Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“A 376": 56 milliard so‘mlik ko‘prik qurilmoqda
10:30 / 2022-08-26

Sirdaryo viloyatining Xovos shaharchasi yaqinidagi A 376 “Qo‘qon – Jizzax” avtomobil yo‘lining 214.3 kilometr qismidagi (yo‘l o‘tkazgich) ko‘prikni qayta qurish ishlari qizg‘in davom etmoqda.

“Farovon yo‘l servis” mas’uliyati cheklangan jamiyati direktori Spitamen Jo‘raqulov rahbarligidagi mehnat jamoasi yuksak mas’uliyatni his etgan holda ushbu ko‘prikni bunyod etmoqda. Loyiha egasi “O‘zyo‘lloyiha Loyiha qidiruv instituti” davlat unitar korxonasi, bosh pudratchi Toshkent ko‘priklardan foydalanish unitar korxonasi hisoblanadi.

Joriy yilning yanvar oyida boshlangan qurilish ishlari uchun jami 56 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltirilgan. Hozirgi kunda MCHJ ixtiyoridagi 12 ta eng zamonaviy texnikadan unumli foydalanilmoqda. Samarqand, Buxoro va Qashqadaryo viloyatlaridan jam bo‘lgan quruvchilar shijoat va matonat ko‘rsatib mehnat qilmoqda. Texnika ta’minoti bosh mexanik Arsen Aliyevning qat’iy nazoratida.

Hududning o‘zida sifatli beton qorishmasi tayyorlanadi. Beton uzelining bosh operatori Zarif Sharofov boshchiligidagi ishchilar guruhi qorishmaning talab darajada bo‘lishiga alohida e’tibor qaratmoqda.

– Yo‘l o‘tkazgichning uzunligi 200 metr bo‘lib, eni 14 metrni tashkil etadi, – deydi ish yurituvchi I.Qobilov. – Avvalgisiga qaraganda eniga yana bir metr qo‘shilgani sabab avtomashinalar o‘tadigan asosiy qismning ikki tomonida piyodalar uchun ham yo‘laklar barpo etilib, o‘tishlariga qulay imkoniyat yaratiladi.

Ko‘prik ostiga o‘rnatiladigan asosiy tayanch ustunlari 12 ta bo‘ladi. Ko‘prik ustiga o‘rnatiladigan 18 metrli 154 ta mustahkam beton plitalar Toshkent shahridan, 396 ta qoziq sifatida qoqiladigan, armaturali karkas bilan betonlab, qotiriladigan maxsus quvurlar Rossiya Federatsiyasidan  keltiriladi.

Ko‘priksoz quruvchilar ushbu ko‘prikni yil oxirida foydalanishga topshirishni rejalashtirgan.

 

Sh.Suyarov, F.Toshmatov (surat), O‘zA