Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
90 foiz davlat tashkilotlari xodimlarida ekologik madaniyat yuksaltiriladi (+video)
22:02 / 2025-05-22

Sharh 

2025 yil 15 may kuni davlatimiz rahbari tomonidan imzolangan “2030 yilgacha bo‘lgan davrda aholining ekologik madaniyatini yuksaltirish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qaror atrof-muhitni muhofaza qilish hamda aholining ekologik madaniyatini yuksaltirishda muhim qadamlardan biri bo‘ldi.

Zero, ekologik muammolar kun sayin ortib borayotgan ayni paytda aholining ekologik madaniyatini yuksaltirish dolzarb ahamiyatga ega hisoblanadi. Shu maqsadda qarorda bir qator muhim maqsad-vazifalar belgilab berilgan. 

Mazkur qarorning mazmun-mohiyati, unda ko‘zda tutilayotgan vazifalar haqida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, O‘zbekiston Ekologik partiyasi fraksiyasi a’zosi Gulchehra Tojiboyeva batafsil gapirib berdi:

— Mazkur Konsepsiya aholining ekologik ongi va madaniyatini, tafakkurini yanada yuksaltirishga qaratilgan strategik hujjat hisoblanadi. Bugungi kunda iqlim o‘zgarishi, tabiiy resurslardan oqilona foydalanmaslik, chiqindi muammolari insoniyat salomatligi va hayotiga qanchalar salbiy ta’sir ko‘rsatayotganini anglab yetishimiz lozim. 

Konsepsiyaning asosiy maqsadi ham aholining ekologik mas’uliyatini oshirish va shu orqali ona tabiatga, tabiiy resurslarga ehtiyotkorona munosabatni shakllantirishdan iborat. Bu borada bir qator yo‘nalishlarda muhim vazifalar belgilangan. Masalan, ta’lim sohasida maktabgacha ta’lim tashkilotlaridan tortib oliy ta’lim muassasalarigacha bo‘lgan barcha bosqichlarda 10 millionga yaqin bola va yoshlarda ekologik madaniyatni yuksaltirish, ekologik ta’lim-tarbiyani mustahkamlash ko‘zda tutilgan. 

Bundan tashqari, 90 foiz davlat organlari, korxona va muassasalari xodimlarida ekologik madaniyatni yuksaltirish, buning uchun o‘quv kurslarini tashkil etish belgilangan. 

Konsepsiya bosqichma-bosqich ijro etiladi. Ya’ni, 2027 yildan boshlab Vazirlar Mahkamasi tomonidan har ikki yil muddatga tasdiqlanadigan alohida “yo‘l xaritasi” asosida bosqichma-bosqich amalga oshiriladi. Bunda Konsepsiya va “yo‘l xaritasi”da belgilangan chora-tadbirlarning o‘z vaqtida hamda samarali amalga oshirilishi, vazirlik, idora va tashkilotlarning bu boradagi faoliyati eng muhim samaradorlik ko‘rsatkichlari (KPI) asosida baholanib boriladi. 

Biz ekologik madaniyatni yuksaltirmasdan, har bir fuqaroning tabiatga munosabatini o‘zgartirmasdan turib, kelajak avlod, farzandlarimizga sog‘lom atrof-muhitni, sog‘lom tabiatni taqdim eta olmaymiz. Shu maqsadda qarorda “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasini kengaytirib, yiliga 2 million tup daraxt ekish, 1984 ta yashil bog‘lar, yashil belbog‘lar tashkil etish, 14 ta hududda yashil makonlar yaratish kabi maqsadlar ko‘zda tutilgan. 

Xulosa qilib aytganda, iqtisodiy barqaror davlatni qaror toptirish barobarida ekologik barqaror mamlakatni barpo etish mazkur Konsepsiyaning asosiy maqsadi. 

<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/VWiwDeq_K20" title="90 foiz davlat tashkilotlari xodimlarida ekologik madaniyat yuksaltiriladi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>

Muhtarama Komilova, Yoqub Meliboyev, Anvar Ahmedov (video), O‘zA