Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Turizm sohasi moliyaviy qo‘llab-quvvatlanmoqda
16:21 / 2020-11-24

Surxondaryo viloyatida beshta turoperator va oltita mehmonxonaga Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi huzuridagi byudjetdan tashqari turizm sohasini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasidan 292 million so‘mga yaqin maqsadli foizsiz ssuda ajratildi.

Koronavirus pandemiyasi jahon iqtisodiyotiga jiddiy zarar yetkazayotgan joriy yilda dunyo turizmi kutilmagan inqirozga yuz tutdi. Davlatimiz tomonidan o‘z vaqtida ko‘rilgan izchil chora-tadbirlar mamlakatimizda sohani qo‘llab-quvvatlab, pandemiyaning ta’sirini yumshatishga xizmat qilmoqda.

Prezidentimizning 2020 yil 28 maydagi “Koronavirus pandemiyasining salbiy ta’sirini kamaytirish uchun turizm sohani qo‘llab-quvvatlashga doir kechiktirib bo‘lmaydigan chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni bu borada muhim omil bo‘layotir. Shunga muvofiq yurtimizdagi joylashtirish vositalari va turoperatorlarga maqsadli foizsiz ssuda ajratib, xodimlarning ish haqisini to‘lash orqali saqlab turish yo‘lga qo‘yildi. Shu maqsadda Inqirozga qarshi kurashish respublika maxsus jamg‘armasidan Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi huzuridagi byudjetdan tashqari turizm sohasini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasiga tegishli mablag‘ ajratilgan.

– Viloyatda 51 ta mehmonxona va xostel, 38 turistik firma mavjud, – deydi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi viloyat hududiy boshqarmasi mas’ul xodimi Xayrulla Xolniyozov. – Mamlakatimizga koronavirus infeksiyasi kirib kelishi va tarqalashining oldini olish maqsadida joriy etilgan karantin davrida sayyohlar kelmagani uchun ular vaqtincha o‘z faoliyatini to‘xtatib turishga majbur bo‘ldi. 

Bu esa turopetartorlar hamda mehmonxona xo‘jaligiga katta iqtisodiy zarar yetkazdi. Ayni paytda berilayotgan maqsadli foizsiz ssudalar ana shu zararni yumshatishga ko‘maklashayotir. Bunda mehmonxonalarga har bir joylashtirish xonasi uchun, turfirmalarga xodimlar soniga qarab mablag‘ ajratilmoqda. Jumladan, Termiz shahridagi “Otash” mehmonxonasi mavjud 45 ta xonaga 50 million 175 ming so‘m, Boysun tumanidagi “Normat” mehmonxonasi 40 ta o‘rin uchun 44 million 600 ming so‘m, Sho‘rchi tumanidagi “Farovon” mehmonxonasi 24 xonaga 26 million 760 ming so‘m maqsadli foizsiz ssuda olib, xodimlarining ish haqini to‘lab berdi.

Viloyatda sayyohlarga sifatli xizmat ko‘rsatib kelgan “Turon turizm trans stroy”, “Gulshoda trans turizm”, “Zodiak kasaba sayr” kabi beshta mas’uliyati cheklangan jamiyati ham turoperatorlari soniga qarab, 2 million 135 ming so‘mdan 18 million 670 ming so‘mgacha maqsadli foizsiz ssuda oldi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, viloyatda yana o‘nga yaqin turfirma va mehmonxona xo‘jaligi maqsadli foizsiz ssuda olish uchun buyurtma bergan.

Xolmo‘min MAMATRAYIMOV, O‘zA