Davlat bojxona qo‘mitasi matbuot xizmatining xabar berishicha, Toshkentdagi "Chuqursoy" bojxona postida MCHJlardan birining nomiga xorijdan temir yo‘l konteynerida keltirilgan yuklar belgilangan tartibda bojxona ko‘rigidan o‘tkazilgan.
Natijada konteynerdagi yuklar orasida yo‘l-yuk kuzatuv hujjatlarida qayd etilmagan 5 ming 300 dona soyabon, 251 mingdan ziyod fonar, 3,5 million dona bolalar uchun shar hamda 10 ming 900 dona LED chiroqlari borligi aniqlangan. Mazkur tovarlarning umumiy qiymati esa salkam 9.1 milliard so‘mni tashkil qilmoqda.
Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, ularni bojxona nazoratidan yashirincha olib kirish orqali yuk egalari davlat byudjetiga undirilishi lozim bo‘lgan 2,8 milliard so‘mlik bojxona to‘lovlarini "tejamoqchi" bo‘lgan.
Mazkur holat yuzasidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

Yana bir holatda Davlat bojxona qo‘mitasi va Toshkent shahar IIBBning shaxsiy xavfsizlik boshqarmalari hamkorligida o‘tkazilgan tadbirda firibgarlik jinoyatini sodir etib kelayotgan shaxs qo‘lga olingan.
Qayd etilishicha, muqaddam firibgarlik jinoyatini sodir etganligi uchun bir necha marotaba sudlangan fuqaro A.Qayumov bu gal huquqni muhofaza qiluvchi idoralarning yuqori mansabdor shaxslari nomini sotib, huquqni muhofaza qiluvchi idoralarning xizmat-kiyim boshlaridan foydalangan holda fuqarolarni aldab, ularning ishonchini suiiste’mol qilish yo‘li bilan firibgarlik jinoyatini sodir etgan.
A.Qayumov jinoiy faoliyatini amalga oshirish maqsadida o‘zining jinoiy sheriklari bilan birga fuqarolarni ishga kiritib qo‘yish, yirik miqdordagi pul mablag‘lari bilan bog‘liq qalbaki shartnomalar tuzib berish evaziga juda ko‘p miqdordagi pul mablag‘larini qo‘lga kiritib kelgan.
Mazkur holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov organiga yuborilgan.
Shahnoza Mamaturopova,
O‘zA