Poytaxtimizdagi O‘zbekiston Tasviriy san’at galereyasida atoqli qozoq adibi va mutafakkiri Abay Qo‘nonboyev hayoti va ijodiga bag‘ishlangan «Abay. Qardosh xalqlar merosi» deb nomlangan ko‘rgazma ochildi.
O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari – Turizm va madaniy meros vaziri Aziz Abduhakimov davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan mamlakatimizda kechayotgan yangilanish jarayonlarida qo‘shni davlatlar bilan o‘zaro hamkorlik aloqalari sifat va mazmun jihatdan mutlaqo yangicha asosda, o‘zaro ishonch, do‘stlik, hamjihatlik, qardoshlik tamoyillari bo‘yicha yo‘lga qo‘yilayotganini ta’kidladi.
Aytish kerakki, 2018 yilda Qozog‘istonda O‘zbekiston yili muvaffaqiyatli o‘tkazildi. 2019 yili esa Vatanimizda Qozog‘iston yili bo‘ldi. Uning doirasidagi ijodiy loyihalar, anjumanlar, konsertlar, teatr jamoalarining gastrollari, ko‘rgazmalarning tashkil etildi.
«Abay. Qardosh xalqlar merosi» nomli ushbu ko‘rgazma buyuk bobokalonimiz Alisher Navoiyni o‘ziga ustoz deb bilgan, uning insonparvarlik g‘oyalarini o‘z asarlarida mujassam etgan Abay ijodini tobora teran va mukammal anglash imkonini berishi bilan ahamiyatlidir.
Qozog‘iston Respublikasi madaniyat va sport vaziri Dauren Abayev ushbu ko‘rgazmaning yuqori saviyada tashkil etilganini ta’kidlab, samimiy minnatdorlik bildirdi.
[gallery-10010]
"Toshkent shahrida Abay ijodiy merosiga bag‘ishlangan tadbirlar juda baland ruhda bo‘lib o‘tmoqda, – dedi Qozog‘iston Respublikasi madaniyat va sport vaziri Dauren Abayev. – Buning uchun O‘zbekiston rahbariyatiga minnatdorlik bildiramiz. Alisher Navoiy va Abay ijodidagi mushtaraklik har ikki ijodkor asarlarida insonparvarlik, xalqparvarlik, insonni barkamol, ma’rifatli ko‘rishdek ezgu g‘oyalarda ko‘zga tashlanadi. Bundan bir oy avval Qozog‘istonda O‘zbekiston madaniyati kunlari yuksak saviyada o‘tkazilgan edi. Bunday tadbirlar ikki xalq o‘rtasidagi do‘stlik va qardoshlik rishtalarini yanada mustahkamlashga, munosabatlarimizni yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi".
«Abay. Qardosh xalqlar merosi» nomli ko‘rgazma «Ko‘chmanchi madaniyat Abay ijodi shakllanishidagi asosiy omil», «Abay ijodida Alisher Navoiyning tutgan o‘rni», «Abay hayotining asosiy bosqichlari», «Abay qahramonlari va syujetlari musavvirlar Abilxan Kasteyev, O‘rol Tansiqboyev, Yevgeniy Sidorkin, Nurbulan Otepbayev kabi rassomlar ijodida» kabi bo‘limlarni o‘z ichiga qamragani bilan ahamiyatlidir. Uning ekspozitsiyasi ushbu tasviriy san’at galereyasi bilan birga Qozog‘istondagi «Jidebay-Borili» Abay muzeyi, yurtimizdagi O‘rol Tansiqbrev uy-muzeyi, I.Saviskiy nomidagi Qoraqalpog‘iston san’at muzeyi eksponatlaridan iborat ekani bilan ahamiyatlidir.
Ko‘rgazmada shuningdek, qozoq xalqining bezakli-amaliy san’at buyumlari, Abay hayoti va ijodiga bag‘ishlangan tasviriy san’at asarlari o‘rin olgan.
Shu kuni poytaxtimizdagi Abay haykali poyida ma’rifiy tadbir ham bo‘lib o‘tdi.
"Abay merosi o‘zbek xalqi qalbida ham bezavol yashab kelmoqda, – dedi Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbari Minhojiddin Mirzo. – Abayni o‘zbek xalqi ham yuksak e’zozlaydi. Prezidentimizning Abay ijodini o‘rganishga oid tashabbusi mamlakatimiz bo‘ylab keng quloch yoydi. Bu kabi ma’rifiy tadbirlar turkiy she’riyatning zabardast vakili ijodini tahlil etish imkonini beradi. Negaki, Abay merosi yoshlarni bilim olishga, izlanishga, poyonsiz imkoniyatlardan unumli foydalanishga chorlashi bilan qadrlidir".
"Abay ijodiga bag‘ishlangan bu kabi tadbirlar yuqori saviyada o‘tayotgani uchun O‘zbekiston rahbariyati va xalqiga rahmat aytamiz, – dedi Qozog‘iston Respublikasining mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Beybut Atamqulov. – Abay falsafasi, uning g‘oyalari, she’riyati bugun ham dolzarbdir. U nainki qozoq xalqining, balki butun turk dunyosining ijodkori ham edi".
Qardosh xalqning ulug‘ shoiri va mutafakkiri ijodiy merosiga bag‘ishlangan haftalik doirasidagi anjumanlar, hujjatli film premeralari, adabiy suhbatlar, tadbirlar mamlakatimiz bo‘ylab davom etmoqda.
Nazokat Usmonova, Nosirjon Haydarov (surat), O‘zA