AOKAda Davlat kadastrlari palatasi axborot xizmati rahbari Munojot Yo‘ldosheva ishtirokida brifing tashkil etildi.
Unda ma’lum qilinishicha, joriy yilning o‘tgan davrida Kadastr pasportini tayyorlash bo‘yicha jismoniy va yuridik shaxslardan jami 598 ming 355 ta ariza kelib tushgan. Undan 398 ming 223 tasi, ya’ni 66 foizi ijobiy yakunlangan.
Joriy yilning 9 oyida Davlat kadastrlari palatasi hamda uning hududiy boshqarmalariga ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish masalasida 860 ming 684 ta murojaat kelib tushgan. Shundan, 601 ming 221 tasi ijobiy hal etilgan.
Tadbirkorlik va shaharsozlik faoliyatini amalga oshirish uchun joriy yilning 9 oyi davomida respublika bo‘yicha 25 ming 601 ta yer uchastkalari "Yerelektron" avtomatlashtirilgan axborot tizimiga kiritilgan. Shundan, qishloq xo‘jaligi yerlarida va muhofaza hududida joylashgan hamda bo‘sh yer emasligi aniqlangan yerlar soni 4 ming 59 ta, ko‘rib chiqilayotgani 9 ming 272 ta, shuningdek mulk hamda ijara huquqi asosida auksion savdolariga chiqarilgan yer uchastkalari 6 ming 846 tani tashkil etgan.
Hukumatning tegishli qarorlariga asosan hozirgi kunda kadastr muhandisi malaka shahodatnomasini olish istagidagi talabgorlar tomonidan malaka imtihoni topshirish uchun arizalar elektron tizim orqali, ya’ni Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali qabul qilinishi yo‘lga qo‘yilgan. Shundan kadastr muhandisi malaka shahodatnomasini olish uchun 1 ming 316 nafar talabgordan murojaatlar kelib tushgan. Bugungi kunga qadar 127 nafar talabgor imtihonlarni ijobiy yakunlagan va ularga malaka shahodatnomasi topshirilgan. 948 nafarining ma’lumoti va mehnat tajribasi, 120 nafarining esa imtihon ballari yetarli bo‘lmagan, 47 nafar talabgor imtihonda qatnashmagan.
Davlat kadastrlari palatasi hamda uning hududiy boshqarmalariga joriy yilning yanvar-sentyabr oylarida fuqaro va tadbirkorlardan jami 46 ming 667 ta murojaat kelib tushgan. Kelib tushgan jami murojaatlarning 23 ming 742 tasi ijobiy hal etilgan, 523 tasi tegishliligi bo‘yicha boshqa idoralarga yo‘naltirilgan, shu jumladan kelib tushgan 46 ming 667 ta murojaatning 45 ming 153 tasi muddatida yopilganini alohida qayd etish kerak.
Sh.Mamaturopova, O‘zA