Veterinariya va chorvachilikini rivojlantirish davlat qo‘mitasi mas’ullari va Xitoy Xalq Respublikasi Bojxona bosh ma’muriyati vakillari o‘rtasida videokonferensiya shaklida muloqot bo‘lib o‘tdi.
Unda Veterinariya va chorvachilikini rivojlantirish davlat qo‘mitasi va Xitoy Xalq Respublikasi Bojxona Bosh ma’muriyati o‘rtasida 2019 yil 27 avgustda Pekinda imzolangan O‘zbekistondan Xitoyga eksport qilinadigan asal bo‘yicha tekshiruv, karantin va veterinariya talablari borasidagi bitimga oid masalalar muhokama qilindi.
Onlayn muhokamada mamlakatimizdan Xitoyga eksport qilinishi kutilayotgan asal sertifikati chinlik mutaxassislar tomonidan tasdiqlangani, shuningdek yurtimizning olti nafar asal ishlab chiqaruvchi sub’ekti muvaffaqqiyatli tarzda Xitoyga asal yuboruvchi kompaniyalar ro‘yxatidan o‘rin olgani qayd etildi.
Ahamiyatlisi, ushbu korxonalar mazkur bitim talablari asosida asal va asal mahsulotlarini eksport qilishga tegishli ruxsat oldi.
Muhokamalar davomida Xitoyga asal eksport qilmoqchi bo‘lgan boshqa istiqbolli kompaniyalarni tegishli tartibda ro‘yxatdan o‘tkazish borasida ham kelishildi.
Veterinariya va chorvachilikni
rivojlantirish davlat qo‘mitasi
Axborot xizmati