Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
90 yillik ta’lim va ilm-fan merosi
14:14 / 2025-10-17

O‘zbekiston Milliy universiteti Tarix fakultetining 90 yillik yubileyi munosabati bilan “O‘zbekiston Milliy universiteti Tarix fakulteti 90 yoshda: ta’lim va ilm-fan markazi” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya o‘z ishini boshladi.

Anjumanda 10 dan ortiq mamlakatdan taniqli tarixchilar, olimlar, tadqiqotchilar, sohaviy ilmiy-tadqiqot muassasalari va oliy ta’lim muassasalari rahbarlari ishtirok etmoqda. Ular fakultetning ilmiy salohiyati, ta’lim sifati va tarixshunoslikdagi o‘rni haqida o‘z fikr-mulohazalarini bildirdilar.

Tarix fakulteti nafaqat yurtimiz tarixshunosligini rivojlantirishda, balki yosh avlodni vatanparvarlik, milliy qadriyatlarga hurmat va ilm-fanga sadoqat ruhida tarbiyalashda ham beqiyos xizmat qilib kelmoqda.

Fakultet o‘zining 90 yillik faoliyati davomida mustahkam ilmiy an’analarni saqlab qolish bilan birga, zamonaviy ta’lim standartlariga mos yangi yondashuvlarni joriy etdi. Professor-o‘qituvchilar talabalarda tarixiy tafakkurni rivojlantirish, ilmiy izlanishga qiziqish uyg‘otish va mustaqil tahlil qilish ko‘nikmalarini shakllantirish maqsadida bir qator darsliklar, o‘quv va uslubiy qo‘llanmalarni yaratdi.

—1935 yil tashkil etilgan mazkur fakultet tarix, arxeologiya, arxivshunoslik, etnologiya kabi yo‘nalishlar uchun yuqori malakali kadrlar tayyorlab kelmoqda. Ular nafaqat respublikada, balki xorijiy davlatlarda ham muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda, — dedi O‘zbekiston Milliy universiteti rektori, professor Inomjon Majidov.

Fakultet bitiruvchilari orasidan 10 ga yaqin akademiklar, ko‘plab davlat mukofotlari sohiblari va mashhur ilm-fan namoyandalari yetishib chiqqan. Bu an’ana bugungi kunda ham izchil davom ettirilmoqda.

Tarix fakultetining 90 yillik faoliyati nafaqat ta’lim va fan sohasidagi katta tajriba, balki Vatan tarixi, milliy qadriyatlar va ilmiy merosni asrab-avaylash yo‘lidagi sadoqat timsolidir. 

Nigora Rahmonova, O‘zA