Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
900 dan ziyod mahallada kichik quyosh elektr stansiyalari barpo etiladi
14:10 / 2026-02-18

Yangi qaror

Yurtimizda kambag‘al oilalarga davlat tomonidan ko‘rsatiladigan ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash choralari ko‘lami kengayib, manzilli va samarador faoliyat orqali daromadga erishishlariga ko‘maklashilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 5-fevralda “2026-yilda hududlarni yangicha yondashuvlar asosida rivojlantirish orqali aholi daromadini oshirish, barqaror ish o‘rinlarini yaratish hamda kambag‘allikni qisqartirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Hujjatda kambag‘al oilalarni barqaror daromad bilan ta’minlash maqsad qilingan.

Jumladan, mazkur qaror ijrosi doirasida kambag‘allik darajasi yuqori bo‘lgan 903 ta mahallada kichik quyosh elektr stansiyalarini barpo etish belgilandi.  

Davlatimiz rahbari tomonidan joriy yil 9-fevral kuni ayni yo‘nalishda qaror qabul qilindi.

Kambag‘al oilalarni barqaror daromad bilan ta’minlash maqsadlari nazarda tutilgan “Og‘ir” mahallalarda kichik quyosh elektr stansiyalarini barpo etish orqali kambag‘al oilalarni qo‘llab-quvvatlashning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi mazkur qarorda, Energetika vazirligi Energiya samaradorligi milliy agentligi bilan birgalikda “og‘ir” mahallalarga daromad keltiradigan aktiv sifatida 300 – 500 kVt soat quvvatdagi kichik quyosh elektr stansiyalarini ishga tushiradi. Loyihani moliyalashtirish uchun Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi tomonidan 110 million AQSH dollari miqdorida mablag‘ ajratilishi belgilandi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari bir oy muddatda kambag‘allik darajasi yuqori bo‘lgan mahallalarda kichik quyosh elektr stansiyalarini qurish uchun zarur bo‘lgan yer uchastkalarini doimiy foydalanish huquqi asosida Energetika vazirligiga belgilangan tartibda ajratadi.

Bunda yer uchastkalarini ajratish bilan bog‘liq materiallarni ishlab chiqish va ekologik ekspertiza xulosalarini taqdim etish Kadastr agentligi va Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi tomonidan bepul tarzda amalga oshiriladi.

Shuningdek, 2026-yil yakuniga qadar mahallalarda kichik quyosh elektr stansiyalari barpo etiladi va bu bo‘yicha amalga oshirilgan ishlarni Energetika vazirligi Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan birgalikda qayta hisob-kitob qilib, talab etiladigan qo‘shimcha mablag‘lar bo‘yicha takliflar kiritadi.

O‘zA