Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Abbosbek Fayzullayev – U23 Osiyo kubogining eng qimmat futbolchisi
11:12 / 2024-04-16

Xabaringiz bor, Qatarda U23 yosh toifasida futbol bo‘yicha Osiyo kubogi bahslari bo‘lib o‘tmoqda. Mazkur kubok joriy yilda Parij shahrida o‘tkaziladigan Olimpiya o‘yinlarining futbol musobaqasiga yo‘llanma berishi bilan o‘ziga xos o‘ringa ega.

Barchamizga ma’lumki, ushbu turnirda O‘zbekiston olimpiya terma jamoasi ham ishtirok etmoqda va futbolchilarimiz ertaga, 17-aprel kuni guruh bosqichidagi ilk uchrashuvlarini o‘tkazadi.  

Bilasizmi, aslida U23 toifasida o‘tkaziladigan musobaqa 2016-yilga qadar 22 yoshgacha bo‘lgan yoshlar o‘rtasida tashkil etilgan. So‘ngra, OFK qaroriga ko‘ra, bu musobaqa Olimpiya o‘yinlari saralash turniriga aylantirildi va ishtirokchilar yoshi ham ko‘tarildi. Yangi yosh toifasida tashkil etilgan qit’a kubogiga 2016-yilning yanvar oyida Qatar mezbonlik qildi hamda ilk marotaba to‘rt yillikning eng nufuzli sport tadbiriga yo‘llanmalar o‘ynaldi.  

O‘sha yilgi musobaqani o‘zbek futbol muxlislari hamon yomon tushdek xotiralarida saqlashlari tabiiy. Olimpiya terma jamoamiz mazkur kubok bahslarining «C« guruhida Janubiy Koreya, Iroq va Yaman termalariga qarshi o‘yin o‘tkazib, bor yo‘g‘i 3 ochko to‘plagan holda guruhdan chiqolmagan edi. Buning natijasida esa «Rio-2016» Olimpiadasi yo‘llanmasidan quruq qolgan edik.  

Oradan ikki yil o‘tib, mamlakatimizda futbolga qaratilgan ulkan e’tibor va shaffoflik tizimi yo‘lga qo‘yilgani samarasida Xitoyda o‘tkazilgan Osiyo chempionatida O‘zbekiston U23 terma jamoasi qit’a chempioniga aylangan bo‘lsa, 2020-yili Tailand mezbonlik qilgan kubokda kuchli to‘rtlikdan o‘rin olgan. 2022-yili Toshkentda tashkillashtirilgan Osiyo kubogida O‘zbekiston U23 terma jamoasi kumush medal sohibiga aylangan edi.  

O‘z-o‘zidan ko‘rinib turibdiki, U23 toifasidagi terma jamoamiz hali biror marotaba Olimpiya o‘yinlari yo‘llanmasini qo‘lga kirita olganicha yo‘q. Ammo bu yilgi Osiyo kubogida futbolchilarimiz shu yo‘llanma uchun asosiy da’vogarlardan biridir. Shuningdek, bu yilgi musobaqada Timur Kapadze shogirdlarini hali hech bir terma jamoa uddalay olmagan, ya’ni ikkinchi marta Osiyo kubogi sohibiga aylanishdek tarixiy voqea kutmoqda.  

Shu o‘rinda bu yosh toifasidagi Osiyo kubogida hozircha, O‘zbekiston, Iroq, Yaponiya, Janubiy Koreya va Saudiya Arabistoni terma jamoalari g‘olib bo‘lganini yodingizga solmoqchiman.  

Albatta, jamoamizning ushbu ikki oliy maqsadi yo‘lida bardavom harakat qilishi uchun terma jamoa safida yetarli tajribaga ega futbolchilarimiz ham bor. Shuningdek, jamoani bir qator nomdor futbolchilarimiz ham to‘ldirmoqda. Hozirga qadar Ibrohimxalil Yo‘ldoshev va Abbos Fayzullayev U23 Osiyo kubogi musobaqasida ishtirok etishi oydinlashdi. Faqatgina Abduqodir Husanovning jamoamiz tarkibiga qo‘shilishi so‘roq ostida turibdi. Umid qilamizki, muhim o‘yinlarga qadar metin himoyachimiz ham «Lans» klubidan «javob» oladi.  

Bu yilgi Osiyo kubogining qiziqarli ma’lumotlariga nazar tashlaydigan bo‘lsak, «Transfermarket« nashri xabariga ko‘ra, musobaqaning eng qimmat futbolchilari orasida Abbosbek Fayzullayevga teng keladigani yo‘q. Uning hozirgi transfer narxi 5 million yevroni tashkil etmoqda va u kubokning eng qimmat futbolchisiga aylangan. Faqatgina unga Janubiy Koreya termasi a’zosi Yan Xyon Jun yaqinlashishi mumkin. Uning transfer narxi 2 million yevroga baholangan.  

Shu o‘rinda, «Lans» jamoasi Abduqodir Husanovni terma jamoamiz ixtiyoriga qo‘yib yuborsa, himoyachimiz eng qimmat futbolchilar uchligidan joy olishi shubhasiz.  

Umid qilamizki, O‘zbekiston olimpiya terma jamoasining yorqin o‘yinlari va g‘olibona yurishlari orqali bu kabi qiziqarli hamda yangidan yangi faktlar Osiyo kubogining tarixidan joy oladi.  

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston olimpiya terma jamoasi 1-turni 17-aprel kuni Malayziyaga qarshi o‘tkazadi. Shuningdek, 20-aprelda Quvayt, 23-aprelda esa Vetnam bilan bahs olib boradi.  

 

Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA