Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
90 ta xorijiy davlat fuqarolari uchun O‘zbekistonga vizasiz kirish imkoniyatini yaratdik – Prezident
10:42 / 2022-03-24

O‘zbekiston zaminidan yetishib chiqqan buyuk alloma va mutafakkirlar, dunyoviy va diniy ilmlarning ulug‘ namoyandalari bugungi kunda ham butun insoniyatga xizmat qilayotgan noyob kashfiyot va bebaho asarlar yaratib, ularni jahon ahliga meros qilib qoldirganlar.

Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyev birinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumidagi nutqida alohida ta’kidladi.
Misol uchun, hozirgi davrda ham dolzarb bo‘lgan karantin tushunchasini Yevropada “Avitsenna” nomi bilan tanilgan ajdodimiz, buyuk shifokor Abu Ali ibn Sino bundan ming yil muqaddam birinchi bo‘lib amaliyotga joriy qilgani tarixdan yaxshi ma’lum. Mashhur davlat arbobi, ayni paytda buyuk astronom bo‘lgan Mirzo Ulug‘bek esa 15-asrdayoq Samarqandda rasadxona qurdirib, mingdan ortiq yulduzlarning eng to‘g‘ri koordinatlarini aniqlab, ilm-fan rivojiga beqiyos hissa qo‘shgan.

– Zamonaviy innovatsion va blokcheyn texnologiyalari va sun’iy intellekt negizini tashkil qiluvchi algoritm atamasi yana bir ulug‘ ajdodimiz – Muhammad Al-Xorazmiy nomi bilan bog‘liq ekanidan sizlar, albatta, xabardorsiz, – dedi davlatimiz rahbari. bugungi kunda O‘zbekiston o‘zining geografik joylashuviga ko‘ra, Shimol va Janubni, G‘arb va Sharqni magistral tranzit koridorlari orqali bog‘lab turadigan Markaziy Osiyo mintaqasining o‘zagi hisoblanadi. Biz “Buyuk o‘tmishdan – buyuk kelajak sari” tamoyili asosida iqtisodiy-ijtimoiy rivojlanishimizni jadal davom ettirmoqdamiz. Bundan 5 yil avval biz Harakatlar strategiyasini qabul qilib, uning doirasida keng ko‘lamli demokratik islohotlarni amalga oshirish yo‘lini tanladik.

Ushbu islohotlar dasturi davlatimiz va jamiyatimizning barcha sohalarini qamrab olib, qonun ustuvorligini ta’minlash, raqobatni rivojlantirish, korrupsiyaga qarshi keskin kurash olib borish kabi muhim yo‘nalishlarni o‘zida mujassam etgan. Biz birinchi navbatda, ilgari investorlarni O‘zbekiston bozoriga kirishi va erkin faoliyat yuritishiga to‘sqinlik qilgan barcha omillarni bartaraf etib, tadbirkorlik uchun qulay sharoitlar yarata boshladik.

Davlatimiz rahbari investorlar uchun yaratilgan keng sharoitlarga alohida to‘xtalib o‘tdi.

Jumladan, 2017 yilda milliy valyutamiz – so‘mning erkin konvertatsiyasini joriy qilib, xorijiy investorlar tomonidan foydani repatriatsiya qilish bilan bog‘liq barcha cheklovlar olib tashlangani qayd etildi.

Bank va yirik korxonalarimiz ilk marta xalqaro reytinglar olib, jahon moliya bozorlariga chiqdilar. Dunyo bozorlariga milliy valyutamizda ham xalqaro obligatsiyalar chiqarildi.

– Shu bilan birga, biz bank-moliya sohasidagi islohotlarimizni tizimli ravishda davom ettirish zarurligini, albatta, yaxshi tushunamiz. Mamlakatimizda ochiqlik siyosatini ta’minlash uchun 90 ta xorijiy davlat fuqarolari uchun O‘zbekistonga vizasiz kirish imkoniyatini yaratdik,– dedi Prezident. Yana 60 ga yaqin mamlakat fuqarolariga esa yengillashtirilgan tartibda viza olish imkoniyati berildi. Bu ko‘rsatkichlar bo‘yicha O‘zbekiston mintaqadagi eng ochiq davlat maqomini qo‘lga kiritgani bugun hech kimga sir emas.

 

O‘zA