2022 yildan boshlab pedagog kadrlar attestatsiyasi yangi tartibda bir yilda ikki marta, ya’ni yanvar-iyun va avgust-dekabr oylarida o‘tkazilishi yo‘lga qo‘yildi.
Bu borada avvalgi tizimda o‘qituvchilarning haqli e’tiroziga sabab bo‘lib kelayotgan byurokratik tartiblar bekor qilinib, ortiqcha qog‘ozbozliklardan xoli shaffof tizim yaratildi.
Endilikda toifa sinovlari uchun beriladigan ballar test sinovlari hamda pedagogik mahorat va psixologik tayyorgarlikni baholash orqali aniqlanadi.
Ya’ni pedagog kadrlarni attestatsiyadan o‘tkazish ikki bosqichda amalga oshirilmoqda:
Birinchi bosqichda pedagog kadrlarning pedagogik mahorati va psixologik tayyorgarligi ta’lim tashkilotining pedagogik (kuzatuv) kengashlari tomonidan o‘rganiladi hamda 20 ballik tizimda baholanadi.
Bunda manfaatdor vazirliklar va idoralar pedagog kadrlarning pedagogik mahorati va psixologik tayyorgarligini o‘rganish va baholash uchun o‘zining tizimidagi muassasalarni yoki mazkur faoliyatni amalga oshirishga ixtisoslashgan boshqa tashkilotlarni, shuningdek, mahalliy va xorijiy mutaxassislarni jalb qilishlari mumkin.
O‘qituvchilarning pedagogik mahorati va psixologik tayyorgarligini baholash natijalari ta’lim tashkiloti rahbarining imzosi va muhri bilan tasdiqlangan holda Ta’lim inspeksiyasi saytiga yuklash uchun pedagog kadrlarga taqdim etiladi.
Ikkinchi bosqichda esa pedagog kadrlarning o‘quv fani bo‘yicha malaka sinovlari o‘tkaziladi.
Malaka sinovlari quyidagi shakllardan biri bo‘yicha o‘tkaziladi:
test sinovlari;
ijodiy;
nazariy (og‘zaki, yozma);
nazariy (og‘zaki, yozma) va amaliy.
Pedagog kadrlar attestatsiyasining birinchi bosqichi bo‘yicha pedagoglarning fikrini o‘rganish maqsadida Ta’lim inspeksiyasining Telegram tarmog‘idagi rasmiy kanalida anonim so‘rovnoma o‘tkazildi.
18 ming nafardan ortiq pedagoglar ishtirok etgan so‘rovnomadagi «Siz faoliyat olib borayotgan ta’lim tashkilotida «pedagogik mahorat va psixologik tayyorgarlikni baholash» (20 ballik ma’lumotnoma berish) ishlarini qanday baholaysiz?» degan savolga ishtirokchilarning 90 foizi ijobiy (a’lo, yaxshi, qoniqarli) deb javob bergan.
"Attestatsiya jarayonlarini takomillashtirish uchun qaror va tartiblarni ishlab chiqayotganimizda, avvalo, byurokratiya va qog‘ozbozlikni oldini olishga, o‘qituvchilar uchun qulay tizim yaratishga e’tibor qaratgandik.
Bunda uzoq yillik tajribaga ega soha vakillari, direktorlar, ularning o‘rinbosarlari va bevosita amaliyotchi o‘qituvchilarning fikrlari o‘rganildi.
Pedagogik mahorat va psixologik tayyorgarlik ta’lim tashkilotining pedagogik (kuzatuv) kengashlari tomonidan baholanishi masalasida yangilik joriy etilishidan avval turli xil fikrlar bildirildi. Kimdir bu direktorga korrupsiya uchun yo‘l ochadi, tanish-bilishchilik, bo‘ladi desa, boshqalar maktab jamoalariga ham ishonch bildirish lozimligini ta’kidlashdi. Aksariyat pedagogik (kuzatuv) kengashlar o‘qituvchilarga maksimal ball qo‘yib beradi, degan fikrlar ham bo‘lgan.
Yakunda pedagogik (kuzatuv) kengashlariga ham ishonch bildirib, ularga ham attestatsiyada 20 ballgacha baholash imkoniyati berildi. Zero bu bir tomonidan o‘qituvchilarga ham, maktab rahbariyatiga ham o‘ziga xos mas’uliyat yuklaydi. Mazkur kengashlar o‘qituvchilarni baholashda har bir mezon bo‘yicha mas’uliyat bilan yondashgan. O‘tkazilgan anonim so‘rovnoma natijasi ham fikrimizni yana bir bor tasdiqladi", deydi Ta’lim inspeksiya bo‘lim boshlig‘i Safarali Hamrayev.
Ta’kidlash joizki, Ta’lim inspeksiyasi pedagoglar fikrini o‘rgangan holda attestatsiya jarayonlarini takomillashtirishda davom etadi.
Ma’lumot uchun, joriy yilning birinchi yarmida o‘tkazilgan attestatsiyada 278 ming 779 nafar pedagog ishtirok etgan bo‘lib, ularning 68 foizi ijobiy natija qayd etgan.
O‘zA