Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Abay ma’naviy merosi madaniy integratsiyani mustahkamlashga hissa qo‘shmoqda
13:26 / 2025-08-15

Ayni payt Markaziy Osiyo xalqaro instituti (MOXI)da “Markaziy Osiyo xalqlari madaniy integratsiyasini mustahkamlashda Abay ma’naviy merosining o‘rni” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tyapti.

Qozog‘istonning mamlakatimizdagi elchixonasi ko‘magida tashkil etilgan mazkur tadbir mintaqa madaniy-gumanitar kun tartibida alohida o‘rin egallaydi.

Anjumanda davlat idoralari, diplomatik korpus, ilmiy va ijodiy doira vakillari, shuningdek talabalar, akademik jamoatchilik yetakchilari qatnashmoqda.

Ishtirokchilar orasida Markaziy Osiyo mamlakatlari va xalqaro tashkilotlar tadqiqotchilari, yozuvchilar, tarjimonlar, madaniyat va san’at arboblari, shuningdek O‘zbekistondagi qozoq, qirg‘iz, tojik, turkman, ozarbayjon, belarus, rus, tatar va boshqird madaniyat markazlari faollari bor.

Konferensiyada buyuk qozoq shoiri, mutafakkiri va islohotchisi Abay Qo‘nonboy o‘g‘lining 180 yilligi munosabati bilan uning serqirra merosi haqida fikr almashilmoqda.

MOXI direktori Javlon Vahobov ulug‘ adibning inson, jamiyat, ma’rifat va axloqiy qadriyatlar bilan bog‘liq qarashlari XXI asrda ham dolzarbligini yo‘qotmay, davlatlararo muloqot va madaniy hamkorlikka ilhom berishda davom etayotganini qayd etdi.

Qozog‘istonning mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Beybut Atamqulov shoirning adabiyot, san’at va madaniyat rivojiga qo‘shgan hissasi xususida so‘zlab, Prezident Qosim-Jomart Toqayev tashabbusi bilan qardosh yurtda Abay xotirasini abadiylashtirish maqsadida amalga oshirilayotgan ishlarga to‘xtaldi.

Ta’kidlanishicha, Abayning she’riy asarlari va “Nasihat so‘zlari”da ifoda etilgan insonparvarlik tamoyili turli xalqlar bir-birini yaxshiroq anglashiga, ma’naviy madaniyatni boyitishga ko‘maklashadi. Bu ta’limot global chaqiriqlar va o‘zaro bog‘liqlik sharti zarurati kuchayib borayotgan sharoitda yanada dolzarblik kasb etadi.

– Abay xalqni jaholatdan qutqarishga intilgan. Uning asarlari nafaqat qozoq o‘quvchilari, balki butun Markaziy Osiyoning umumiy boyligi sifatida, o‘zbek kitobxonlari uchun ham qadrli, – deydi madaniyat vaziri o‘rinbosari Murod Majidov. – Shu bois yurtimizda ham ushbu mutafakkir hayoti va ijodini chuqurroq tadqiq etish maqsadida turli madaniy tadbirlar o‘tkazilmoqda.

[gallery-24778]

Anjumanda yoshlar, ilmiy doira vakillari, keng jamoatchilik orasida Abay g‘oyalarini targ‘ib etishga qaratilgan ilmiy va madaniy talqinlar almashinib, amaliy tashabbuslar ishlab chiqilmoqda. Umuman, tadbir madaniy-gumanitar aloqalarni mustahkamlash, madaniyatlararo muloqot ko‘lamini kengaytirishga xizmat qiladi.

Behruz Xudoyberdiyev,

Muhammad Amin (foto), O‘zA