English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
9 milliard so‘mlik 421 mingdan ortiq noqonuniy tamaki mahsulotlarini yo‘q qilishda ilk bor ekologik usuldan foydalanildi
15:08 / 2025-12-16

Bugun, 16 dekabr kuni, Toshkent shahrining Yangihayot tumanida joylashgan zavodlardan birida noqonuniy muomaladan olib qo‘yilgan 421 500 quti tamaki mahsuloti yo‘q qilindi. Mazkur mahsulotlarning umumiy qiymati 9 milliard so‘mni tashkil etadi.

Bu galgi tadbir avvalgilaridan farqli ravishda ekologiya va atrof-muhitga salbiy ta’sirni kamaytirish maqsadida ilk bor maydalash usuli orqali amalga oshirildi. Ilgari tamaki mahsulotlari asosan yoqish yo‘li bilan yo‘q qilingan edi.

Ma’lum qilinishicha, ushbu tadbir uch yildan beri an’anaviy tarzda o‘tkazib kelinayotgan noqonuniy mahsulotlarni yo‘q qilish amaliyoti doirasida tashkil etilgan bo‘lib, huquqbuzarliklarning oldini olish va jamoatchilik nazoratini kuchaytirishda muhim ahamiyatga ega.

Yo‘q qilingan mahsulotlar Bojxona qo‘mitasining tezkor tuzilmalari tomonidan 6 ta holatda aniqlangan huquqbuzarliklar doirasida olib qo‘yilgan. Shuningdek, hozirda Bojxona qo‘mitasining “Bojxona-servis” omborlarida 450 ming qutiga yaqin tamaki mahsulotlari saqlanmoqda. Sud qarorlari qabul qilingach, ular ham belgilangan tartibda yo‘q qilinadi.

Tamaki mahsulotlari quyidagi sabablarga ko‘ra kontrafakt va sifatsiz deb topilgan. Qutisida tibbiy ogohlantirishlar, ya’ni tamaki iste’molining sog‘liqqa zarari haqidagi ma’lumotlar mavjud emas. Maxsus raqamli markirovka bilan belgilanmagan. Aksiz markalari mavjud emas.

Tadbirdan so‘ng jurnalistlar va blogerlar ishtirokida matbuot anjumani o‘tkazildi. Anjumanda Bojxona qo‘mitasi rahbariyati va mas’ul tuzilmalar vakillari tomonidan tamaki mahsulotlarining noqonuniy muomalasiga qarshi ko‘rilayotgan chora-tadbirlar haqida batafsil ma’lumot berildi.

Ma’lum qilinishicha, 2025 yil davomida qiymati 28 milliard so‘mga teng bo‘lgan 1 million 397 ming quti tamaki mahsuloti bilan bog‘liq 681 ta huquqbuzarlik holati aniqlangan.

Shahnoza Mamaturopova, O‘zA