Chust tumani hokimligi axborot xizmati tomonidan Namangan viloyatida faoliyat yuritib kelayotgan ommaviy axborot vositalari xodimlari va blogerlar uchun tashkillangan press-tur boshlandi.
Press-tur doirasidagi ilk tadbir - matbuot anjumanida sektor rahbarlari - Chust tumani hokimi Bekzod Hamdamov, tuman prokurori Xurshid Odilov, tuman ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i Xayrulla Suinboyev va tuman davlat soliq inspeksiyasi rahbari Nabijon Mahkamov ishtirok etmoqdalar.

Anjumanni ochib bergan O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi viloyat bo‘limi raisi Nosirjon Dehqonov press-turning maqsad-vazifalari haqida gapirdi.
Tuman hokimi Bekzod Hamdamov uch ming yillik tarixga ega bo‘lgan qadimiy va navqiron Chustda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy o‘zgarishlar xususida axborot berdi.
- Biz 270 ming aholi istiqomat qilayotgan Chustning rivojini, iqtisodiy "o‘sish nuqtasi"ni sanoat va tadbirkorlik orqali ko‘ramiz. To‘g‘risi, uch yil oldin tumanimizda to‘rtta sement zavodini bo‘lishini tasavvur qilmaganmiz. Birgina bitta zavod bir oyda 1 milliard so‘m soliq tushumi bilan davlatga foyda keltirmoqda.

Kelgusida Chustning har bir hududida kichik sanoat zonasini tashkil etishni ko‘zlayapmiz. Bu borada ilk amaliy ishlarni boshladik, - dedi Bekzod Hamdamov.
Chust tumanidagi press-tur davom etmoqda.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA