90 foiz mahsulot eksport qilinmoqda
Toshkent viloyati Chirchiq shahridagi “Maksam-Chirchiq” aksiyadorlik jamiyatiga ommaviy axborot vositalari xodimlari uchun press-tur tashkil etildi.
Toshkent viloyati Chirchiq shahridagi “Maksam-Chirchiq” aksiyadorlik jamiyatiga ommaviy axborot vositalari xodimlari uchun press-tur tashkil etildi.
“Oʻzkimyosanoat” AJ tashabbusi bilan oʻtkazilgan tadbirda jurnalistlar Oʻzbekiston Respublikasining “Ekologik nazorat toʻgʻrisida”gi qonuni ijrosi yuzasidan mazkur jamiyatda atrof-muhitga salbiy taʼsirning oldini olish borasida amalga oshirilgan ishlar bilan tanishdi.
Mamlakatimizda kimyo sanoatini jadal rivojlantirish, tarmoq korxonalarini texnik va texnologik yangilash, energiya tejaydigan, ekologik xavfsiz texnologiyalarni joriy etish, eksportga moʻljallangan, import oʻrnini bosadigan raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarishni koʻpaytirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
6 ming ishchi-xizmatchi mehnat qilayotgan “Maksam-Chirchiq” AJda ham bu borada tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, soʻnggi yillarda karbamid sexida texnologik jarayonlarni avtomatik boshqarish tizimi joriy etildi. Zamonaviy suv injektori, bugʻlatgich, separator va tozalash inshooti uskunalari oʻrnatildi.
Ishlab chiqarishni texnik va texnologik yangilash dasturi boʻyicha jamiyatni elektr energiyasi bilan taʼminlovchi transformatorlar energiya tejovchi uskunalar bilan jihozlandi. Shuningdek, bugʻ taʼminoti sexidagi isitish qozonlarining eskirgan jihozlari, ishlab chiqarish sexlaridagi nasoslar yangilandi. Ammiak ishlab chiqarish sexini boshqarish avtomatlashtirildi.
Zichligi past ammoniy nitrat (gʻovak selitra) ishlab chiqarishni tashkil etish investitsiya loyihasi asosida korxonada gʻovakli selitra ishlab chiqarish sexi qurilib, ishga tushirildi. Ayni paytda ushbu sex mahsulotining 90 foizi eksportga yoʻnaltirilayotir.
“Xomashyo tayyorlash uskunalarini rekonstruksiya va modernizatsiya qilish orqali mineral oʻgʻitlar ishlab chiqarish hajmini oshirish” loyihasi doirasida ammiak ishlab chiqarish agregatlari, ekonomayzerlar, qozon utilizatorlari, suyuq oltingugurtni filtrlash va bugʻ haroratini koʻtarish moslamalari yangilandi. Natijada ammiak ishlab chiqarish uchun sarflanadigan elektr energiyasi va tabiiy gazni tejashga erishildi.
Bugungi kunda korxonada karbamid, ammiak selitrasi, turli kislotalar, kimyoviy reagentlar singari 40 dan ortiq turdagi mineral oʻgʻit va kimyoviy mahsulotlar tayyorlanmoqda. Mahalliylashtirish dasturi doirasida sulfat magniy, sulfat kaliy, fosfomochevina singari yangi turdagi mahsulotlar ishlab chiqarish oʻzlashtirildi. Bu boradagi ishlar izchil davom ettirilmoqda.
Bu kabi yangilanishlar natijasida soʻnggi yillarda korxonaning atrof-muhitga taʼsiri sezilarli darajada kamaydi. Xususan, atmosferaga ifloslantiruvchi moddalarning chegaraviy meʼyori yiliga 7 ming 717 tonna boʻlib, 2018 yil yakunlari boʻyicha bu boradagi koʻrsatkich 2 ming 83 tonnani tashkil etdi. Yaʼni korxona tomonidan atmosferaga belgilangan chegaraviy meʼyordan 3,4 marotaba kam miqdorda zararli modda chiqarildi.