Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Abadiyatga muhrlangan millat fidoyilari
11:01 / 2025-10-06

Toshkent Fotosuratlar uyida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Qatag‘on qurbonlari xotirasi davlat muzeyi hamda O‘zbekiston Badiiy akademiyasi hamkorligida “Tarixiy xotira, ma’naviy va ruhiy tarbiya – Yangi O‘zbekiston poydevori” shiori ostida “1938 yil 4 oktyabr qurbonlari: abadiyatga muhrlangan millat fidoyilari” nomli fotoko‘rgazmaning tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2025 yil 29 avgust kuni “Shahidlar xotirasi” xiyoboniga tashrifi chog‘ida bildirgan konseptual fikrlari va topshiriqlari hamda 2024 yil 19 iyuldagi “Siyosiy qatag‘on qurboni bo‘lgan yurtdoshlarimiz hayoti va faoliyatini o‘rganish, targ‘ib etish hamda ularning xotirasini abadiylashtirish borasidagi ishlarni kengaytirish to‘g‘risida”gi qaroridan kelib chiqib, oktyabr oyining birinchi haftasi – “Qatag‘on qurbonlarini yod etish” haftaligi etib belgilangani barchamizga ma’lum.

Aynan oktyabr oyida bunday haftalikning belgilanishi bejiz emas, albatta. Tadbir tashkilotchilari tomonidan taqdim etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, 1937-1938 yillardagi “Katta qirg‘in” mustamlakachilik davri O‘zbekiston tarixining eng mudhish  sahifasidir. Ma’lumki, 1938 yil 4–16 oktyabr kunlari SSSR Oliy sudi Harbiy kollegiyasining sayyor yig‘ilishlarida 507 nafar o‘zbekistonlik siyosiy mahbus ustidan hukm o‘qilgan. Ularning eng ko‘zga ko‘ringanlari jismonan mavh etilgan, qolganlari uchun turli muddatga surgun yoki qamoq jazosi belgilangan.  

Soha mutaxassislarining fikricha, 1934–1938 yillar O‘zbekistonda 40 mingdan ortiq inson qatag‘on qilingan. Shulardan 730 nafari “xalq dushmani” sifatida otib tashlangan. Birgina 1938 yilning mash’um oktyabr oyida millatimizning Fitrat, Cho‘lpon, Abdulla Qodiriydek eng sara ziyolilari, G‘ozi Olim Yunusov, Qayum Ramazon, Otajon Hoshimov, Majid Qodirov, Ziyo Saidov kabi adabiyotshunos olimlar, birinchi o‘zbek kinorejissyori va fotografi Xudoybergan Devonov, Sattor Jabbor, Sulton Matqul, Bahovuddin Amin kabi Germaniya oliy maktablarini bitirib, Vatanga Yevropaning ilm-fan, texnika yutuqlarini joriy etishga bel bog‘lagan yigitlar, Turg‘unpo‘lot Qirg‘izov, Mirkomil Mirsharapov kabi o‘zbek milliy armiyasining ilk zobitlari, umuman fan, adabiyot, san’at darg‘alari, hukumat va jamoat arboblari bo‘lgan minglab qahramon zotlarimiz mahv etilgan edi. Ular hukm chiqarilgan kuniyoq, 1938 yilning 4 oktyabrida, shoshilinch qatl etildi. Voqeaning eng dahshatli jihati shundaki, ularga hukm 5 oktyabr sanasi bilan chiqarilgan...  

Tariximizning ana shu fojiali kunlarini aslo yoddan chiqarmaslik, yurt ozodligi, millat erki va ravnaqi, milliy qadriyatlarimiz, dinu diyonatimiz, boy ma’naviyatimiz sofligini saqlash yo‘lida kurashgan va jon fido etgan chinakam vatanparvar ajdodlarimiz xotirasini abadiylashtirish bugungi avlodning muqaddas burchidir.

Aynan shu burchni ado etish maqsadida “Qatag‘on qurbonlarini yod etish haftaligi” doirasida butun respublika bo‘ylab turli xotira kechalari, ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar, davra suhbatlari, ko‘rgazmalar o‘tkazilmoqda.  

Toshkent Fotosuratlar uyida ochilgan mazkur ko‘rgazmaga 1937-1938 yillar – “Katta qirg‘in” davrida siyosiy qatag‘on qurboni bo‘lgan davlat va jamoat arboblari, fan, madaniyat, adabiyot hamda san’at namoyondalariga oid tarixiy fotosuratlar namoyishga qo‘yildi. Uning ta’sirchanligi va mazmundorligini yanada oshirish maqsadida mavzuga oid kartinalar va haykallar ham ko‘rgazmaga qo‘yilgan.

Bugungi kunda Qatag‘on qurbonlari xotirasi davlat muzeyi fondida saqlanayotgan mazkur tarixiy fotosuratlar ko‘p yillik ilmiy izlanishlar, ekspeditsiyalar jarayonida maxsus arxivlardan, kutubxonalardan, qatag‘on qurbonlari yaqinlarining shaxsiy arxivlaridan topilgani bilan qimmatli hisoblanadi.

Darhaqiqat, bu kabi ko‘rgazmalar yurtimizning istiqloli nechog‘li qadr-qimmatli ekanini, yorug‘ va farovon kunlarimiz eng katta boylik ekanini yana bir karra ifoda etadi.  

N.Usmonova,

O‘zA muxbiri