Mamlakatda tashkil etilgan saylov uchastkalaridagi saylovchilar ro‘yxatiga jami - 19 million 859 ming 127 nafar saylovchi kiritilgan. Shulardan, 9 million 459 ming 273 nafari yoki 48 foizi erkaklar, 10 million 399 ming 854 nafari yoki 52 foizi ayollar, 6 million 458 ming 283 nafari 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlar, ularning 887 ming 686 nafari saylovda birinchi marta ovoz beradi.
Xorijiy davlatlarda tuzilgan 54 ta saylov uchastkalaridagi saylovchilar ro‘yxatiga jami 299 ming 780 nafar saylovchi kiritildi.
“2021 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining davlat byudjeti to‘g‘risida”gi qonunga binoan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bilan bog‘liq xarajatlarni moliyalashtirish maqsadida Markaziy saylov komissiyasiga 300 milliard so‘m miqdorida mablag‘ ajratildi.
Okrug va uchastka saylov komissiyalarining faoliyatini tashkil etish uchun umumiy mablag‘ning 89 foiz miqdorida yoki 267,6 milliard so‘m, beshta siyosiy partiyalarning saylovda ishtirokini moliyalashtirish uchun 5 foiz miqdorida yoki 15,5 milliard so‘m, har bir siyosiy partiya uchun 3,1 milliard so‘mdan, Markaziy saylov komissiyasi tomonidan markazlashgan tartibda amalga oshiriladigan xarajatlar uchun 4 foiz miqdorida yoki 10,5 milliard so‘m, boshqa davlat organlari tomonidan saylov jarayonida amalga oshiriladigan tadbirlar xarajatlariga 2 foiz miqdorida yoki 6,4 milliard so‘m mablag‘ sarflanishi rejalashtirilgan.
N.Nasriyev,
O‘zA