‘i Abduhamid Salomovning ma’lum qilishicha, sanoat yarmarkasi jamiyatga qarashli tarmoq korxonalari uchun foydali shartnoma va kelishuvlarga boy bo‘lmoqda.
– Yarmarkada “O‘zkimyosanoat” AJ tarmoq korxonalari – “Navoiyazot” AJ, “Maksam-Chirchiq” AJ, “Farg‘onaazot” AJ, “Dehqonobod kaliy zavodi” AJ, “Birinchi rezinotexnika zavodi” MCHJ, “Ammofos-Maksam” AJ, “Qo‘ng‘irot soda zavodi” MCHJ QK, “Jizzax plastmassa” AJ va “Toshkent kimyo-texnologiya ilmiy-tadqiqot instituti” MCHJlar ishtirok etmoqda.
“O‘zkimyosanoat” AJ tarmoq korxonalari tomonidan import orqali xarid qilinadigan hamda tarmoq korxonalarida ishlab chiqarilishi mahalliylashtirilgan mahsulotlar stendlar orqali namoyish etilmoqda. Ikki kun davomida“O‘zkimyosanoat” AJ tarmoq korxonalari tomonidan mahsulotlar sotish va sotib olish bo‘yicha 343,55 milliard so‘mlik 45 ta shartnoma imzolandi. Shu bilan birga, yarmarka doirasida tarmoq korxonalari tomonidan sotib olish bo‘yicha 9 ta hamkorlik memorandumi imzolandi, – dedi Abduhamid Salomov.
Respublika tarmoqlararo sanoat yarmarkasi 18 dekabr kuni o‘z ishini yakunlaydi.
Nasiba ZIYODULLAEVA, O‘zA