Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Abadiyat oralab borayotgan turkiy shoir
19:18 / 2025-09-12

Atoqli shoir Shavkat Rahmon umrini adabiyotga, she’riyatga bag‘ishlagan, halollik, or-nomus, insof-diyonat, vatanparvarlik timsoliga aylangan ijodkor edi. O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, taniqli shoir va tarjimon Shavkat Rahmon tavalludining 75 yilligiga bag‘ishlangan “Abadiyat oralab boradi turkiy shoir” nomli fotoko‘rgazma va xotira kechasi o‘tkazildi.

Tadbir ishtirokchilari dastlab shoir mangu qo‘nim topgan qabristonda bo‘lib, shoir ruhiga Qur’on tilovat qildi. 

Anjuman doirasida tashkil etilgan fotoko‘rgazmada Shavkat Rahmonning hayoti, faoliyati, serqirra ijodi haqida batafsil tanishish imkoniyati yaratildi. 

Tadbirda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi, O‘zbekiston xalq shoiri Sirojiddin Sayyid, O‘zbekiston xalq shoiri Usmon Azim, taniqli adabiyotshunos olim, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, adabiyotshunos olim va tarjimon Zuhriddin Isomiddinov va boshqalar Shavkat Rahmon ijodining ahamiyatli jihatlari, uning ibratli fazilatlari xususida batafsil so‘zladi.

[gallery-25268]

– Shavkat Rahmon milliy adabiyotimizning zabardast vakili, ustoz maqomidagi katta shoir edi, – dedi O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi Sirojiddin Sayyid. – Shavkat Rahmon deganda yuraklar jimirlab ketishi tayin. Sababi og‘ir zamonlarda she’riyatni diyonat, e’tiqod, deb bilgan, hazrat Navoiy avlodlariga xos sadoqat bilan xizmat qilgan ijodkor ko‘z o‘ngimizda gavdalanadi. Shavkat Rahmonning “Guliston” jurnalida chop etilgan ilk she’rlari, shuningdek, uning dastlabki she’riy to‘plami adabiy jamoatchilikda, ixlosmandlar orasida juda katta ovoza bo‘lgan. Shavkat Rahmon she’riyatning eng katta namoyandalarining ta’limini olgan ijodkor edi. Qattiqqo‘l va talabchan muharrir, xorijiy adabiyotni to‘g‘ridan-to‘g‘ri tarjima qilish uchun erinmasdan ataylab ispan tilini mukammal o‘rgangan shoir edi.Uning tarjimalari ispan tilidan ona tilimizga qilingan to‘g‘ridan-to‘g‘ri tarjimalardir. 

Uyushma tomonidan Shavkat Rahmon ijodini o‘ziga jamlagan “Saylanma” kitobi nashrga tayyorlanmoqda. Uni Qirg‘izistonning O‘sh shahridagi Zahiriddin Muhammad Bobur nomidagi o‘zbek drama teatrida taqdimotini o‘tkazish ham rejalashtirilgan. Umuman, olganda bugungi kunda davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev tashabbusi asosida adabiyot rivojiga hissa qo‘shgan ijodkor borki, barining hurmatini joyiga qo‘yish borasidagi ezgu tashabbus amalda o‘zining yorqin ifodasini topmoqda.

– Shavkat Rahmon bilan dastlab uning she’rlari orqali tanishganman, – dedi O‘zbekiston xalq shoiri Usmon Azim. – Unda hali shoirning Moskvada Oliy adabiyot institutida o‘qib yurgan kezlari edi. Keyinchalik Navoiy ko‘chasi 30-uydagi G‘afur G‘ulom nomidagi adabiyot va san’at nashriyotiga ishga keldi. Biz nihoyatda yaqin do‘st edik. Shavkat Rahmonning eng katta xislati uning halolligi edi. Adabiyotga, o‘z nuqtai nazariga, adabiy jarayonga juda halollik bilan yondashardi. “Vatan”, “adolat”, “halollik” degan tushunchalar Shavkat Rahmon uchun ustuvor ahamiyatga ega edi. 

Shavkat Rahmon 1950 yil 12 sentyabrda O‘sh viloyatining Qorasuv tumaniga qarashli Pomir mahallasida tug‘ilgan. 1975 yilda Moskvadagi Adabiyot institutini tugatgan. Dastlabki she’riy to‘plami — «Rangin lahzalar» nomi bilan 1977 yilda nashrdan chiqqan. Shoirning «Yurak qirralari» (1981), «Ochiq kunlar» (1984), «Gullayotgan tosh» (1985), «Uyg‘oq tog‘lar» (1986), «Hulvo» (1988), «Saylanma» (1997) singari she’riy kitoblari adabiyot muxlislariga yaxshi tanish. Federiko Garsia Lorka («Saylanma», 1979), Xuan Ramon Ximenes va boshqa ispan shoirlarining she’rlarini o‘zbek tiliga tarjima qilgan. 

Betakror ijodi, mamlakatimiz adabiyoti rivojiga qo‘shgan hissasi uchun 1996 yilda “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi” unvoniga sazovor bo‘lgan. 

Xotira tadbirida Shavkat Rahmonning betakror ijodi xususida batafsil so‘z yuritildi.

Nazokat Usmonova, Oybek Pardayev (suratlar), O‘zA muxbirlari