Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Aʼzamxon BAHROMOV: Koronavirus pandemiyasi yaqin 3-4 yilga moʻljallangan rejalarimizni tezroq bajarishni taqozo etdi
17:20 / 2020-05-15

Yurtimizda koronavirus infeksiyasi keng tarqalib ketishining oldini olish maqsadida karantin eʼlon qilinganiga ikki oy boʻldi.


Yurtimizda koronavirus infeksiyasi keng tarqalib ketishining oldini olish maqsadida karantin eʼlon qilinganiga ikki oy boʻldi. Bu davr mobaynida koʻrilgan choralar tufayli kasallik yuqtirgan bemorlarni davolash, epidemiologik holatni barqarorlashtirishga erishildi.

Ayni paytda esa har bir hududdagi vaziyatdan kelib chiqib, viloyat, tuman, shahar darajasida karantin cheklovlari yumshatilmoqda.

Epidemiologik holat nuqtayi nazardan bugun Kattaqoʻrgʻon tumani “yashil” hudud hisoblanadi. Yaʼni, karantin cheklovlari ancha yumshatilgan, koʻplab faoliyat va xizmatlarga ruxsat berilgan. Tumanda hayot bir maromda, avvalo karantin qoidalariga qatʼiy amal qilgan holda davom etmoqda.

Umuman, Kattaqoʻrgʻon uchun bu sinov qanday kechdi, koronavirus pandemiyasidan keyin tuman xalqi hayotida nima oʻzgaradi, qanday yangi loyihalar amalga oshiriladi?

Shu kabi savollar bilan tuman hokimi Aʼzamxon Bahromovga murojaat qildik.

– Koronavirus pandemiyasi butun bashariyatning boshiga kelgan katta sinov boʻldi, – deb gap boshladi A.Bahromov. – Dunyoning iqtisodiy baquvvat, qudratli davlatlari ham bu ofat oldida ojiz boʻlib qoldi. Koʻp davlatlarda, xalqaro miqyosda iqtisodiy inqiroz kuzatilmoqda. Hech kim, hech bir davlat bu xavf qachon bartaraf boʻlishi haqida aniq bir gap aytolmayapti. Mana shunday vaziyatda yurtimizda koronavirus oqibatlarini yumshatish, karantin sharoitida qanday ish tutish boʻyicha Prezidentimiz rahbarligida aniq dastur va rejalar ishlab chiqilib, amalga oshirilmoqda. Sodda qilib aytadigan boʻlsak, oddiy fuqarodan boshlab rahbarlargacha karantin sharoitida qanday yashash va ishlashni puxta oʻzlashtirishi talab qilinmoqda.

Shundan kelib chiqib biz – tumanimizdagi toʻrt sektor rahbari ham bugungi pandemiya sharoitida oʻz faoliyatimizni qayta koʻrib chiqib, aholini bu vaziyatdan imkon qadar betalofat olib chiqish boʻyicha oʻz vazifalarimizni belgilab oldik.

Avvalo, xonadonma-xonadon yurilib, ishsizlar, qiynalib qolgan oilalar roʻyxati shakllantirildi. Shu asosida ularga yordam berish chorasi koʻrildi. 3556 ta ehtiyojmand oilaga 724 ta tadbirkorlik subyekti va homiylar tomonidan oziq-ovqat mahsulotlari va boshqa zarur yordam berildi. Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan tashkil etilgan “Saxovat va koʻmak” fondiga hozirgacha 1,1 milliard soʻm mablagʻ tushdi va bu mablagʻ ham karantin paytida qiynalib qolgan oilalarni ijtimoiy himoyalashga yoʻnaltirilmoqda.

– Ehtiyojmand oilalarga bunday shaklda yordam berilayotgani yaxshi, albatta. Lekin ularga “baliq” bergandan koʻra, “baliq tutishni oʻrgatish” maʼqul koʻrilmoqda?

– Biz ham aynan shunday yoʻl tutyapmiz. Qayd etilgan 3556 ehtiyojmand oilada yashovchi 5097 nafar fuqaroning 2781 nafarini tomorqa, kooperativ hamda boshqa ishlarga band qilish, 1802 nafarini tadbirkorlikka oʻrgatish boʻyicha chora-tadbirlar belgilandi.

Bundan tashqari, hozirda hech bir daromadsiz qolgan 2857 nafar fuqaro haq toʻlanadigan jamoat ishlariga jalb qilindi. 60 kishiga shaxsiy tomorqasidan samarali foydalanishi uchun subsidiya ajratilib, doimiy daromad manbaiga ega boʻldi.

Bular ham dastlabki choralar. Lekin biz ertani oʻylashimiz kerak. Ertaga tumanimiz aholisining hayoti qanday boʻladi, iqtisodiyotmiz nima boʻladi?

Ana shu savolga javob nuqtayi nazaridan, birinchi navbatda 2020-yil yakuniga qadar va 2021-yil pishiqchilik vaqtigacha aholimizning asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlariga boʻlgan ehtiyojini hamda tumanimizda bunday mahsulotlarni yetishtirish imkoniyatini oʻrganib chiqdik. Dastlabki hisob-kitoblarimiz, agar ishni oqilona tashkil etsak, oldimizga qoʻygan vazifalarni bekamu koʻst bajarsak, nafaqat tumanimiz aholisi ehtiyojini qondirish, balki ehtiyojdan ortgan qismini chetga sotish orqali ham daromad olish imkoniyati mavjudligini koʻrsatdi.

Ikkinchi masala – tumanimiz asosan agrar sohaga ixtisoslashgani uchun paxta va gʻallachilikda zamonaviy innovatsiya va texnologiyalardan foydalanishga eʼtibor qaratdik. Xorijdan zamonaviy pnevma seyalka va texnikalar keltirib, gʻalla va paxtani ana shu usulda ekdik.

Jumladan, bu yilgi mavsumda 9 ming gektar yerdagi gʻallaning 6 ming gektar ochiq maydoni pnevma seyalka yordamida ekilgani bizga urugʻlikni iqtisod qilish va gʻalla tup sonini oshirish imkonini berdi. Shuning hisobidan bu yil tumanimizda gʻalla hosildorligi oʻrtacha 75-80 sentner boʻladi. Ayrim hududlarimizda 90-100 sentnergacha hosil olish mumkinligini aytishmoqda, mutaxassislar.

Ikkita klasterimiz tomonidan qariyb 11 ming gektar paxta maydonimizda ham bu yil xorijdan keltirilgan 115 ta pnevma seyalka yordamida yangicha usulda chigit ekildi. Bunda ham avvalo urugʻlikning ortiqcha sarfi oldi olindi. Chigitni yagonalashga hojat qolmadi, bir vaqtning oʻzida oziqlantirish va begona oʻtlarga qarshi dorilash imkoniyati paydo boʻldi.

– Eshitishimizcha, tumanda qishloq xoʻjaligining bu anʼanaviy sohalaridan boshqa yoʻnalishlarida ham aniq dasturlar ishlab chiqilgan ekan. Shu haqda ham maʼlumot bersangiz?

– Albatta. Qishloq xoʻjaligining boshqa tarmoqlarida, asosan, aholini keng jalb qilgan holda, ularning bandligini va doimiy daromad manbaiga ega boʻlishi uchun besh yoʻnalish boʻyicha dastur ishlab chiqdik va yangicha ishlashni yoʻlga qoʻyapmiz.

Birinchi yoʻnalish bu – qulupnaychilikni bugungi kun talabidan kelib chiqib rivojlantirish. Bilasiz, tumanimiz aholisi ushbu ekin turini yetishtirish boʻyicha boy tajribaga ega va koʻplab mahallalarimiz qulupnay yetishtirishga ixtisoslashgan. Lekin ular bir necha yildan buyon anʼanaviy navlarni yetishtiradi. Bu navdagi hosilni esa uzoq vaqt saqlash va eksport qilish imkoniyati yoʻq. Shuning uchun biz aholi bu ekindan yana ham koʻproq daromad olishi va tumanimizning eksport salohiyatini oshirish uchun 2018-yil yakunida “Sharq sanoat konserni” yordamida invitro laborotoriyasida koʻpaytirilgan qulupnayning “Zinga-zinga” navidan 820 ming tup keltirib ekdik. Oʻtgan yil kuzida esa undan olingan 5 million tup qulupnay koʻchati fermer xoʻjaliklari va aholi xonadonlariga tarqatildi. Odamlarga yangi nav maʼqul boʻldi. Birinchidan hosildor, har bir tup qulupnaydan 1–1,5 kilo, gektaridan 40 tonnagacha hosil olish mumkin. Ikkinchidan, bu nav yiliga ikki marta hosil beradi. Uchinchidan, mevasi xushtaʼm, saqlash muddati 7-10 kungacha, sovutkichli omborlarda 20 kungacha saqlash mumkin. Bu esa mahsulotni faqat ichki bozorda emas, Rossiya va boshqa Yevropa mamlakatlariga eksport qilish imkonini beradi.

Shuning uchun tumanimizda Kattaqoʻrgʻon qulupnaychilar uyushmasi, zamonaviy tilda aytganda, klaster tashkil qilindi. 2020-yilda 2021-yil hosili uchun fermer xoʻjaliklari va aholi tomorqasi hisobidan 1000 gektar maydonga qulupnay ekish rejalashtirilgan. Shundan 500 gektari qoʻl mehnati kam talab qiladigan, tomchilatib sugʻorish texnologiyasi asosida ekiladi. Qulupnay yetishtirish uchun ajratilgan yerlarda asosan kambagʻal oilalar va ishsiz yoshlar, shu jumladan xotin-qizlar ishga qabul qilinmoqda. Tumandagi boʻsh turgan sobiq konserva zavodi oʻrnida muzlatgichli omborxona quriladi va saralash, qadoqlash logistika markazi tashkil etiladi. Kelgusi yildan tumanimizda 30 ming tonna qulupnay yetishtirilib, kamida 10 ming tonnasi (taxminan, 10 mln. dollarlik) eksportga yoʻnaltiriladi. Eng muhimi, ushbu tarmoqda 5 ming kishining bandligi taʼminlanadi.

Ikkinchi yoʻnalish – limonchilik. Bu yil tumanimizda 10 gektar yer maydoniga ega limonchilik klasteri tashkil etildi. Shuningdek, ayni paytda aholi xonadonida mavjud 1600 ta issiqxonada, mehnat va bandlik vazirligi subsidiyalari hisobidan tomorqalarda quriladigan 600 ta kichik issiqxonada ham serhosil, eksportbop limon koʻchati ekiladi. Hozirda bu borada Mundiyon mahallasida ish boshlandi.

Bundan tashqari, respublikamizda limonchilikni rivojlantirishga masʼul boʻlgan “Turon bank” tomonidan tadbirkorlarga 50 gektar maydonda har biri 1 gektardan zamonaviy issiqxona kredit asosida qurib beriladi. Bu issiqxonalarda limon koʻchatlari orasida yuqorida qayd etilgan qulupnay navi ekilib, qishda ham aholi dasturxoniga bahoriy neʼmat yetkazib beriladi. Hisob-kitoblarimiz koʻra, bu yil tumanimizda 100 gektar limonariylar tashkil etiladi va bu tarmoqdan ham yiliga 90 milliard soʻm daromad olinadi.

Limon klasteri qoshida logistika markazi tashkil etiladi. Mahsulotni eksport qilish bilan birga shu yerning oʻzida qayta ishlab, limon murabbosi ishlab chiqariladi.

Uchinchi yoʻnalish – pillachilik. Hozirgi vaqtda tumanimizdagi 4 mingdan ortiq xonadonda 5527 quti ipak qurti parvarishlanmoqda. Bu kamida 8 ming kishi shu ish bilan shugʻullanayotganini bildiradi. Har bir quti ipak qurti uchun 300 ming soʻmdan boʻnak puli berildi va har bir kilo pilla uchun 26 ming soʻm narx belgilangan. Shuningdek, pillakorlarni qoʻshimcha ragʻbatlantirish yoʻlga qoʻyilgan. Buyam aholi uchun daromad. Yetishtiriladigan 304 tonna pilla xom ashyosi oʻzimizning “Kumush tola” korxonamizda qayta ishlanadi. Shu paytgacha korxona ipak tolasini xorijga eksport qilar edi. Endi tayyor mahsulot ishlab chiqariladi. Buning uchun korxona tomonidan 1,5 mln. AQSH dollari evaziga Janubiy Koreya va Xitoydan ipakli mato ishlab chiqarish uskunalari keltirib, oʻrnatilmoqda. Eʼtiborlisi, ushbu texnologiya yordamida yiliga 600 tonna pillani qayta ishlash mumkin. Bu esa tumanimizda faqat bahorda emas, yilning boshqa fasllarida ham ipak qurti parvarishlash imkoniyatini yaratadi. Eʼtiborlisi, korxonaning oʻzida ishlab turgan 100 nafar ishchi yoniga yana 50 nafar yigit-qizlar qoʻshilib, ularning bandligi taʼminlanadi.

Toʻrtinchi yoʻnalish – chorvachilik. Xalqimiz bu ishning ham ustasi. Ikki yil oldin tumanimizda mazkur tarmoqni zamon talablari asosida rivojlantirishga kirishgan edik. Shu paytgacha xorijdan 3000 bosh nasli qoramol keltirdik va nemis loyihasi asosida qurilgan 250 bosh chorvaga moʻljallangan fermalarida boqishni yoʻlga qoʻyganmiz. Bu naslli mollardan sunʼiy urugʻlantirish natijasida ikkinchi marta buzoq olinmoqda.

Aholi va fermer xoʻjaliklari qoramogʻidagi chorvaning naslini yaxshilash maqsadida tuman boʻyicha 36 ta sunʼiy urugʻlantirish shoxobchalari tashkil etildi, 40 nafar mutaxassislar ish bilan taʼminlandi. Chorva uchun yetarli miqdorda ozuqa bazasi yaratish ham muhim vazifa hisoblanadi. Shu maqsadda Turkiyadan hosildor va ozuqabop makkajoʻxori urugʻi keltirib, koʻpaytirayapmiz. Bu yangi navni ham yangicha usulda ekib, fermer xoʻjaliklariga, shuningdek, chorvasi bor aholiga 10 sotixdan boʻlib beryapmiz. Gʻalladan boʻshaydigan maydonlarimizga ham chorva uchun ozuqa yetishtirishni rejalashtirganmiz. Gʻalla, makkajoʻxori va boshqa ozuqa mahsulotlarini yetarli miqdorda yetishtirgach, oʻz-oʻzidan omuxta yem masalasi hal boʻladi. Natijada tumanimizda goʻsht va sut mahsulotlari ishlab chiqarish hozirgidan ikki barobar koʻpayadi.

Beshinchi yoʻnalish – foydalanilmay turgan lalmi yerlarda tokzorlar tashkil etish, bodom, pista va yongʻoq bogʻlari yaratish. Oʻtgan yil tumanimizning dasht hududlarda 300 ga yaqin artezian qudugʻi qazilib, ushbu yoʻnalishda ishlar boshlangan edi. Hozirgacha 3,5 ming gektar yerni oʻzlashtirgan boʻlsak, bu yil yana 3 ming gektar maydonda tokzor va bogʻlar yaratamiz. Mayizbop va serhosil uzum navlari ekilgan tokzorlarni aholiga 35-50 sotixdan uzoq muddatli ijaraga beryapmiz. Tok hosilga kirguncha qator orasida boshqa ekinlarni yetishtirib turish mumkin. Bu ham aholi uchun ish oʻrni, doimiy daromad manbai boʻladi.

– Demak, qayd etilgan yoʻnalishlarning barchasi avvalo aholi bandligini taʼminlash, ularning turmush darajasini oʻzgartirish, oilalarni kambagʻallikdan chiqarishga qaratilgan. Lekin bu ishlarni bir yilda amalga oshirishning imkoniyati bormi? Odamlar-chi, ular bu harakatlarning mohiyatini anglayaptimi?

– Toʻgʻri, asosiy maqsad ham shu – aholining kambagʻal, ijtimoiy koʻmakka muhtoj qatlamining tinch va toʻkin hayot kechirishiga erishish va biz bu ishni yaqin uch-toʻrt yilda amalga oshirishni rejalashtirgandik. Ammo bir yomonning bir yaxshisi bor, deganlaridek, bugungi pandemiya ushbu jarayonni tezlashtirishni, yuqorida aytganimdek, karantin sharoitida yashash va ishlashga oʻrganishimizni taqozo etmoqda. Axir hayot davom etmoqda, ishsiz qolgan aholi bandligini, doimiy daromad manbaiga ega boʻlishini taʼminlashimiz kerak. Buning uchun davlat tomonidan barcha kuch va vositalar safarbar etilmoqda, mablagʻ ajratilmoqda. Qolgani oʻzimizga, odamlarimizning ertanga kunga ishonchi, farzandlari kelajagi uchun harakatiga bogʻliq. Agar hamjihatlikda, bir-birimizni tushunib ishlasak, birlashsak, albatta, oldimizga qoʻygan maqsadlarimizga yetamiz.