Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
9-Surxondaryo okrug komissiyasida jurnalistlar uchun matbuot anjumani o‘tkazildi
11:50 / 2023-04-03

O‘zbekiston Respublikasi Referendumini o‘tkazuvchi 9-Surxondaryo okrug komissiyasida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

Markaziy va mahalliy ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etgan anjumanda okrug komissiyasi raisi Abdusalom Xo‘jaqulov axborot berdi.  

Ta’kidlandiki, Oliy Majlis Qonunchilik palatasining shu yil 10 martdagi hamda Senatning 14 martdagi qarorlariga ko‘ra joriy yilning 30 aprel kuni “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy qonuni loyihasi bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Referendumi o‘tkaziladi.  

Mamlakatimiz hayotidagi muhim tarixiy voqeaga 9-Surxondaryo okrug komissiyasi hududida ham tegishli hozirlik ko‘rilmoqda. Jumladan, okrug komissiyasi uchun Termiz shahrida barcha sharoitlarga ega bino ajratilib, zarur jihozlar bilan ta’minlandi. Referendumlarga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazishda yetarli ish tajribasiga ega, aholi o‘rtasida obro‘-e’tibor qozongan fuqarolardan komissiya raisi, o‘rinbosari va kotibi, 18 nafar a’zodan iborat komissiya a’zosi ma’qullandi.  

Okrug huzurida matbuot markazi tashkil etilib, a’zolari saylandi.  

O‘zbekiston Respublikasining "O‘zbekiston Respublikasi Referendumi to‘g‘risida"gi  qonuni 20-moddasiga asosan komissiyaga tuman va shahar hokimlari taqdim etgan referendum uchastkalari bo‘yicha taqdimnomalari ko‘rib chiqilib, okrug hududiga ko‘ra, 860 ta referendum uchastkasini tuzishga qaror qilindi.  

– Bunda referendumda ishtirok etish huquqiga ega bo‘lgan fuqarolarga ko‘proq qulaylik yaratish uchun tumanlar va Termiz shahri chegaralari inobatga olinib, referendum uchastkalari tashkil etildi, – dedi okrug komissiyasi raisi A.Xo‘jaqulov. – Bu uchastkalarning 685 tasi umumiy o‘rta ta’lim maktablarida, 58 tasi kollej, litsey va texnikumlarda, 13 tasi mahalla fuqarolar yig‘inlarida, 19 tasi tibbiyot muassasalari, sanatoriy va dam olish maskanlarida tuzildi. Yettitasi oliy o‘quv yurti binolarida, 25 tasi davlatga qarashli korxona va tashkilotlarda, 33 tasi adliya, davlat xizmatlari, madaniyat va sport markazlarida, 16 tasi harbiy qism va ozodlikdan mahrum etish muassasalarida, 4 tasi tadbirkorlik sub’ektlari binolarida faoliyat yuritadi. Uchastkalar ro‘yxati viloyatdagi ommaviy axborot vositalarida e’lon qilindi.  

Milliy qonunchiligimizga ko‘ra, mavjud referendum uchastkalarining samarali faoliyat yuritishi uchun xalq deputatlari tuman va shahar kengashlari sessiyalarida fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, jamoat birlashmalari, korxona, tashkilot hamda muassasalar tomonidan uchastka komissiyalari a’zoligiga tavsiya qilingan nomzodlar ko‘rib chiqilib, muhokama etilishi kerak. Bu jarayonda ham nomzodlarning el orasida hurmat-obro‘ga egaligi, saylov va referendum o‘tkazishda yetarli tajribasi borligi e’tiborga olinadi. Shu kunlarda hududlarda bo‘lib o‘tayotgan sessiyalarda ana shu masala ko‘rib chiqilib, a’zolikka nomzodlarni tasdiqlash uchun okrug komissiyasiga tavsiya etiladi.  

Ayni paytda O‘zbekiston Respublikasi Referendumini o‘tkazuvchi 9-Surxondaryo okrug komissiyasi o‘z faoliyatini referendumga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha kalendar ish rejasi asosida olib bormoqda.  

Matbuot anjumanida ommaviy axborot vositalari vakillarini akkreditatsiyadan o‘tkazish yuzasidan ham fikr almashildi. Ishtirokchilarni qiziqtirgan savollarga atroflicha javob berildi.  

Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA