English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
9 oyda 35,7 mlrd. dollarlik xorijiy investitsiya mablag‘lari o‘zlashtirilgan
12:25 / 2025-11-14

Bugungi kunda kambag‘allikni qisqartirish va aholi bandligini ta’minlash, shu orqali aholi turmush darajasini yanada oshirish mamlakat iqtisodiy siyosatining eng ustuvor yo‘nalishlaridan biridir. Bu borada xorijiy investitsiyalarni o‘zlashtirish va shu orqali yangi loyihalarni hayotga tatbiq etish, yangi ish o‘rinlarini yaratishga alohida e’tibor qaratib kelinmoqda.

Mazkur yo‘nalishda 2025 yilning yanvar-sentyabr oylarida 30,5 mlrd. dollarlik xorijiy investitsiyalarni o‘zlashtirish rejalashtirilgan. Amalda 35,7 mlrd. dollarlik mablag‘lar o‘zlashtirilgan.

Ushbu amalga oshirilgan investitsiya loyihalari doirasida umumiy qiymati 127,5 mingta yangi ish o‘rinlari yaratilgan. Yil yakuniga qadar hududiy investitsiya dasturlari doirasida 9 ming 868 ta investitsiya loyihasi ishga tushirilishi hisobiga 301,1 mingta yangi ish o‘rni yaratilishi kutilmoqda.

Bu haqda parlament quyi palatasining Tadbirkorlik, raqobatni rivojlantirish va sanoat masalalari qo‘mitasi hamda Kambag‘allikni qisqartirish borasidagi ishlarning holatini o‘rganish bo‘yicha ishchi guruhining kengaytirilgan yig‘ilishida aytib o‘tildi. Unda Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligining “Iqtisodiyot tarmoqlariga xorijiy investitsiyalarni jalb etishni kengaytirish orqali yangi ishlab chiqarish quvvatlarini yaratish, kambag‘allikni qisqartirish va aholi bandligini ta’minlash uchun investitsiyalarni jalb etish borasida joriy yilning to‘qqiz oyida olib borilgan ishlar to‘g‘risida”gi axboroti eshitildi.

Muhokamalar davomida mamlakatimizga kiritilgan jihoz va uskunalarni to‘liq ishlatmaslik, ajratilgan kreditlar va imtiyozlardan samarali foydalanmaslik holatlari tanqidiy tahlil qilindi. Shuningdek, ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar turlarini diversifikatsiya qilish bo‘yicha xorijiy tajribalarni o‘rganish hamda mahsulotlar tannarxini kamaytirish choralarini ko‘rish masalalari muhokama qilindi.  

Xalq vakillari xorijiy investitsiyalarni jalb etishni yanada kengaytirish, sanoat tarmoqlarini rivojlantirish, ishlab chiqarish quvvatlarini oshirish, investitsiya muhitini yaxshilash, hududlarning imkoniyatlaridan samarali foydalanish bo‘yicha bir qator taklif va tavsiyalar berdi.

Muhtarama Komilova, O‘zA