Muzrabot korrupsiyadan xoli obod tumanga aylanadi
Surxondaryo viloyatining Muzrabot tumani hokimligida 9 dekabr – Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurash kuni munosabati bilan texnikum va umumta’lim maktablarining bitiruvchi yoshlari uchun uchrashuv tashkil etildi.

Unda tuman hokimi Abdulla Mamatqulov, tuman prokurori Islombek Xo‘jamurodov yoshlar bilan ochiq muloqot qilib, korrupsiyaning salbiy oqibatlari haqida fikr almashdi. Davlat va jamiyat taraqqiyotiga, xalqning adolatga bo‘lgan ishonchiga jiddiy putur yetkazadigan korrupsiya kelib chiqish xavfining oldini olish va unga qarshi kurashish yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar, tumanda olib borilayotgan islohotlar, kelgusidagi rejalar bilan tanishtirdi. Tuman hokimligida korrupsiyaga qarshi kurashish, boshqaruvdagi ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash yo‘lida aniq maqsadga yo‘naltirilgan chora-tadbirlar to‘g‘risida yetarli ma’lumot berildi. Ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga atroflicha javob oldi.


Tadbir yakunida o‘g‘il-qizlar hokimlik tizimi, bo‘lim va xodimlarning ish jarayonlari bilan yaqindan tanishib, davlat boshqaruvidagi shaffoflik, halollik va mas’uliyat bo‘yicha o‘z tasavvurlarini yanada boyitdi.
Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA