Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
9 oy davomida 1145 nafar fuqaro murojaat qilgan
14:29 / 2023-12-05

Navoiy shahridagi Ma’naviyat va ma’rifat markazida tibbiyot va farmatsevtika sohasida amalga oshirilgan ishlar hamda mavjud kamchiliklar tahliliga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.

Viloyat hokimi Normat Tursunov tizimda amalga oshirilgan ishlar haqida to‘xtalib, davlatimiz rahbari raisligida o‘tkazilgan farmatsevtika va elektrotexnika sanoatida ishlab chiqarishni yanada qo‘llab-quvvatlash, korxonalarning eksport salohiyatini oshirish masalalariga qaratilgan videoselektor yig‘ilishida berilgan topshiriqlar ijrosini ta’minlash maqsadida qilinishi lozim bo‘lgan chora-tadbirlar haqida so‘z yuritdi.    

Joriy yilning o‘tgan davri mobaynida tibbiyot sohasini yanada rivojlantirish va zarur tibbiy jihozlar xarid qilish uchun 733 milliard so‘m mablag‘ ajratilgan bo‘lib, uning 100 milliard so‘mdan ortiqrog‘ini mahalliy byudjet mablag‘lari tashkil etadi.    

So‘nggi 2 yil ichida 30 milliard so‘m mablag‘ evaziga 27 ta oilaviy shifokorlik punkti va oilaviy poliklinikalar qurilib, foydalanishga topshirildi. Xatirchi va Qiziltepa tumanlarida esa har birining umumiy qiymati qariyb 5 milliard so‘m bo‘lgan 2 ta oilaviy poliklinikaning qurilishi boshlangan.  

Yig‘ilishda 2023 yilning o‘tgan davri mobaynida birlamchi kasalliklarning 28,2 foizini nafas olish tizimi kasalliklari, 14,1 foizini ovqat hazm qilish a’zolari kasalliklari hamda 7,2 foizini yurak-qon tomir kasalliklari tashkil etayotganligi ta’kidlandi.  

Jumladan, nafas olish a’zosi kasalliklari Karmana tumanida 37,3, Navbahor tumanida 34,3 va Zarafshon shahrida 30,7 foizni tashkil etayotgan bo‘lsa, kasalliklar strukturasi bo‘yicha yuqori ko‘rsatkich Zarafshon shahrida qayd etilgan.  

Viloyatda tibbiy buyumlar, biologik faol qo‘shimchalar, galen dori vositalari va dorivor o‘simliklar yetishtiruvchi va qayta ishlab chiqaruvchi 7 ta korxona hamda 564 ta dorixona mavjud bo‘lib, ularning 250 tasi asosiy, 184 tasi filial hamda 130 tasi “Dori-darmon” AJga qarashli ijtimoiy dorixonalardir.  

Tadbirda sohaga oid murojaatlar ham atroflicha tahlil etildi. Jumladan, birgina Prezident Xalq qabulxonasiga 9 oy davomida 1145 nafar fuqaro murojaat qilgan. Murojaatlar Qiziltepa tumanida 29 taga, Konimex tumanida 16 taga, G‘ozg‘on shahrida 4 taga oshgan bo‘lsa, sog‘liqni saqlash xodimlarining xatti-harakatidan norozi bo‘lib yo‘llangan murojaatlarning asosiy qismi Navoiy shahar, Xatirchi va Karmana tumanlari hissasiga to‘g‘ri keladi. Shuningdek, dori-darmon bilan ta’minlash bo‘yicha Nurota, Navbahor, Xatirchi tumanlari, davolanish uchun order olish masalasida Nurota, Xatirchi tumanlari va Navoiy shahridan murojaatlar ko‘p yo‘llangan.  

Yig‘ilishda dori vositalari ishlab chiqarishni mahalliylashtirish va aholiga sifatli dori vositalarini yetkazib berish, tibbiyot muassasalari va shifokorlar orasida xavfsiz hamda aholi uchun moddiy jihatdan qulay dori-darmon vositalaridan foydalanish madaniyatini shakllantirish bo‘yicha topshiriq va ko‘rsatmalar berildi.    

A.Bo‘riyev,

O‘zA muxbiri