Tirbandlik masalasi aholi uchun eng dolzarb muammolardan biriga aylandi. So‘nggi 2-3 yilda Toshkent shahrida 7-9 balli tirbandliklar har kuni kuzatilayotgan bo‘lsa, ayrim vaqtlarda mazkur holat 10 ballgacha ko‘tarilmoqda.
Senat yalpi majlisida ko‘rib chiqilgan “O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga yo‘llarda harakatlanish xavfsizligini ta’minlashga hamda jamoat transportidan foydalanish samaradorligini oshirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonun shu kabi muammolarning oldini olishga qaratilgan.
– Yo‘llarda tirbandlikni kamaytirish hamda aholiga qulayliklar yaratish maqsadida jamoat transportiga ustuvorlik berish yo‘nalishida amaliy choralar ko‘rilmoqda, – dedi Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi raisi Qutbiddin Burxonov. – Xususan, Toshkent shahrida avtobuslar soni so‘nggi 2 yilda 2 barobarga oshdi. Ular uchun alohida yo‘laklar tashkil etilishi natijasida avtobuslarning qatnovdagi oraliq intervali 2 barobarga qisqardi. Yo‘lovchilar soni 2 barobarga o‘sib, kunlik foydalanuvchilar soni 1 million yo‘lovchiga yetdi. Biroq, qonunchilikdagi bo‘shliqlar jamoat transportidan foydalanishning samaradorligining jiddiy pasayishi, qatnov muntazamligi va jamoat transportining erkin harakatlanishiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.

Shahar avtomobil yo‘llarida jamoat transporti uchun alohida yo‘laklar ajratilib, boshqa transport vositalarining harakati taqiqlangan bo‘lsa-da, ularning ushbu yo‘laklarda harakatlanishi davom etmoqda.
Amaldagi qonunchilikda jamoat transporti uchun alohida ajratilgan yo‘laklarda harakatlangan transport vositalari haydovchilari uchun javobgarlik choralari nazarda tutilmagan.
Shu bilan birga, haydovchilarning transport vositalarini velosiped yo‘laklari, trotuarlar hamda yashil hudud maydonlarida boshqarishi kuzatilmoqda va ushbu hududlarda harakat qatnashchilarining xavfsizligini ishonchli ta’minlashga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.
Yo‘llarda harakatlanish xavfsizligini ta’minlashga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi omillardan yana biri – noqonuniy ravishda sun’iy to‘siqlar o‘rnatish, yo‘lni to‘sib qo‘yish holatlaridir.
Fuqarolar o‘z yashash hududlaridagi ko‘chalarda noqonuniy ravishda sun’iy to‘siqlar o‘rnatishi, yo‘lni to‘sib qo‘yish orqali harakatlanishni cheklagan holda aholiga shoshilinch xizmat ko‘rsatuvchi hamda maxsus transport vositalari harakatiga to‘sqinlik qilmoqda.
Bu boradagi muammolarni hal etish maqsadida ishlab chiqilgan mazkur qonun bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga yangi 128-7-modda kiritilib, jamoat transporti uchun alohida ajratilgan yo‘laklarda harakatlanish qoidalarini buzganlik uchun javobgarlik belgilanmoqda.

Jumladan, yo‘nalishli transport vositalari uchun alohida ajratilgan tasmasi bor yo‘ldan transport vositalarining harakatlanishi – bazaviy hisoblash miqdorining bir baravari miqdorida, xuddi shunday huquqbuzarlikni ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takroran sodir etilsa – bazaviy hisoblash miqdorining uch baravari miqdorida jarima solishga sabab bo‘lishi belgilanmoqda.
Shu bilan birga, qonun bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 128 - moddasi nomlanishi va birinchi qismi dispozitsiyasi yangi tahrirda bayon etilmoqda.
Endilikda haydovchilarning transport vositalarini trotuarlardan, piyodalar va velosiped yo‘lkalaridan, yashil maydonlardan yurgizishi, yo‘l belgilari va yo‘l harakatining boshqa qoidalari talablariga rioya etmasligi uchun javobgarlik belgilanmoqda.
Senatorlar ma’qullagan qonun yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlashga, yo‘l-transport hodisalarining oldini olishga, yo‘llarda jamoat transporti harakatlanishi uchun qo‘shimcha qulayliklar yaratilishiga xizmat qiladi.
N.Abduraimova, O‘zA